Hayotga qaytish
Egamberdi Eshboyevning ushbu “Hayotga qaytish” asari xalq tilida moxov deb ataladigan xastalikka yaqin o‘tmishdagi munosabat, shu xastalikka chalinganlar uchun “borsa-kelmas” shifoxonalar, u yerdagi sharoit, odamlarning qarashlari va bu munosabatni shifokor sifatida o‘zgartirishga qo‘shgan hissasi haqida.
Afsuski, garchi “moxov” xastaligi allaqachon qayd etilmayotgan bo‘lsa-da, haliyam aholining teridagi oq dog‘lardan vahimaga tushishi va buni yashirishi haqida olimning o‘z izlanishlari asosida yozilgan asarni o‘qib, bu haqda ko‘p yangiliklarni olish mumkin. Asar katta bo‘lsa-da, undagi ma’lumotlar ko‘pchilik uchun yangilik hamda real bo‘lgani uchun o‘quvchilarga qism-qism shaklida uzatishga qaror qildik.
Muallif haqida: Egamberdi Eshboyev 1958 yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Tibbiyot fanlari doktori, professor. 370 dan ortiq ilmiy maqolalar, shu jumladan, bir qancha darsliklar “Teri va tanosil kasalliklari”, “Mikrobiologiya, virusologiya, immunologiya”, “Mikrobiologiyadan amaliy mashg‘ulotlar” hamda “Urogenital etiologiyali reaktiv artritlar”, “Ular endi borsa-kelmas”ga yuborilmaydi”, “Moxov tayoqchasining qurbonlari” kabi kitoblar muallifi.
Bosh leprolog sifatida Hindiston, Nepal, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Turkiya kabi chet davlatlarda leprologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzalar bilan chiqishlar qilgan. Hozirda u Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi laboratoriya mudiri, Toshkent vaksina va zardoblar institutining professor-konsultanti lavozimida ishlab kelmoqda.
1-qism
O‘shanda institutni tugatib, ishga kirganimga bir-ikki yil bo‘lgandi, xolos. Asosiy ishim vrach-laborantlik, har kuni mikroskop bilan ishlayman, laboratoriya tashxisini qo‘yaman. Ishim o‘zimga juda yoqardi. Ba’zan mikroskopning ichiga sho‘ng‘ib ketganday tikilib, mikroblarni izlardim. Shunda o‘zimga-o‘zim bu indamas va oddiy ko‘z bilan ko‘rinmas zarrachalarda gap ko‘p, deb aytardim. Yuqib qolsa bormi, manaman deydigan pahlavonni ham sindiradi, bukadi.
Xayol surib o‘tirgandim, institut direktorining kotibasi laboratoriyaga kirib qoldi. Salomlashdi-da, sizni rahbar chaqirayapti, dedi, bir zumda direktorning qabulxonasiga bordim. Ichkarida bir necha bo‘lim rahbarlari, professorlar nimanidir hal qilishyapti, ovozlari baland chiqardi, xullas, tortishuv avjida edi. Besh-o‘n daqiqadan so‘ng meni ham chaqirishdi. Katta olimlar va rahbarlarni ko‘rib arang salom berdim. Shunda direktor:
- Salomat bo‘lgin, bolam, mana bu yerga o‘tir. Shifokorlik qasamini ichganmisan?
- Ha.
- Vataningni sevasanmi?
-Ha, albatta...
- Bo‘lmasa senga bitta topshiriq bor, moxovga chalingan yangi bemorni moxovxona (leprozoriya)ga olib borasan, biz senga hamma sharoitni yaratib beramiz. Ertaga ertalab yo‘lga tushasizlar. Xo‘p, bolam senga ruxsat, sog‘ bo‘lgin, rahmat.
Bir-ikki soatlardan so‘ng bilsam, mendan oldin 3-4 ta yosh davolovchi shifokorlarni ham chaqirishgan ekan. Birontasi rozi bo‘lmabdi. Hatto kerak bo‘lsa bo‘shash haqida ariza ham yozib berishibdi. Bu voqealardan xabardor bo‘lganimdan sovuq ter qopladi. Esimda, to‘rtinchi bosqich talabalik paytimda bir tatar millatiga mansub professor moxov kasalligi to‘g‘risida ma’ruza o‘qigandi. Shunda u kasallik yuqumli, hanuzgacha tayinli davosi yo‘q, shuning uchun ham ular bir umr moxovxonalarda saqlanadi, degandi. E, ha, gap bu yoqda deng. Lekin, hammaning oldida va’da berdim, demak, boraman.
