Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari (7-qism)

7-qism

Kechga borib Olimjon Samarqandga, men esa Jizzax tomon yo‘l oldim. Ertasiga ertalab viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseriga kirib keldim. Dispanser shaharning chetidagi qirlikning bag‘rida joylashgan bo‘lib, atrofida dov-daraxtlarning o‘zi yo‘q. Hammayoq qarovsiz, kasalxona devorlari ko‘chib, nurab yotibdi. To‘g‘risi, Jizzax dispanserida ishim yurishmadi. Na bosh shifokor, na boshqa do‘xtirlar, viloyatda moxovlarning bor-yo‘qligini, hisobdagi bemorlarning manzili qayerda ekanligini umuman bilishmadi. Xuddi shunday holat Sirdaryo viloyatida ham kuzatildi. Hech kim hech narsani bilmaydi. Shunda Xudoyberdi degan eski shifokor meni sekin o‘z xonasiga taklif qildi.

– Shu desangiz, mehmon, 10-15 yil avval menga davlat bajargan ishlarim uchun 30 foiz ustama haq berardi. Endi esa yo‘q. Qarabsizki, yillar mobaynida leprologiya degan xizmat umuman unutildi. To‘g‘risini aytsam, hamma bemorlar boshqa joydan bo‘lib, ko‘pchiligi koreys, qozoq yoki qoraqalpoq edi. Jizzax viloyati alohida bo‘lmasdan oldin ularning hududiga ham men qarardim. U yerdagi bemorlar ham Bulung‘ur leprozoriyasidan davodan keyin chiqqan eski bemorlar bo‘lib, ularning ham ko‘pchiligi qozoq, qoraqalpoq, koreys va bitta-ikkitasi Qirg‘izistonning Jalolobodidan edi. Ikki viloyatdagi umumiy bemorlar soni 15-20 tadan ortmasdi. Moxovlar ichida asli Jizzaxlik yoki Sirdaryolik mahalliy xalq vakillaridan hech kim bo‘lmagan. Menga 3-4 kun bering, uyda eski daftarlarimni bir varaqlab ko‘raman.

Keyingi manzil Toshkent viloyati bo‘lishi kerak. Viloyat teri va tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori Sagdulla Saipov juda vazmin va o‘tkir rahbar ekan.

- Bu tarixiy izlanishlarni juda yaxshi qilibsiz. Moxov kasalligi bir paytlari juda ko‘p bo‘lgan, shu jumladan, poytaxtning shundoqqina biqinida joylashgan. Viloyatimiz hududlari bundan mustasno emas. Siz bugun ulgurmaysiz, ertaga keling. Men sizga mashina va yordamchi-hamroh beraman. Bugun biz butun bir arxivni ko‘taramiz va sizning kelishingizga barcha materiallarni taxlab qo‘yamiz, - deya va’da berdi.

Intizorlik bilan ertani kutib uyga keldim... Salom-alikdan so‘ng oilam koyiy boshlashdi.

– Juda qorayib ketibsiz, ancha ozgansiz. Sochlaringiz juda o‘sib ketibdi. Pulimiz ham hisobli bo‘lib qoldi. Moskvada yurganingizda bunchalik qiynalmagandik. Oxirgi ikki-uch oy ichida o‘g‘illaringizning yurish-turishi o‘zgarib qolgan. Ayniqsa, o‘rtancha o‘g‘il tez-tez kech keladigan odat chiqardi. Darslarga ham qatnashmay qo‘ygan. O‘tgan safargi ota-onalar majlisida sinf rahbari ancha norozi bo‘ldi. Kelasi safar yig‘ilishga otasi kelsin deya, qayta-qayta tayinladi.

Ertasiga Sagdulla Saipovichning oldiga borolmasligim to‘g‘risida telefon qilib qo‘ydim va to‘g‘ri o‘g‘limning maktabiga bordim. O‘g‘limning sinf rahbari bilan tanishgach, asl maqsadga o‘tdik.

