Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari
6-qism
Bir haftadan so‘ng Respublika bo‘ylab uch oylik safarga yo‘l oldim. Bemorlarning tirigini bittalab, vafot etganlarning esa aka-uka, opa-singlisidan tortib, bola-chaqasigacha, hammasini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdim. Bemorlarning ko‘pchiligi yaxshi kutib oldi. Ayrimlari aksincha, oldiga solib, haydadi. Vaqt kelib, ularning hammasi bilan oshna-og‘ayni bo‘lib ketdik.
Uch oylik safar menga juda katta ham amaliy, ham nazariy tajriba bo‘ldi. Kitobda, hisobotlarda yozilgan ma’lumotlar boshqa ekan. O‘z ko‘zing bilan ko‘rib, o‘z qulog‘ing bilan eshitganim juda ko‘p sir-asrorlarni ochib tashladi. Moxovga chalingan bemorlarni tutqinlikda saqlash, ularni davolash, davolashning samarasi bormi-yo‘qmi, bularning hammasini butun vujudim bilan tushuna boshladim. Ayniqsa, qashqadaryolik bemor Abdulla aka kuyib-yonib ichida o‘ylab yurganlarini hammasini aytib berdi.
– Bolam, - deb gap boshladi. - Bemorlardan hech qanaqa rozilik so‘ralmagan, moxov bo‘ldingmi, tamom, sen bir umr moxovxonada yotasan. Mabodo ayol kishi homilador bo‘lib, moxovxonaga tushsa, farzandi dunyo yuzini ko‘rishi bilan go‘dak onadan ajratib olingan va maxsus bolalar uyida tarbiyalangan. Maktab yoshidagi bolalar esa moxovdan tug‘ilgan farzand sifatida alohida maktab internatlarda yashab, ham o‘qishgan. Ko‘z oldingizga keltiring, dunyoda biron bir boshqa kasallikka chalingan bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari bilan shunaqa munosabatda bo‘lishganmi? Albatta yo‘q.
O‘ylanib qoldim, nimaga bemorlar bilan shunchalik shafqatsizlik bilan ish tutishgan. Abdulla akaning moxov bo‘lganiga o‘ttiz yildan oshgan ekan. Shuning yigirma yilini moxovxonada o‘tkazgan. Uning ikki ko‘zining pastki qovoqlari osilib qolgan. Ko‘zlariga tik qarashga seskanadi kishi. Yuzi qiyshayib, og‘zining pastki labi ham osilib yotardi. Gap so‘zlariga tushunish qiyin edi. Oldimda ikki qo‘l va oyoqlarining barmoqlari qiyshayib, kalta bo‘lib qolgan past bo‘yli nogiron odam turardi.
- O‘tgan asrning 30-40 yillari hech kimni ayab o‘tirmagan, - deb gapini davom ettirdi Abdulla aka. - Tashxis qo‘yildimi, tamom, qolgan umring moxovxonada o‘tadi. O‘lsang, moxovlar uchun belgilangan qabristonga ko‘milasan.
Turmushga chiqish yoki uylanish marosimlari har ikki tomonning kelishuvi asosida amalga oshirilgan. Ba’zan bemorlarning ayrimlari eskichasiga nikoh yo‘li bilan ham turmush qurishgan. Ko‘pchiligi nogironligi tufayli so‘qqabosh o‘tgan. Teskarisi qo‘shxotinlik ham uchrab turgan. Uzoq-uzoq yurtlardan olib kelingan bemorlar o‘z dini, millati va e’tiqodi asosida oila qurganlar.