Ertasiga ertalab saharda moxovxonaga jo‘nab ketdik. Surishtirib-surishtirib u joyni ham topdik. Moxovxona katta yo‘ldan 10-12 kilometr ichkarida, toqqa yaqin joyda shinam daraxtzorlar ichida joylashgan ekan. To‘g‘risini aytsam, men moxovxona dala-dasht, cho‘lda joylashgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim.
Borganimizda, moxovxonaning bosh shifokoriman, deb o‘zini tanishtirdi uzun bo‘yli shifokor. Kasalxonaning tashqarisi yam-yashil o‘tzor, daraxtzor bo‘lishiga qaramasdan, binoning ichkarisi xarob, eshik derazalari singan, xonalarning o‘ziga yarasha yoqimsiz hidi bor edi.
- Marhamat, bemorni qabul qilib oling, so‘ngra biz qaytamiz, - dedim bosh shifokorga qarab.
-E, do‘xtir shoshmang, bu yerda men ham bosh shifokor, ham oddiy shifokorman, boshqa do‘xtir yo‘q. 20 dan ortiq bemorlar bor, ularning sizda gapi bor ekan. Klubga yuring, bemorlar sizni kutib o‘tirishibdi.
Uni-buni bahona qilib jo‘nab qolmoqchi edim, bir mo‘ysafid oqsoqolli bemor chiqib, meni ichkariga taklif qildi.
- Bolam, bizning ham dardimizni eshiting, kattalar bu joyga hech qachon kelmagan, kelmaydi ham, hech bo‘lmasa aytib boring. Kuchimiz, quvvatimiz borida Sharof otagacha murojaat qilganmiz, bir oz o‘zgarish bo‘ldi, endi mana yana 20-30 yil vaqt o‘tdi. Atrofga qara, hammayoq xonavayron bo‘lgan, o‘tirganlarning yarmi ko‘r, qolganlari mayib-majruh. Bu ayol To‘xtaxon, asli toshkentlik. To‘qqiz yoshida kasalxonaga tushgan, turmushga chiqmagan, ikki ko‘zi so‘qir, salkam oltmishni urib qo‘ydi. Mana bu erkak - Yusufjon Xorazmning Gurlanidan, yigirma yildan beri shu yerda, bir oyog‘i shol bo‘lib qolgan, kamlik qilsa, jigari shishib serrozni ham orttirgan. Mana bu o‘ris Astraxandan kelgan. Ismi Sasha, na uyi bor, na oilasi. Mana bu inson Lim aka, asli Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasidan, bolaligida olib kelingan, na o‘rischani, na koreyschani biladi, o‘zbeklashib ketgan. Ikki qo‘li akashak, oyoqlarining deyarli barcha barmoqlari ilvilab tushib ketgan. Derazaning yonida qiyshayib o‘tirgan odam Tojikistonning O‘ratepasidan kelgan, yonidagi ayol esa uning xotini - Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irotidan, men esa Qashqadaryoning Shahrisabz shahridan bo‘laman. Kimlar bu yerda tutqunlikda umrini zavol qilmadi? Ko‘rib turibsan, kasalxonaning darvozasi oldida bittagina qorovul bor, xolos, go‘yo chiqib ketsang seni hech kim ushlay olmaydi. Ammo qayerga borasan, o‘zing yarimjon bo‘lsang basharang qiyshayib, qo‘l-oyog‘ing akashak bo‘lib yotsa. Tug‘ilib o‘sgan uyingga o‘z aka-singling sig‘dirmasa, chunki sening peshonangga “moxov” degan tamg‘a bosilgan bo‘lsa. Bularning ko‘pchiligi aslida bolaligida kasallikka chalingan, uy-joyini qavmu-qarindoshlarini yaxshi bilishmaydi. Kasallikka qarshi qilinadigan solyusulfon degan dori bor, undan kamida 20-30 kurs, kerak bo‘lsa 40-50 kurs davo olishing kerak. Kamdan-kam odam bunga bardosh beradi. Ko‘pchilik kasallikdan yoki uning asoratidan o‘lib ketadi. Lekin chidab bersang yashayverasan. Endi men bilan yur, hovliga chiqamiz.
