Hayot tarzi va yurish-turishi boshqalardan butunlay farq qiladigan xalqlar
Gohida ularning hayoti ilmiy-fantastik romanlar parchalaridan olingandek tuyuladi.
Afrikada erkaklar o‘rtasida go‘zallik tanlovlari o‘tkazadigan bir qabila bor. Ishtirokchilar yorqin ranglarda bo‘yanib, chiroyli kiyinadi, qizlardan iborat hakamlar hay’ati ularning eng yaxshilarini tanlaydi. Kavkazdagi tog‘li qishloqda esa dunyodagi eng baxtli odamlar yashaydi.
AdMe.ru. sayti esa turli etnik guruhlarning qiziq an’analari haqida yozishni yaxshi ko‘radi.
Vodaabe
Bu elat Markaziy Afrikada yashaydi va o‘zini dunyodagi eng jozibali xalq deb biladi. Bundan tashqari? birinchi navbatda bu yerdagi erkaklar uchun tashqi go‘zallik juda muhim. Vodaabening Gerevol nomli festivali bor, unda yorqin bo‘yangan, rang-barang patli libos kiygan yigitlar o‘zlarining tashqi fazilatlarini ta’kidlab, qabila ayollarida yaxshi taascurot qoldirish uchun raqsga tushishadi.
Shu bilan birga Vodaabe vazminlik va kamtarlikni juda qadrlaydi. Masalan, kunduz kuni er va xotin odamlar oldida bir-birining qo‘lini ushlash u yoqda tursin, hatto gaplashishi mumkin emas.
Korovaylar
Yangi Gvineyada yashovchi papuaslarning bu etnik guruhi o‘z uylarini 50 metr balandlikdagi daraxtlarda qurish bilan mashhur. Ular hali ham tosh asrida yashaydi: metalldan foydalanmaydi va qishloq xo‘jaligi haqida deyarli ma’lumotga ega emas. 1970 yillargacha korovaylar yaqin atrofdagi qo‘shni qabilalaridan boshqa hech kim bilan aloqada bo‘lmagan, ular hatto dunyoda boshqa xalqlar yo‘qligiga shubha ham qilmagan.
Bu xalq kannibalizm bilan shug‘ullangan. Antropologlarning fikriga ko‘ra, o‘tmishning bu qoldig‘i hozirda yo‘q qilingan. Biroq xalq vakillari sayyohlarni jalb qilish uchun qadimgi an’analar hali ham saqlanib qolganligi haqidagi afsonani faol qo‘llab-quvvatlaydi.
Kxasi
Bu sirli xalq Hindistonda yashaydi. Kxasi matrilineallik (onalik nasli)ni saqlab qolgan: to‘ydan keyin er yashash uchun xotinining uyiga keladi, mulk esa oiladagi kenja qizga meros bo‘lib o‘tadi. Nikohlar va ajrashishlar o‘zaro kelishuv asosida va juda oson hal etiladi. Er-xotin ajralgan taqdirda erkak onasining uyiga qaytadi.
Moso
Xitoyda yashovchi bu xalq ham matriarxal sifatida tasvirlanadi. Farzandga sulolalar urug‘-aymoqchiligi ona nasli orqali o‘tadi. Moso nutqida ishlatiladigan so‘zlar ichida “ota” va “rashk” so‘zlari yo‘q. Kuzatishlar ayollarning erkaklarga qaraganda jismoniy jihatdan kuchliroq ekanligini ko‘rsatdi.
Ba’zi ma’lumotlarda Moso erkaklarining hech qanday vazifasi yo‘q, ular kun bo‘yi dam olishadi, deyilgan. Biroq bu mutlaqo noto‘g‘ri: ular mol boqadi, baliq ovlash, yer haydash bilan shug‘ullanadi, hatto ibodat qilib, qurbonlik marosimlarilarda qatnashadi.
Hinaluqlar
Hinaluq xalqi Ozarbayjonning baland tog‘larida uchraydi. Bu etnik guruh vakillari asosan dengiz sathidan 2 ming metrdan ortiq balandlikdagi Hinaluq qishlog‘ida yashaydi. Ular Nuh alayhissalomning kemasi to‘fondan keyin aynan shu yerda qo‘ngan, degan afsonaga ishonishadi va o‘zlarini Nuhning bevosita avlodlari deb hisoblaydi. Hinaluqliklar juda yakkalanib yashaydi va faqat o‘z qabiladoshlari bilan turmush qurishga harakat qiladi. Asosiysi, ular o‘zlarini dunyodagi eng baxtli odamlar deb bilishadi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.