– Bolangiz 4-5 oy avval tartibli, o‘qishi ancha yaxshi edi. Bilmayman 2-3 oy ichida aynidi-qoldi. O‘zlashtirishi pasayib ketgan. Maktab o‘qituvchilari bilan munosabatlari yaxshi emas. O‘zingiz ham tibbiyot sohasida ishlar ekansiz, bir chorasini ko‘rmasangiz bo‘lmaydi, - deya meni kuzatib qo‘ydi.

Maktab hovlisidan yurar ekanman, boshimni ko‘tara olmadim. Hamma narsaga tayyor edim, lekin bunga emas. Kechqurun hammamiz dasturxon atrofida kechki ovqatni qildik. Keyin o‘g‘lim bilan gaplashdim, nima bo‘layotganini so‘radim. Nimagadir o‘g‘limning gaplari bir-biriga mos kelmasdi. Keyin so‘zining oxirida “Men boy bo‘lmoqchiman. Axir uyda biron marta ham to‘yib tansiq taom yeganimizni eslolmayman, dedi. “Sizga faqat ish, kitob bo‘lsa bo‘ldi”, dedi-da, xonasiga kirib ketdi.

 14 yashar bolamning aytgan gaplari butun tanamni teshib o‘tdi go‘yo. Keyin o‘ylanib qoldim:  Axir biz bunday yoshda otamizning yordamchisi edik. Har kuni o‘t o‘rishga borardik, qishga xashak yig‘ardik. Otamizni yonida yurardik. Dalaga chopiqqa chiqish kundalik ishimiz edi. Qishga o‘tin-tezak taxlardik, eshakda har kuni suv tashirdik. Shunga qaramasdan biron marta dars qoldirmaganman, hatto “2” baho olmaganman. Ota-onalar majlisida uydagilarim faqat maqtovlar eshitishgan. Men qayerda adashdim... endi bilsam, o‘zim tinimsiz ishlaganimga farzandlarim ham shunday bo‘ladi, degan xom-xayolda yurganman.

Aytilgan kundan ikki kun o‘tib, Sagdulla Saipovichning huzuriga bordim. U kishi har doimgiday meni juda iliq kutib oldi.

- Xo‘sh, choy ichasizmi yoki qahva? Keling, qahva icha qolaylik. - Keyin u stol ustida turgan sigaret qutisini ichidan bir donasini oldida og‘ziga solib tutatdi. Birdaniga unga qarab men ham “sigaret bering”, dedim.

 - Iye, siz chekmasdingiz-ku,- dedi.

  • Sizga havas qilib chekmoqchiman. Lekin u yuzimga qaradida “ishda tinchlikmi”, deb qo‘ydi.

Shu bilan yana ishning muhokamasini boshladik.

  • Xo‘sh, uka, butun Toshkent viloyati bo‘yicha aniqlangan bemorlarning manzili, ism-familiyasi, yoshi, qachon kasallikka chalingan hamma-hammasining ro‘yxatlarini tuzib siz uchun tayyorlab qo‘ydik. Marhamat, yoningizga sherik qo‘shib beraman, barchasini uyma-uy yurib o‘rganinglar. To‘g‘risi, sizning kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Bu sohani ancha unutganmiz. Sizdan avval Sharofiddinov degan shifokor uzoq yil leprolog bo‘lib ishlagan. Shu kishidan ancha ma’lumotlar olsangiz bo‘ladi, - dedi sigaretasini qo‘liga olib, Sagdulla Saipovich.