Barcha bemorlarga sabr-toqat va sog‘liq tilab hovliga chiqdik. Qarangki, ro‘paramizda beshta juda katta daraxt qad ko‘tarib turardi. Avvaliga sada deb o‘yladim. Keyin qandaydir dekorativ daraxt deb tushundim. Birozdan so‘ng bemorning o‘zi gap boshladi:
- Bu tol daraxti, ha bolam, bu o‘zimizning oddiy tol. Lekin unga bu yerda yotgan yuzlab bemorlar o‘z dardlarini yoyib aytishgan. Tagida yosh juvon ayollar ertalabgacha yig‘lashgan, hatto o‘zlarini o‘ldirishga imkon izlashgan. Bemorlarning hasratlarini eshitaverib, ko‘raverib, bu daraxtlarning sog‘ joyi, ya’ni tekis tanasi qolmagan. Qaragin, butun tanasi, shox-shabadasi qiyshiq, xuddi minglab ilonlar chirmashib daraxt dunyoga kelganday go‘yo. Aslida unday emas, bu yerda yotgan bemorlarning dardini, hasratini ko‘raverib daraxt shoxlari, ularni bag‘riga olgan. Butun tanasi qiyshayib ketsa-da, hovliga soya solib turibdi. Bizning esa hatto soyamiz hech kimga kerak emas. Shunchalik jirkanishadiki, hatto odam bolasi ekanligimizni unutishadi. Xo‘sh, bu baloni qanday to‘xtatsa bo‘ladi? Nahotki, bugungi kelgan yangi bemor ham, bir umr tutqunlikda shu joylarda o‘tsa, yosh ekan, juvonmarg bo‘lib ketadi. O‘rislar, amerikaliklar hatto osmonni zabt etib, kosmosga oyga uchishmoqda. Nahotki, moxov degan baloni davolab bo‘lmasa. Chet elda hech qanday leprozoriyalar yo‘q deb eshitamiz. Faqatgina bizda leprozoriyalar bor ekan.
Yana aytib qo‘yay, Sobiq Ittifoq hududida 20-25 dan ortiq leprozoriyalar bo‘lgan, ularning hammasida V.I.Leninning haykali bor. Avvallari shu haykalning tagida ertalabki yig‘ilish bo‘lardi. Ho‘v, anavi haykalning hamma yog‘i sinib, teshilib bo‘lgan. 70 yildan ortiq shu odamga ishonib yashadik. Lekin mana, ko‘rib turibsan, o‘zi ham, biz ham bu joylarda xarob bo‘ldik.
Bizni kutib turgan san.aviatsiya mashinasiga yaqinlashganimizda moxovxonaning bosh shifokori gap boshlab qoldi:
- Hurmatli mehmon, siz biz tomonlarga birinchi bor kelishingiz, aytib qo‘yay, bemorlar har narsani valdirayveradi, hammasining nogironlik nafaqasi bor, biz ham kuniga 3-4 mahal issiq ovqat beramiz. Ularning ko‘pchiligi dalada qo‘y-mol boqishadi, hech bo‘lmaganda kurka-tovuqlari bor. Bularning o‘zi shunaqa tabiatli, faqat kamchilik ulashadi, shikoyat qilishadi, hatto tez-tez yumaloq xat ham yozib turishadi. Ammo osmon uzilib yerga tushgani yo‘q.
Bosh shifokor bilan ham iliqqina xayrlashdik.
