Harbiylarga Prezident sovg‘asi
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 10 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida mudofaa ishlari xizmati sifatini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasiga "Saptiva" hamda tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlariga "Nexia" rusumli xizmat avtomashinalari olib berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov, Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni A.Saidov va viloyat hokimi T.Jo‘rayev avtomashinalarni tantanali topshirib, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida ta’kidlab o‘tdilar.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bizning xizmat vazifamiz ham takomillashmoqda, – deydi Toyloq tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Siddiqnazarov. – Ayni paytda bo‘limda xizmat mashinasi yo‘qligi bois harbiy xizmatga chaqiriluvchilar bilan o‘tkaziladigan targ‘ibot tadbirlarimizni tashkil etishda bir muncha qiyinchiliklarga duch kelardik. "Prezident sovg‘asi" – xizmat avtomashinalari har bir mahallaga borib, zimmamizdagi ishlarni samarali tashkil etishimizga xizmat qiladi.
Alisher ISROILOV.