Haydovchilik guvohnomasi “olib bermoqchi” bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Avvalroq, Payariq tumanida yashovchi fuqaro "ortiqcha sarsongarchiliklarsiz" haydovchilik guvohnomasini olib berish uchun 500 dollar talab qilib, 300 dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olingandi.

Bu galgi holat Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qo‘shrabot tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etilgan.

Aniqlanishicha, «G.A.» MChJga qarashli avtomaktab o‘qituvchisi S.X. fuqaro S.A.ga ushbu avtomaktabda o‘qiganligi haqida hujjat tayyorlab, haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan. Buning evaziga 700 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.