Hayot – bu nima? Baxt-chi?
Otam ishdan horib keldi-da, bizga qarab qo‘ydi. Enam otamga qaray-qaray, oldidagi choyni qaytardi. Otam qo‘lini nonga uzatgandan keyin enam dasturxonning chetini qo‘li bilan tekislay turib, sekingina:
- Zavraning kelini ketib qopti, - dedi.
- Nimaga ketibdi? – choy ho‘plab turib so‘radi otam.
- Ha, haligi..., - chaynaldi enam. – O‘tirish qilishi kerak ekan...
- Qorni to‘ygan-da! – dedi otam jahl bilan. - Yana nima kami borakan?
- Qizi o‘n birni bitirayotganmish, shunga tilla zirak...
- Qayoqdan chiqdi bu fikrlar? – yana tutaqdi otam. – Odam yeydigan nonini, ustidagi kiyimini o‘ylashi kerak.
- E-y-y, - enam ortiga chekindi.
- Sen ey, deysan! Manavi kalta o‘ylaydiganlar kunda gashtak, kunda o‘tirish qilishning o‘rniga bolasini o‘qitishni o‘ylashi kerak! Sen minam mening zamonimda shu sharoit bormidi? Odamlar zamon-zamon deydi. Zamonda nima ayb? Hayla, qirdagi Eshdavlat! Qizi bir yigitga teguvdi, xuddi och qolayotganday uyiga ob kelib oldi. Bu nima qilgani, tushunmaysan?! Xudoyim taolo aytgan-ku, bir yigitga – bir qiz deb! Buni ajratganingmanam nimaga erishding? Nikoh o‘qilayotganda xudoning nomi qo‘shib o‘qiladi. Bu chalasavodlar xudoning ishiga qarshi chiqadi. O‘zi umrida bitta kitob yoki bitta gazet o‘qimagan. G‘irt chalasavod, ma’rifati yo‘q odam. Undan nima kutsa bo‘ladi – hech narsa!
Otam bor jahlini enamga sochadi. Enam hamma narsaga o‘zi aybdorday, “to‘g‘ri, to‘g‘ri” deb, dasturxonning chetini siypalab o‘tiradi. Otam turib-turib, noskadisini qidirib qoladi. Men po‘stakning tagida do‘ppayib turgan narsani olib uzataman. Otam jahl bilan nos otadi. Biroz vaqtdan keyin derazadan tuflaydi-da, qo‘liga choy oladi. Otam og‘zini chayib, yana davom etadi:
- Kechqurun hamma xona-xonasiga kirib ketadi. O‘g‘li o‘zining uyiga, Eshtov o‘zining uyiga..! Bu – bir mushtday bolasiminam bir xonada qoladi. Bu bir o‘zi yolg‘iz. To‘g‘rima, shu ish?! Endi bu dunyoni buzadi, mahallaga boradi izillab... Mahalla nima qilsin? Bersa, bir xalta un, ikki kilo moy beradi. Keyin-chi? U yana yolg‘iz. Hech narsaga chidayolmaydi. Keyin hokimiyatga chiqadi. Nima, hokimiyat unga er topib berish kerakma? Bir yigitga bir qiz choy qaynati-ib, shiringina ovqatini qilib tursa, bundan ortiq baxt borma dunyoda! Endi shu narsa yo‘q bo‘lgandan keyin, ayol dunyoni buzadi-da!
Enam “o‘ling-yey!” deganday, otamga qaraydi. Men hayron, hech narsaga tushunmayman.
- Haliyam bo‘lsa, shu singilni turmushga uzatish kerak! Bir o‘zi arosatda qiynalib qoladi.
Enam otamga qaraydi, otam enamga. Men bola boshim bilan hech narsaga aqlim yetmaydi. Nimaga shu Eshtov boboning xotini qizini ajratib keldi? Qizining o‘g‘li ham so‘rrayib, sakkizinchi sinfga yetdi, otasi yo‘q. Bu kimga kerak?
Kir yuvish vaqti otam ko‘ylagini yechadi. Otamning badanini ko‘rib, qo‘rqaman. Ikki biqinida ikki chandiq, chap qo‘lining tirsagidan yuqori qismidan mushtday joyini o‘q yulib ketgan.
- Qo‘rqma, qo‘rqma, bolam, - yupatadi otam. – Fashist o‘ldiraman degan, qo‘lidan kelmagan-da. Endi o‘ylasam, dushmanning har bir o‘qi odamga katta kuch bilan urilgan, lekin xudoyim asragan-da. Emasa, shuncha minglab o‘qlar, minalardan omon qolish osonma!
Otamning o‘q yulib ketgan joyiga kichkina mushtimni qo‘yaman. Loppa-loyiq keladi. Keyinchalik O‘tkir Hoshimovning “Muzaffar” hikoyasidan o‘qib bilishimcha, otam kabi yarador jangchilar minglab, millionlab bo‘lgan. Otam faqat “qo‘rqma”, deydi. Yana otamning oyog‘i son qismida ham o‘q izlari bor.
Hayot – bu nima? Bitta ko‘ylak yoki zirak uchun janjal qilish shartmikan?
- Hakkarning dashtida kechasiminan, oydinda bir gektar yerning bug‘doyini o‘rsin, keyin biladi ro‘zg‘or nima, non nima? Oddiy nonning qadrini bilmasa, ro‘zg‘orning qadrini bilarmidi?
Otam choy ho‘plab, shiftga qaraydi va davom etadi:
- Saratonning avji. Bug‘doy shig‘illab pishgan. Vaqtida o‘rib olmasang, nobud bo‘ladi. Issiqdan hammayoq qurib-qaqshagan. Kuni bilan o‘roq o‘rib, holing ketadi. Bir kosagina issiq ovqat kerak. Qani shu ovqat? Olov yoqib, ovqat pishirish mumkin emas, pojar bo‘lib ketadi. Issiqda qurib qolgan chakkini suvga solib, chalob qilib ichamiz. Harna oshqozonga amal. Ammo bir kosa piyova yoki sho‘rva juda kerak-da. Chidaysan, atrofingdagilarning hammasi shunday. Hafta, o‘n kunda bir marta brigadir uyga javob beradi. Kelsam, enam zig‘ir moyga piyozni qovurib, xamir solib beradi. Eng zo‘r ovqat shu! Ancha quvvatlanasan. Ertasi kuni Hakkarga, o‘rimga borsang, hamma senga havas qiladi: “Vo-o, bu issiq ichib kelgan-da”, deb. Hozirgiday bir kilo go‘sht qayerda, shira qayerda? Quturasan-da baring!
Men qo‘rqib enamga qarayman, enam boshini ko‘tarmaydi.
- Endi Zavra nima qiladi? – enam yerga qaragancha gapiradi.
- Momosining mayloviga ham bormaydi, - dedi otam. - Boshiga dostiq qiladi qizini!
Men yana tushunmay, enamga qarayman. Enam yerga qaraydi va dasturxon chetini siypalaydi. Baxt – o‘zi nima? Yosh bola boshim bilan hech narsani tushunmayman...
Siz tushunasizmi?
Boborahmat Muhammadiyev,
Nurobod tumani.