Hasad nima? Illatmi yoki kasallik?
Hasad so‘zi ma’nosiga lug‘atlarda “kimsaning muvaffaqiyatini, ustunligi ko‘rolmaslik tuyg‘usi, g‘ayirlik, baxillik” degan izoh berilgan.
Xayoli buzuq kishi doimo, har kimga hasad qilaveradi. Ayniqsa, boshqalarday bo‘lolmayotganini sezgach, g‘ayirligi tutadi. Hasad aslida fikri ojiz kishida bo‘ladi. Fikri ojiz kishi esa savodsiz, ilmsiz bo‘ladi.
Hasad, nazarimda, tug‘ma kasallikka o‘xshaydi. Uni davolab bo‘lmaydi. Hayotimda bunga ko‘p guvoh bo‘lganman. Demak, hasad bilan tug‘ilish, hasad bilan yashash o‘sha bandaga Xudoning jazosidir! Unga bundan ortiq jazo berib o‘tirmang. Negaki, bir umr hasad bilan yashash xayolni ham, vujudni ham yeb, ado qiladi, yurakni doimo azobda ushlaydi. Hasadchi odamning rangi, yurish-turishi yoqimsiz bo‘ladi. Kishilar undan yiroq yurishni, tezroq qutulishni o‘ylab, “seniki ma’qul” qabilida yo‘l tutgani uchun u o‘zini doimo haq deb biladi.
Hasad qilinadiganlar ham hasad qilishar ekan. Aytishlaricha, hammaga muruvvat ko‘rsatadigan davlatmandlar ham barchadan ko‘mak oladigan gadolarga hasad qilishar ekan. Mabodo to‘g‘ri kelib qolsa, hasadgo‘y har qancha urinmasin, birovni yutug‘i bilan tabriklaganda o‘zining g‘arazli munosabatini sezdirib qo‘yadi. Negaki, hasad – bu ichki tuyg‘u, u xayolni shayton kabi tinimsiz g‘arazga chorlab turadi. Biror kishining harakati yoki gapidan nafratlansangiz, aytib, urishib qutulasiz, biroq hasadchi bilan murosa qilib bo‘lmaydi. Shoir Abdulla Oripov aytganidek, u mudom Sizning xato qilishingizni kutib yashaydi.
Hasadchi o‘zi hasad qilayotgan kishilarning asabi buzilishidan, ayniqsa taniqli shaxslarning obro‘sizlanishidan huzur oladi, quvonadi. Hasad to‘xtamaydigan, chegara bilmaydigan illat, hasadchining davosi faqat unga qonuniy chora ko‘rilishida.
Hasad aslida qalb uchun bexosiyat, zararli tuyg‘u, biroq hasadchi uni yurak taskini deb biladi. Hasadchi birovning qayg‘usidan lazzatlanadi. Shuning uchun ham halqimizda bunday nokaslarga to‘ning etagi tekkan bo‘lsa, etakning o‘sha bo‘lagini kesib tashlab qutulasan, degan fikr bor.
Eng yomoni, o‘z maqsadi yo‘lida hasadchi g‘iybatu tuhmat, yolg‘on, maddohlikdan, xullas, dunyodagi jamiki yolg‘onlikdan qaytmaydi.
Hasad tug‘ma illatga o‘xshaydi. Chunki yillar davomida hasadchilarning o‘zgarganini ko‘rmadim. Shuning uchun ko‘p hollarda hasadchilarga yutuqlarimni, quvonchli onlarimni, iloji boricha, oshkor qilmaslikka intilaman.
Luqmoni Hakim o‘z vaqtida shunday deb yozgan ekan: "Hasadchining uchta alomati bor: do‘sti yonida bo‘lmasa, uni g‘iybat qiladi, yonida bo‘lsa, tilyog‘lamalik qiladi, unga musibat yetsa xursand bo‘ladi".
Darvoqe, Qobusnomada ham “Agar yoru do‘st bo‘lmoqni tilasang, hasadlik bo‘lmagil”, deyilgan.
Xullas, hasadchidan ham, hasadchi bo‘lishdan ham barchamizni Xudo asrasin...
Farmon Toshev.