Moxovxonada bemorlar uzoq vaqt yashaganligi uchun ayrimlari jinoiy ishlarga ham qo‘l urgan. O‘g‘irlik qilish holati ko‘p uchragan. Bemorlarnnig ayrimlari kasalxonadan doimo qochib ketib turgan. Ba’zilari umuman tag-tugi bilan yo‘q bo‘lib ketishgan. O‘z joniga qasd qilish, ayniqsa, tomirlarini kesish yoki o‘zini osish yiliga 1-2 ta uchrab turardi. 3-5 foiz bemorlar orasida ruhiy xastaliklar, ya’ni jinnilar ham bor edi. Jinoiy javobgarlikka tortilgan bemorlar Rossiyaning Astraxan shahridagi maxsus turmaxonaga jo‘natilgan.
-Eee, bolam, biz chekkan azoblarni hech kimning boshiga tushmasin, - deya suhbatini davom ettirdi bemor. - Men bu ishxonada qorovul bo‘lib ishlayman. Eski traktor, temir-tersakdan boshqa hech narsa yo‘q. Xo‘jayinning ozroq qarindoshlik joyi bor, bo‘lmasa meni kim ishga olardi. Buqa boqaman, uyga kam boraman kunim deyarli shu joyda o‘tadi. Sen bolam “tog‘dan tushgan” odamlar bilan uchrash. Yuqoriroqda Isoq degan mo‘ysafid feldsher bor. Ana shu do‘xtir bu atrofdagi barcha bemorlarni ko‘zidan taniydi. Hammaning manzili va familiyasini yoddan biladi. Bir soatlar chamasi Abdulla aka bilan suhbatlashdik, sumkamdan olib unga mayda-chuyda sovg‘a va biroz ishlatib turasiz, deb pul ham berdim. Boshi osmonga yetdi.
Isoq feldsherda haqiqatan ham gap ko‘p ekan. U kishi avval “tog‘dan tushgan” odamlar kimligini tushuntirib berdi. Qarang, inqilobdan keyingi yillari Tojikiston va Urgutning tog‘li hududidan ko‘plab aholi quloq qilib Qashqadaryoning Kitob tumani va Shahrisabz shahriga ko‘chirilgan ekan. Bemorlarning asosiy qismi shular orasidan qayd qilingan. Ertasi kuni Isoq feldsher bilan tirik moxovlarning hammasini ko‘zdan kechirdik. Agar feldsher bo‘lmaganda ularning birontasining ham uy-joyini topa olmas edim. Ayrimlarining ism-familiyasini tasdiqlovchi hujjatlari ham yo‘q edi. Ba’zilari qochib chiqqan, ba’zilari esa O‘zbekistondan tashqaridagi boshqa leprozoriyalardan kelib qolishgan ekan. Isoq feldsherning tushuntirishicha, bitta oila vakillaridan 1-2 ta, ba’zan 3-4 tasi moxovga chalinishgan. Bu holat 20-30 ayrim paytlari 50-60 yil davomida kuzatilgan.
Bu ma’lumotlar asosida kelajakda ilmiy ish qilish mumkinligini hisobga olib qo‘ydim. Isoq feldsher qolgan viloyatlarda ham kim bilan uchrashib maslahat olishni uqtirdi.
