Haydovchilar va piyodalar yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq vaziyatlar tasvirga olinayotgani yo‘q
Bugungi kunda Samarqand shahri va uning atrofida transport va yo‘lovchilar oqimini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu ishlarga Toshkent davlat transport universiteti hamda Jizzax politexnika instituti doktorant va magistrantlari jalb etilgan.
Ular o‘z tadqiqot ishlari davomida turli texnik uskunalar foto-video kameralar va planshetlardan foydalanmoqda.
Ushbu jarayonlardan bexabar bo‘lgan ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari esa vaziyatni noto‘g‘ri talqin qilib, haqiqatdan yiroq bo‘lgan yolg‘on axborotlarni tarqatmoqda.
Shundan kelib chiqib, tadqiqot ishlari davomida avtomobil haydovchilari va piyodalarning yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq vaziyatlar tasvirga olinmayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Foto-video kameralar va planshetlar yordamida yozib olingan ma’lumotlar faqatgina master reja tadqiqotlari doirasida foydalaniladi.
Olib borilayotgan tadqiqot ishlarining maqsadi Samarqand shahri transport tizimini istiqbolli rivojlantirish master rejasini ishlab chiqishdan iboratdir.
Samarqand shahri transport infratuzilmasini rivojlantirish, jamoat transporti faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan jarayonlarning har bir bosqichini bevosita http://samarkand-transport.uz sayti orqali kuzatib borish mumkin.
Qolaversa, Samarqand shahrining mukammal master rejasini yaratishda bevosita aholi vakillarini hamkorlikka chorlab qolamiz. Shahar transport tizimini yaxshilash borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalaringiz va takliflaringizni http://samarkand-transport.uz sayti orqali mutaxassislarga yo‘llang.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati.