Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari (5-qism)

Ikki soat ichida moxovxonaning hamma tomonini yayov aylanib chiqdik. Bog‘-u yarim o‘rmonzorni, cho‘lu qamishzorlarni ko‘rdik.

Bu joylarda - odamlardan yiroqda kimlar yashab o‘tmagan. Kimlarning butun yoshligi, muhabbati, hayoti poymol bo‘lmagan. Tutqunlikda, o‘z ota-onasidan, farzandlaridan olisda to‘rt devor ichida kasallik azobini tortishgan. Hatto aka-ukasi-yu, opa-singillarining, qo‘yingki jamiki qavmu qarindoshlarining to‘y-ma’rakasini ko‘rmagan. Ular uchun bular allaqachon izsiz yo‘qolgan. Kim o‘z og‘asini yoki inisini moxovxonada, deb ayta oladi. To‘g‘risi, allomasi ham aytmaydi.

Haftaning ikkinchi yarmiga borib, Qoraqalpog‘istonda o‘tgan safarim ham yakuniga yetdi. Kechki reysda samolyotda uyga qaytdim. Bir yarim soatlik parvoz paytida men dunyoga kelgan yosh boladek talpindim, ko‘rgan hamma yangi do‘stlarimni esladim. Eshitgan gaplarning barchasini tahlil qildim. Bu olam-olam yangiliklar jahonning yangi maskanini ochganday go‘yo.

Ayniqsa, bemor Soyipnazar akaning bir gapi xotiramda xuddi mixlanib qolganday edi. “Biz daraxt bilan hasratlashamiz. Chunki u ildizi bilan yer qa’riga kirib, u bilan so‘zlashadi. Shox-shabbasining uchi bilan moviy osmonga intiladi. Tepada turib, dunyoni ko‘radi. U seni sezadi va butun tanasi bilan dardingni oladi. Odamlarga o‘xshab har xil bema’ni fikrlarni aytmaydi. Aksincha, yam-yashil barglari senga yangi va toza havo in’om qiladi. Bunaqangi kuch-qudrat insoniyatga nasib qilmagan. Uning oyog‘i yerning ichida, boshi esa osmonda.

Ertasiga institutga kelib qilingan ishlarni, ko‘rganlarimni direktorga qisqacha yetkazdim. U kishi ham shoshmasdan eshitdi. Keyin o‘z fikrini aytdi:

- Bu joylarga biz tomondan hech kim bormagan. Ehtimol, avvallari kimdir borgandir. Bizda ma’lumotlar yo‘q. Siz hammasini chiroyli qilib bayon qilib yozing, kerak bo‘lsa ilmiy kengashga ma’ruza sifatida tayyorlang. Leprologiya sohasi bizlar uchun xuddi oxiri yo‘q o‘rmon. Mustaqillikka erishganimizga hali o‘n yil bo‘lgani yo‘q. Davlatimizning chegarasi endi butun dunyo ahli uchun ochiq. Biz bo‘lsak moxovxonalardan qo‘rqib yuribmiz. Bu boradagi sir-sinoatlarning hammasini ochib tashlang. Barcha tibbiyot xodimlari, kerak bo‘lsa, oddiy insonlarni ham xabardor qilishimiz kerak.  

Professor A.Vaisovning aytgan gaplari menga bu sohada tinimsiz ishlashim uchun juda katta ilhom bo‘ldi, albatta.

Doktorlik ilmiy ishim ham tezlashib ketdi. Ilmiy ishimni hamma qo‘llab-quvvatladi. Yilning qish fasli ilmni qayta-qayta charxladimi, qator-qator seminarlardan o‘tdim. Lekin oradan ozroq o‘tmasdan institut rahbari lavozimidan bo‘shaydigan bo‘lib qoldi. Qarang, bir hafta o‘tar-o‘tmas yangi rahbar keldi va butun olam o‘zgarib ketdi. Hamma qatori 1-2 kun o‘tib, yangi direktor meni ham qabuliga taklif qildi. Salom-alikdan so‘ng nima qilishimiz kerakligini tushuntira boshladi.