Qiziq, Surxondaryoda ham bemorlar asosan tog‘li qismidan, ya’ni Denov va Sariosiyo tumanlari hududlaridan aniqlangan ekan. Termiz shahri, Termiz tumani, Angor, Jarqo‘rg‘on va Muzrabod kabi janubiy cho‘l hududlaridan deyarli bemorlar qayd qilinmagan. Eng muhimi, bemorlarning asosiy qismi tog‘lik bo‘lib, tojik millati vakillari edi. Denovlik 80 yoshdan oshgan bemor uyida nogironligi tufayli yotib qolibdi. Kasallikning asorati oqibatida tanglayi teshilib og‘zi bilan burun bo‘shlig‘i birlashib ketibdi. Moxovning ikki farzandi – bir o‘g‘il, bir qizi bor ekan. Otasi tufayli ular oila qura olmabdilar. Ikkalasi ham ishsiz, ota-onasining nafaqa puliga kun ko‘rar ekan. Tog‘li joy, menimcha ikki farzand, hatto maktab eshigini ko‘rmagan bo‘lmasa kerak. Qarang, salkam 30-35 yoshni qoralab qolgan bu ikki farzandning rang-tusi umuman qishloq odamlariga o‘xshamaydi. Ular shunchalik nozik va oppoq ediki, xuddi Sibir o‘lkasidan kelib qolgan. Ikkalasi ham kamgap, keyin bilsam ular umuman uydan tashqariga chiqmas ekan. Xonadonning ichi qorong‘i bo‘lib, har xil lattalarni deraza romiga mixlab tashlashgan. Hovli bo‘lsa, eshik ostonasigacha o‘t bosib ketgan. Hamrohimdan so‘rasam, bu uyga hatto qo‘ni-qo‘shnilar ham qadam bosmasmush. Chiday olmadim, mahalliy sherigimni olib, qishloq oqsoqolining uyiga bordik. Oqsoqol bir umr maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganligini aytdi. Qishloq tarixi va aholisini yaxshi ta’riflab berdi. Siz aytgan odam asli bu yerlik emas, teparoqdan tog‘dan tushgan deyishadi. Hech kimga qo‘shilmaydi. Yoshligida qayerdadir o‘tirib chiqqan. Bolalari ham balog‘atgacha yopiq bolalar uyida katta bo‘lishgan. Anavi pastdagi jarlikda bu kishining tug‘ishgan ukasi turadi, so‘qqabosh. Jarlikning bir chetini kovlab uy qurib olgan. Echki, qo‘y, tovuq boqib kun ko‘radi. Lekin bo‘sh qoldimi, bozorga borib-kelib turadi. Aka-ukaning ikkalasi ham moxov bo‘lishgan deyishadi. Ammo hech kim bilmaydi. Demak, kasallik bularni bir umrga ta’qib qilar ekan. Axir Xindistonda konferensiya paytida moxovlar katta zalda biz bilan yonma-yon o‘tirishdi-ku. Bizdagi ahvolni ko‘rib yuragim orqaga tortib ketdi. Bir emas bir qancha oilalarni o‘z qo‘limiz bilan juvonmarg qilsak. Shafqatsizlikning oxiri bormi-yo‘qmi? Axir endi moxovlardan qo‘rqishga hech qanaqa hojat qolmadiku. Qaysi asrda yashayapmiz. Odamlar koinotni zabt etmoqda.
Ushbu viloyatdagi safarimning nihoyasida viloyat teri tanosil kasalliklari dispanseri zalida 50-60 ta shifokorlar bilan seminar-ma’ruza o‘tkazdim. E’tiborlisi shundaki, bir guruh shifokorlar menga to‘liq qo‘shildi, bir qismi aksincha ikkilanishdi. Keyin bilsam Samarqand tibbiyot institutini yakunlaganlarga moxov kasalligi uzoq yillar sal qo‘rqinchli qilib, boshqa tibbiyot oliygohlarida esa o‘zgacha o‘tilgan ekan. Ushbu sohani to‘liq o‘rganib chiqishni kelajakka o‘z oldimga vazifalarimdan biri qilib qo‘ydim.
Buxoro viloyatida ishlarim tez yakunlandi, sababi bu hududda bor-yo‘g‘i 80 yil davomida 6 tagina bemorlar qayd qilingan. Bemorlarning 4 nafari hozirgi Tomdi tumanidan, yana 2 nafari Buxoroning Romitan tumanidan qayd qilingan. Ularning hammasi Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatidan (20-30 yillar) ko‘chib kelishgan. Hozirda barchasi umrini yashab vafot etishgan. Oila a’zolari keyinchalik yana o‘z o‘lkalariga qaytib ketishgan. Demak, moxov kasalligining biron bir joyda paydo bo‘lishida migratsiyaning o‘rni bor ekanda. Surxondaryo va Qashqadaryoda bemorlarning asosiy qismi “tog‘dan tushgan” bo‘lsa, Buxoroda esa bemorlarning hammasi qo‘shni Respublikadan ko‘chib kelgan.
