Hatto olimlar tushuntirib bera olmagan hodisalar

Tarixda shunday hodisalar bo‘lganki, hozirgi kungacha ularni hatto olimlar ham tushuntirib bera olmaydi va ba’zilari hali ham sir bo‘lib qolmoqda.

Raqs vabosi

1518 yilda Fransiyada odamlar tushunarsiz vasvasaga tushib qoldi. 400 ga yaqin kishi shahar ko‘chalarida tinimsiz raqsga tushardi. Ularning ko‘plari vafot etdi. G‘alati epidemiya tibbiyot yilnomalari va arxiv hujjatlarida tasdiqlangan.

Kelajakdan kelgan firibgar

2003 yilda Endryu Karlsin firibgarlikda gumon qilinib, hibsga olindi. Qisqa vaqt davomida u atigi 800 dollar sarmoya kiritgan holda 350 million dollar ishlab topdi. So‘roq paytida u o‘zini kelajakdan kelgan, deb da’vo qildi. Endryu to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2002 yilgacha hech qayerda bo‘lmagani bu jumboqni kuchaytiradi.

Perudagi qaynoq daryo

Janubiy Amerikadagi ushbu suv o‘zani Shanay-Timpishka, deb ataladi. Bu 80 daraja issiq haroratli daryo.

Ajablanarlisi, unga eng yaqin isitish manbai bo‘lgan vulqon 700 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Suv ostidagi shahar

Yaponiyaning Yonaguni oroli yaqinida taxminan 25 metr chuqurlikda aniq shakldagi xarobalar topildi. Ular orasida ibtidoiy qurollar va inson faoliyatidan dalolat beruvchi boshqa artefaktlar topilgan. Bu faktlarga tayanib, qurilgan binolar muzlikdan oldingi sivilizatsiyaga tegishli deb taxmin qilish mumkin.

Yer ustidagi naqshlar

Amazon o‘rmonlarida bir necha yuz geogliflar qayd qilingan. Ular taxminan 3 ming yil oldin yaratilgani va ehtimol, marosimlarga daxldor ekanligini taxmin qilingan.

Muzlagan qiz

1980 yilda Jin Xilliard muzlangan holda topildi. U butunlay muz bilan qoplangan edi. Shifokorlar uning o‘lganiga amin edi, ammo bir necha kundan so‘ng qiz “hayotga qaytdi”. Jin sog‘lig‘iga zarar yetkazilmagan holda kasalxonani tark etdi.

Arvoh-kema

1921 yilda “Kerroll A. Diring” nomli kema topildi. Unda oziq-ovqatdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Navigatsiya moslamalari, shaxsiy narsalar va boshqa buyumlar yo‘qolgan. Ushbu hodisa ham sirligicha qolgan.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.