– Endi, uka, bilasiz, men uzoq vaqt vazirlikda ishladim, sizning ilmiy ishingiz bilan unchalik tanish emasman, ammo aytishim lozimki, bir-ikki oy to‘xtatib turasiz, institutning ba’zi tashkiliy ishlariga yordam berasiz. Kamchiliklar juda ko‘p. Keyin moxovlar to‘g‘risida juda ko‘p yonavermang. Iloji boricha kamroq gapiring. Yuqoridagilar bizda moxov borligidan xabar topishsa, sizni xafa qilishadi. Diyorimizda moxov borligini bilgan sayohatchi turist na Samarqandga, na Buxoroga qadam ranjida qiladi. Xullas, uka, tilingizni kalta qilasiz. Yopig‘lik qozon yopiq qolaversin. Har bir qilgan ishingiz bo‘yicha menga shaxsan ma’lumot berib turasiz, - dedida gapini yakunladi. Men ham xomushligimni bildirmaslikka har qancha harakat qilmayin baribir yuz-ko‘zimdan bilinib turardi.

Kunlar o‘tishi juda qiyin bo‘ldi. Birini bajarmoqchi bo‘lsam, ikkinchisi, keyin uchinchisi, xullas, bironta ishim oxirigacha bitmasdi. Barcha ishlar orqaga ketdi. Bo‘shashib, ilmiy rahbarimning oldiga bordim. Shunda u gaplarimni oxirigacha eshitmay bir oz koyidi.

- Har doim ham hayot birday bo‘lmaydi. 1-2 oy muddatda doktorlik ishingizni yakunlang-da, dissertatsiyani mening stolim ustiga qo‘ying. Mayda-chuyda ishlarni yig‘ishtiring, - deb meni kuzatib qo‘ydi.

Bu gaplar menga yangi kuch-quvvat bag‘ishladi. Haqiqatan ustozsiz biroz chalg‘ib qolibman. Tez orada ilmiy ishimni oliy attestatsiya komissiyasida ko‘rib, ijobiy hal qilishdi va rasmiy himoya qilishga ruxsat berishdi. Bir-ikki kun o‘tmasdan yangi direktor ham bu xabarni eshitibdi. Hatto xonamga kelib, tabrikladi ham. Yana hammasi silliqlana boshladi. 2000 yil 16 may kuni Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti qoshidagi maxsus ilmiy kengashda doktorlik dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim. Kechga borib, himoya bahona onamning 80 yoshlik tavalludiga bag‘ishlab bazm kechasini o‘tkazdik. “Mening bolam katta olim bo‘ldi”, deb onam davrani hech kimga bermadi. Haqiqatdan, to‘y-to‘ydek bo‘ldi.

Oradan bir-ikki oy o‘tmasdan qoraqalpog‘istonlik eski og‘aynim Mels Toshkentga kelayotganligi ma’lum bo‘ldi. Aeroportga chiqib, o‘zim kutib olishimni aytdim. Qizig‘i shunda ediki, bir-birimizni bilmagan holda uni 2-3 kishi parallel ravishda kutib oldik. Mels hammamiz bilan quchoq ochib ko‘rishdi. Lekin u boshqalar bilan ingliz tilida so‘zlashar edi. Keyin bilsam, uning do‘stlari amerikalik ekan. Ular bilan meni ham tanishtirdi. Avvalgi yil amalga oshira olmagan rejalarini birgalikda bajaramiz, dedi. Moxovlarga va sizning keyingi ishlaringizga mo‘ljallangan grant bor. Endi u sizniki bo‘ladi. Mening bo‘lsa boshim qotib qoldi. Darhol xayolimga direktor keldi, u nima derkan?

Kechki ovqatni mehmonlar bilan ularning ofisida qildik. Ular: "Xudo xohlasa, siz amerikaliklar bilan Hindistonda bo‘ladigan leprologlarning xalqaro Konferensiyasiga borasiz. Keyin biz sizni o‘qishga ham yuboramiz. Avval Rossiyaga, keyinchalik yana Hindistonga borasiz. Dunyo olimlari moxov kasalligini butunlay eliminatsiya qilishga qaror qilishgan. Biz orqada qolmasligimiz kerak", deyishdi. Xullas, uchrashuv maroqli o‘tdi. Xuddi dunyoga yangidan kelganday bo‘ldim. Lekin ertasi kuni bo‘lgan suhbatlarni qanday qilib direktorga tushuntirishga boshim qotdi. Koridorda eski xodim Obid akani ko‘rib qoldim. U qo‘yarda-qo‘ymay xonasiga olib kirdi:

- Bilaman, sen molodoy doktorsan, xo‘jayinning mayda-chuyda gaplariga e’tibor berma”.