Keyingi manzil Samarqand viloyati bo‘ldi. Meni viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori Rahmatulla Inoyatovich kutib oldi. Qarang, Raxmatillo aka viloyat hududida qancha bemorlar bo‘lganligini yoddan bilar ekan. Moxovlarning asosiy qismi Urgutdan bo‘ladi, tog‘li hududlardan aniqlangan.
- Bolam, men sizga aytsam bemorlarning hammasi allaqachon o‘tib ketishgan. Qavmi-qarindoshlari ham keyinchalik o‘z yurtlariga ko‘chib ketgan. Ular asli Tojikistonning Xojikentidan bo‘ladi. Shuning uchun bemalol aytishim mumkin, hozirgi kunda viloyatda epidemiologik ahvol yaxshi. Ammo bilasiz Samarqandga sayohatchilar ko‘p keladi. Ayniqsa, Afrika, Hindistondan kelganlardan ko‘z qochirmasligimiz kerak. To‘g‘risini aytsam suhbatdoshimning fikrlari men uchun katta ahamiyat kasb etdi. Uchrashuvimiz nihoyasida Rahmatillo Inoyatovich mendan bir narsani iltimos qildi.
- Uka, mening yoshim 70 ga borib qoldi. Shu desangiz nafaqa ta’tiliga chiqadigan vaqt bo‘lib qoldi. Ishxonamizda Olimjon degan yosh shifokor bor, juda mehnatkash, faol, o‘z ishini biladi. Siz fan doktorisiz. Shu yigitni mening o‘rnimga bosh shifokorlikka tavsiya qiling. O‘ylaymanki, yuqoridagilar yo‘q demaydi.
Ertasi kuni Rahmatillo aka meni yonimga Olimjonni qo‘shib, kuzatib qo‘ydi. Men sherigim bilan Samarqanddan 30-40 km uzoqlikdagi Bulung‘ur leprozoriyasi tomon yo‘lga tushdik. Yo‘lda Olimjon bilan bozor-o‘char ham qilib oldik. Qarang, leprozoriyaga yaxshi kirgan ekanmiz. Moxovxonada 24 yildan beri davolanayotgan (aniqrog‘i yashayotgan) surxondaryolik Chori aka vafot etibdi. Biz ham marhumning dafn marosimida qatnashdik. Katta yoshdagi erkak farroshlar mayitni yuvib tarab berishdi. Yoshlar bir pastda tol shoxlarini kesib narvon yasashdi. Tolning po‘sti bilan narvonning hamma dastalarini mustahkam qilib bog‘lashdi. Ustiga qamish shoxlarini tekis qilib taxlab, ustidan qora to‘l qog‘ozini qo‘yishdi. Keyin ko‘rpacha solib, kafanli mayitni joylashtirib ustini bemorning choponi bilan yopishdi. Janozasini Noim degan bemor o‘qidi. Marosimda moxovxonaning bosh shifokori, hamshiralar, qorovul va xizmatchilar hammasi ishtirok etishdi. Meni mahallaning pochtaloni qatnashgani e’tiborimni o‘ziga tortdi. Uning aytishicha, keksa bemorlarning hammasi nafaqasining bir qismini pochta xodimi orqali omonat kassasida saqlar ekan. Faqat bitta shart bilan – mabodo bemor moxovxonada vafot etsa, omonat pullarining hammasi uning yig‘inlariga sarflanar ekan. Pullarni moxovlar ishtirokida pochtalon kasalxona kasaba uyushmasi raisiga topshirdi.