Mashina Toshkent tomon shuvillab uchib bormoqda. Haydovchi tajribali ekan, mashinani yaxshi haydadi. Hatto meni yashab turgan uyimgacha olib borib qo‘ydi. Qani endi tezroq tong otsa, shuncha yo‘l yurganim bilan charchoq hissi yo‘q edi. Tezroq ko‘rgan-bilganlarimni hamkasblarimga aytgim kelardi. Ammo ertasiga unday bo‘lmadi, ko‘pchilik eshitish, tinglash o‘rniga ularda umuman teskari his-hayajon bor edi. Direktor ham betob bo‘lib qolibdi, bosh shifokor bo‘lsa, yaxshi borib kelibsan, deb miyig‘ida kulib qo‘ya qoldi. Men bo‘lsa dardimni kimga aytishni bilmasdim.
Oylar, yillar o‘ta boshladi, to‘g‘risi, moxovlar haqida hech kim lom-lim demasdi. Men ham ilm bilan shug‘ullanib, ularni mutlaqo unutdim. Dissertatsiya tashvishida hali Moskva, hali Olmaota shaharlariga safarga borardim. Rossiyaning juda ko‘p shaharlarida bo‘ldim. Va nihoyat 1990 yilning 17 dekabr sanasida ilmiy ishimni Moskva shahrida muvaffaqiyatli himoya qildim. Oradan 8-9 oy o‘tmasdan shunday katta davlat Sobiq Ittifoqqa aylandi, ya’ni, parchalanib ketdi.
Direktor ham, boshqa ko‘pgina xodimlar ham boshqa millat vakili ekanliklarini ro‘kach qilib, O‘zbekistondan boshqa davlatlarga ko‘chib ketishdi. Yana yangi rahbar keldi, u endi mahalliy kadrlardan edi. Kunlardan birida safarga birga borib qoldik. Samarqand tomon yengil avtomobil uchib bormoqda. Amir Temur darvozadan o‘tib, eng baland tepalikka yetganimizda direktor gap boshladi.
- Uka, chap tomonga qarang, mana shu qir-adirlarning nihoyasida tog‘lar etagida moxovxona bor. Moxovlarni ko‘rganmisiz? Bular juda yozuvchi bo‘lishadi, vaqti kelganda o‘z otasini ham ayamaydi. Qolaversa, ularni yuqoridagi rahbarlar ham xush ko‘rishmaydi. Men moxovlar kattasini yaxshi taniyman u asli Tojikistonning O‘ratepasidan. Lekin moxovxonani egallagan, ablah, na bosh shifokor, na hokim unga qarshi lom-lim deyolmaydi. Aytib ko‘rsinchi, bir zumda ularning ustidan “yumaloq” xat yozishadi. Moxovlarga u dunyo, bu dunyo baribir bo‘lib qolgan. Bekorga ularni tutqunlikda ushlashmaydi. Kasallik juda yuqumli, ko‘pchilikning qoni buzilgan. Bu joydan sal chetroq yurish kerak.
Moxovlar to‘g‘risida keyingi yillarda eshitgan oxirgi gaplarim shu bo‘ldi. Qarangki, mening bu hamrohim ham rahbarlikda uzoq ishlamadi. Ikki-uch yil o‘tmasdan o‘rniga yangisi keldi. Yillar oqqan suvday bo‘lib oqib o‘taveradi. Allaqachon doktorlik ilmiy ishimni boshlab yubordim. Ustozim professor To‘xtasin Soliyev asli farg‘onalik bo‘lib, juda muloyim va madaniyatli kishi edi. Yoshu-qarining hammasini sizlab gapirardi. Ertalabki yig‘inda hamma uning so‘zlarini intiqib eshitardik. Biron marta yo‘g‘on yoki qattiq ovozda gapirmasdi. Haqiqiy olimlik uning yuzlariga yozilgandi. Umri bino bo‘libdiki, hammasini ilmga sarfladi. Ayniqsa, uning boshidagi oppoq qalpog‘i, yengidagi silliq qilib dazmollangan xalati va bo‘ynidagi fonendoskop unga shunchalik fayz berardiki, ko‘rib havas qilardingiz. Bemorlar bilan suhbatlashganida ko‘zidan nur yog‘ardi. Ba’zan xonasida o‘tirib, bir piyoladan choy ichardik. Men undan to‘lqinlanib yangidan-yangi kuch g‘ayrat olardim.
Egamberdi Eshboyev.