U xuddi hamma narsadan xabardor kishidek gapirardi. “Bizning kafedramizni ham boshqa joyga ko‘chirishni taklif qilibdi. O‘zing o‘yla, dermatovenerologiya institutida dermatovenerologiya kafedrasi joylashmasa yana qayerda joylashadi? Shuning uchun aytib qo‘yay, og‘irroq  bo‘laver, bizni ketkazishdan oldin o‘zi ketib qoladi". Demak, u faqat menga emas, balki boshqalarga ham shunday munosabatda ekan.

Haftaning uchinchi kuni chet ellik mehmonlar bilan bo‘lgan gapni direktorga gapirib berdim.

– Yaxshi, - deb u menga tik qaradi. - Esingdan chiqmasin, ularning har ikkitasidan bittasi ayg‘oqchi bo‘ladi, ehtiyot bo‘l. Aytganday, iqtisodiy yordam berar ekanmi?

– Hozircha chet el safar xarajatlarini to‘laymiz, deyishdi.

– Mayli, moxovlaringni senga qo‘yib berdim. Ammo bizga nima bo‘ladi?

– Xudo xohlasa, bir gap bo‘lar. Xizmatdan qochmaymiz, - deb miyig‘imda kulib qo‘ydim.

– Bilishimcha, asli qishloqning bolasi ekansan, institutning tajriba laboratoriyasidagi hayvonlarga yemish yetishmayotgan ekan, shunga bir yordam bersang? Qo‘lingdan keladimi?

- Keladi, albatta. Men u yerda avval ilmiy ishimning asosiy qismini bajarganman.

- Juda yaxshi. Unda nima kerakligini yaxshi bilarsan.

- Xo‘p bo‘ladi, bir-ikki kunda “yest” qilamiz.

Aytilgan topshiriqni ortig‘i bilan bajarib berdim. Vivariyni yem, xashak bilan to‘ldirib tashladim. Keyin bilsam, u yerdagi eski xodimlarni bo‘shatib yangisini olib kelibdi. Ular ishning uddasidan chiqa olmaganidan tashlab ketib qolishgan ekan. Vivariy bahonasida direktor bilan munosabatimiz ancha yaxshilandi.

Hindistondagi  uch kunlik xalqaro konferensiya menda juda katta taassurot qoldirdi. Juda ko‘p yangi ma’lumotlar oldim. Moxovlarga bo‘lgan munosabatim va dunyoqarashim yanada yangilandi. Qizig‘i shunda ediki, har bir mamlakatdan kelgan delegatsiya xodimlari ichida bir paytlar moxovga chalingan bemorlar ham bor edi. Ular ham hamma ishtirokchilar qatori konferensiyaga qatnashishdi. Bu holatni ko‘rib ancha vaqt o‘zimga kelolmadim. Nimaga shunday, yoki biz boshqa dunyoda yashaymizmi, degan savol ezardi.

Institutda na direktorni, na boshqa xodimlarni konferensiya ma’lumotlari qiziqtirmadi. Baxtimga bir oy o‘tar o‘tmasdan endi Rossiyaning Astraxan shahriga bir haftalik malaka oshirishga Qoraqalpog‘istondan ikki kishi va men o‘qishga bordik. U yerda Germaniya, Angliya, Hindiston va qator MDH davlatlaridan mutaxassislar ishtirok etishdi. To‘g‘risini aytsam, maza qildim. Har kuni nazariy va amaliy darslar. Tushdan so‘ng bemorlarni birma-bir ko‘zdan kechirdik. Mashg‘ulotlar rus va ingliz tilida olib borildi. Haftaning to‘rtinchi kuni ertalab germaniyalik shifokor ayolga “Gutentak froylen” deb salomlashdim. Shunda u siz nemis tilini bilasizmi? deb qoldi. Ozroq bilaman, dedim.