Bir paytlari keksa epidemiolog moxovga chalinganlar o‘lsa, ularni xloramin yoki formalin bilan avval bo‘ktirib keyin dafn qilishadi, hatto go‘r ichiga kerosin quyishadi, - degani qulog‘imda qolgan. Lekin bu safar u aytganchalik bo‘lmadi, hammasi safsata ekan. Marhumni hamma qatori dafn qildik. Qabristonni erinmasdan bir aylanib chiqdim, atrofi temir panjara bilan o‘ralgan. Ammo panjaraning juda ko‘p qismi qiyshayib, sinib yotardi. Ularni ushlab turgan temir ustunlarning har 2-3 tadan biri yo‘q edi. Do‘mpayib turgan go‘rlar usti notekis, juda ko‘p joyini sichqon, yumronqoziqlar in qurib teshib tashlashgan. Qabristonda odamning tizzasigacha keladigan o‘t-tikonlar yastanib yotardi. Lekin hammasidan ham bir narsa mening e’tiborimni tortdi. Koreys, rus, arman, tojik, qoraqalpoq, qozoq yoki o‘zbek deysizmi, millati, dini, e’tiqodiga qaramasdan hamma-hammasi bitta qabristonga ko‘milgandi. Yana keksa tojik bemorning gaplari esimga tushdi “bilib qo‘y, bolam sizlar hatto bizning o‘ligimizni ham o‘z qabristonlaringizga qo‘shmaysizlar”. Ha, bu so‘zlar achchiq haqiqat edi. Biz insonlar bir-birimizga nisbatan naqadar vahshiymiz.
Dafn marosimdan so‘ng Olimjon bilan birgalikda moxovxonaning butun hududini aylandik. U shunchalik katta ediki, kun bo‘yi aylansak ham oxiri ko‘rinmasdi. Dehqonchilik, bog‘bonchilik qilib yurgan juda ko‘p xizmatchilarga ko‘zim tushdi. Yana kimdir mol, qo‘y boqib yurardi, hatto alohida-alohida molxonalar, tovuqxonalar, daraxtzorlar ichida joylashgandi. Bir payt 15-20 ta qo‘y boqib yurgan ayol oldimizdan chiqib qoldi. Qo‘ylarini qo‘yxonaga qamadi. Yoshi oltmishlardan oshgan, qo‘llarining barmoqlari har xil lattalar bilan bog‘langan bu ayolning ko‘zlari ham o‘zgacha edi. Biz unga qattiqroq ovozda salom berdik, u alik oldida, qulog‘im yaxshi eshitadi, ammo ko‘zim unchalik ko‘rmaydi. Choriboy ham o‘libdi, u boyaqish o‘limini rosa kutdi. Oxirgi bir yil juda qiynaldi, qorni shishib ketdi. Sirroz deyishdi. Surxondaryoda bolalari bor. Xotini boshqa erga tegib ketgan, umuman kelishmadi, bizning oxiratimiz shunaqa bolam. Men bu sohada hali ishlaganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q, sizdan iltimos biroz o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz, siz haqingizda ko‘proq bilishni istayman. Bizga sen haqingda allaqachon xabar kelgan, Sizlar bu yerda nima bo‘layotganini bilmaysizlar, ammo bizga juda ko‘p narsa ma’lum. Bemorlarning bir qismi ko‘r, bir qismi nogiron, qolganlari menga o‘xshab mol-qo‘y bilan shug‘ullanadi. Dehqonchilikka qo‘l-oyoqlarimiz yaramaydi. Men asli Qoraqalpoqning Qo‘ng‘irotidanman. Ismim Xadicha. Kasalxonaga tushganimda 15-16 yosh edim. Mana 45 yil ham o‘tib ketdi. Avvallari kamida 10-15 kurs sulfon preparatlari bilan davolanishardi. Unga kamida o‘n yil vaqt ketardi. O‘n sakkizga kirar-kirmasimdan bir