Keyin u:

- Sizning mamlakatingiz O‘rta Osiyoda juda katta davlat, aholisi ham ko‘p. Ikkita leprozoriya bor. Biri Samarqand atrofida, ikkinchisi Orol dengizi yaqinida Nukus joylashgan, - dedi.

Men unga “Nukus tumanida” deb qo‘shimcha qildim va darrov ikkilanmasdan so‘radim.

- Bularning hammasini qayerdan bilasiz?
-  Bizda silga va lepraga qarshi jamiyat bor. Sizlarda Mels degan xodimimiz ishlaydi. Agar rozi bo‘lsangiz biz siz bilan ham ishlaymiz. Lepraga chalingan bemorlarni himoya qilishimiz kerak, ularni erta aniqlash va davolash zarur. Diskriminatsiyaga yo‘l bermasligimiz lozim. Kechqurun soat 18.00 da men sizni xonamda kutaman.

Buni qarangki, germaniyalik olima shifokor lepra institutining ichidagi xonalarning biriga joylashgan ekan. Arang topdim. Ruxsat so‘rab ichkariga kirdim.

- Siz meni shahardagi katta mehmonxonalarning birida bo‘ladi, deb o‘ylagandirsiz? To‘g‘risi, shohona mehmonxonalarga ketadigan pulni men moxovlarga beraman. Shu joy qulay, bemorlarni doimo kuzatib turishim kerak. Dunyoda mutlaqo yangi kompleks davo terapiyasini joriy qilganmiz. Bu uslub bilan davolangan bemorlarda samaradorlik juda baland. Kasallikda ba’zan kuzatiladigan qaytalanishi (retsidiv) – 1 foizni ham tashkil qilmaydi. Bizning jamiyat respublikangizda aniqlangan barcha bemorlarni bepul davolashga yordam berishni rejalashtirgan. MDH davlatlarining hammasi, shu jumladan, O‘zbekiston hukumati rahbarlari roziligini olganmiz. Sizni ham iqtisodiy jihatdan barcha xarajatlaringizni qoplaymiz. Aholi orasidan bemorlarni aniqlash va bu sohada ilm-fanni rivojlantirishingiz kerak. Biz Toshkent va Nukusga bu yil albatta boramiz. Birgalikda ma’ruzalar o‘qiymiz, - dedi nemis olimasi.

Rossiyada o‘tkazilgan tadbirlar to‘g‘risida ishxonada lom-lim demadim, chunki endi ma’lum, ularning asosiy qismini bu soha qiziqtirmaydi. Xullas, menga ortiqcha gapning keragi bo‘lmay qoldi. Maqsad bitta - aholi orasida bor bemorlarni ertaroq aniqlash, davolash, eskilarni esa nogironlikdan saqlash. Moxov bedavo emas. Uni bemalol davolash mumkin, faqat bunga bemorlarni, qolaversa, hammani ishontirish kerak. Men bu borada tinimsiz ishlash kerakligiga ishonch hosil qildim. Hash-pash deguncha Germaniyadan birinchi xabar – sovg‘a keldi. Shoshilib konvertni ochsam, shaxsingizni tasdiqlovchi pasport bilan Toshkentdagi nemis elchixonasiga uchrashing, deb yozilgan ekan. Tushdan so‘ng elchixonaga bordim. Nemislar meni juda iliq kutib olishdi. Nomingizga “chek” kelgan, marhamat, mana shu joyga imzo cheking, dedi oq sariqdan kelgan ayol. Endi "Milliybank"ka borib xarajatlaringizni olishingiz mumkin. Xayr, salomat bo‘ling, - deb kuzatib qo‘yishdi.

Qarang, hech qancha vaqt ketgani yo‘q. Ketsa 3-4 daqiqa ketdi, xolos. Bank xodimlari ham uzoq ushlab turishmadi. Bir zumda “chek”da ko‘rsatilgan summani berishdi. Xursandchiligimning cheki yo‘q edi.

Egamberdi Eshboyev.

Davomi bor.