kavkazlik erkak meni o‘ziga xotin qilib oldi. U paytlari bu yerda 200-250 ta dan ortiq bemorlar bo‘lgan. It egasini tanimasdi. Kavkazlikning asl millati chechen bo‘lib, mening yonimga hech kimni qo‘ymasdi. Yosh suluvgina ayol edim. Ikki qizlik bo‘ldik. Qizlar avvaliga Samarqanddagi bolalar uyida tarbiyalanishdi. Keyin Rossiyaga ketib qolishdi. Bir-ikki yilda kamida kelib turishadi. Chechen erim bo‘lsa davo kurslarini tugatgach, o‘z yurtiga ketib qoldi. Men so‘qqabosh bo‘lib qolib ketdim. Qizlarim meni ko‘p marotaba olib ketishmoqchi bo‘lishdi, ammo rozi bo‘lmadim. Shunda Olimjon shoshilib birdaniga nimaga ketmadingiz deb qoldi. “Eee bolam bu moxov degan dard o‘lganingdan so‘ng ham tinchlik bermaydi. Chunki senga o‘xshagan do‘xtirlar oila-a’zolaringni 20-30 yilgacha tekshirib turishadi, nazoratiga oladi. Bilasanmi, bu isnod doimo izingdan yuradi. Moxovxonada yursang kasallik manbai moxovxonada qoladi. Bolalaringga zarar tegmaydi. Bizning qismatimiz shunaqa. Ehe, bolam, avvallari kasalxonaga tushgan yosh yigit-qizlarning bir qismi uyat, isnodga chiday olmasdan nechtasi o‘zini-o‘zi osdi, tomirlarini kesishdi. Erkaklarning ko‘pchiligi piyanista bo‘lib qolishdi. Choriboyning bekorga qorni shishgani yo‘q. Aroq, vino, pivo – hammasini ayamasdan ichardi. U juda keksayganicha yo‘q, alam azobida o‘ldi”.
- Opa, atrofida mehnat qilayotgan dehqonlar harajatlaringizga yordam bermaydimi?
Shu payt Xadicha opaning qiyshaygan lablari battar qiyshayib ketdi.
- Buni kattalardan so‘ra, Sovet davrida dehqonchilik, bog‘bonchilik va chorvachilikdan tushgan hamma foyda moxovxonaning omborxonasiga tushardi. Endilikda hamma narsa boshma-bosh bo‘lib tarqalib ketdi. Ko‘zbo‘yamachilik uchun 3-4 qop poliz ekinlaridan berishadi, xolos.
- Atrofdagilarning hammasi moxovxonaga bemalol kirib chiqib yurishibdi. -Ular kasallik yuqib qolishidan qo‘rqmaydimi?
– Yo‘q bu yerda hech kim bizdan qo‘rqmaydi, kerak bo‘lsa bola-chaqasi bilan kun bo‘yi moxovxonada yurishadi. Uzoqda bo‘lsalaring ham sizlar bizdan qo‘rqasizlar, hamma vahimani qilgan aslida sizlar bo‘lasizlar. Qo‘shni qishloq, mahalla, ovullardan hali hech kim 40-50 yil ichida moxov bo‘lgani yo‘q, bo‘lmaydi ham. Biz moxovlar buni yaxshi bilamiz. Ammo sizlar buni bilmaysizlar, hatto bilishni istamaysizlar ham. Moxov bo‘ldimi, tamom. Moxovxonaga jo‘nat, bu tibbiyotning buyrug‘iga aylangan. Uni bajarmasang albatta jazolanasan.
Olimjon menga qarab qoldi, men unga. Qo‘y boqib yurgan oddiy onaxon bu ma’lumotlarning hammasini qayerdan biladi? Keyinroq tushunsak, avvallari doimo bemorlar bilan siyosiy darslar, suhbatlar ko‘p o‘tkazilgan. Qolaversa, ular kun bo‘yi radio eshitib, televizor ko‘rishgan. Gazeta, jurnallarni har doim varaqlab turishganligining hisobiga ularning ko‘pchiligi siyosatni yaxshi tushunishar ekan.
Egamberdi Eshboyev.
Davomi bor.