Tushdan keyin Sagdulla aka bergan dastlabki manzilga yetib keldik. Bu yer Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shaharchasi edi. Qarang, bu yerdagi bemorlarning har ikkitasidan bittasi yo qozoq, koreys yoki qoraqalpoq edi. Ularning ichidan bitta ayol biz bilan astoydil suhbatlashdi. – Men asli Surxondaryoning Denovidanman. Mana bu akangga moxovxonada 21 yoshligimda turmushga chiqqanman. U kishi ham asli Qizilo‘rdadan. Yigirma yildan ortiq moxovxonada birgalikda davolanganmiz. Ikkalamizning ham oyoq-qo‘llarimizning nervlari o‘lgan, terisi yaxshi sezmaydi. Bolalarimiz kunimizga yarab turibdi. – Sen bolam, bu kasallikdan qo‘rqma, hammaga ham yuqavermaydi. O‘zi ayrim joylarda kasallikning ini bor, ana shu joylardagilarga yuqadi. Boshida umuman hech narsani his qilmay yuraverasan. Keyin asta-sekin kuching qolmaydi. Burningdan nafas olish qiyinlashadi. Oyoqlaring og‘riydigan bo‘lib qoladi. Oradan yana 1-2 yil o‘tgach badaning terisiga oqimtir dog‘lar tushadi. Dog‘lar kepaklanmaydi, og‘rimaydi, hatto qichimaydi. Bu kasallikni uncha-muncha do‘xtir bilavermaydi. Xonama-xona sang‘ib yuraverasan. Kasallik bilan kurashaman deysan. Men senga bitta gapni aytay, bemorlarning juda ko‘plari bir-biriga qarindosh, shuning uchun ildizini izla. Mening erimning otasi, mening esa akam shu kasallikka chalingan. Akam Surxondaryoda turadi. Kasallik tufayli “manqa” bo‘lib qolgan. Ikkita tekinxo‘r farzandi bor. Biz yuz ko‘rishmaydigan bo‘lib ketganmiz...

Qarang, ikki oy avval bu kishining akasi bilan uchrashgan ekanman, deb xayol surib turgandim. U kishining eri ham gapga qo‘shildi. Anavi tepaning oldida Kim aka degan koreys bor. Shunga bor, yaxshi sovg‘a olgin, ayniqsa, aroqni yaxshi ko‘radi. U butun Toshkent atrofidagi moxovga chalingan bemorlarni yodma-yod biladi. Mazza qilib eshitasan. Lekin birovga ularni aytsang, keyin seni kechirmaydi, kallang ketadi.

Qozoq amakiga ham ikki shisha vino va mayda-chuyda sovg‘a olib berdik-da, u kishi aytgan Kim akaning xonadoniga bordik. U eski bir hujrada bir o‘zi turar ekan. Eshikni ancha vaqtgacha taqillatdik. Avvaliga bizga baqira ketdi. Keyin ust-boshimizga qarab mehmonmisizlar deb so‘radi. Biz unga sizni ko‘rgani keldik. Toshkentdanmiz, do‘xtirmiz deb arang tushuntirdik. Kim akaning ozroq kayfi bor ekan. Aroqni ko‘rib, kayfiyati yana ko‘tarilib ketdi. Bir amallab eski stullarga o‘tirdik. Keyin u yuzimizga qarab aroqni och, ichamiz, - dedi. Unga ichirdik ham, keyin sekin oyoqlariga qarasam 1-2 ta barmoqlari yo‘q, borining ham atrofi yara-chaqa bo‘lib ketgan. Bog‘langan bint ham eskirib qon aralash kir bo‘lib yotibdi.

– Xo‘sh, sizlar qanaqa do‘xtir?

Men ham uning ahvolini ko‘rdimda gap aylantirdim.

-Siz, Kim aka o‘zbekchani juda yaxshi bilar ekansiz. Tanishganimdan xursandman. - Shunda u hovliqib “bunaqa xushomadni hech qachon eshitmaganman, dedi.

- Sen ham 20 yil o‘zbek, tojik va qoraqalpoqlarning ichida izolyasiyada yashagin, kerak bo‘lsa xitoychani ham o‘rganasan. - Endi Kim aka aroqni stakanga quyib, bemalol ichaverardi. - Mening oldimga bu atrofdan hech qachon do‘xtir kelmagan, faqat avval Bulung‘urdan kelardi. Sen ikkalang ham shu tarafdan bo‘lsang kerak, - deya o‘shqirdi. Shunda hamrohim hozir kelaman, - deb hovlidan chiqib ketdi.

  • Bo‘lmasa eshit, mening ham ha demay kunim bitadi. Biz koreyslarni urushdan oldin Uzoq Sharqdan Sovet hukumati deportatsiya qilgan. Poyezdda och nahor oylab yurganmiz. Juda ko‘pchilik manzilga yetib kelmagan. Kasalmisan, sog‘misan, hech kimni ayab o‘tirishmagan. O‘zbekiston va Qozog‘istonning botqoqli qamishzorlariga olib kelib tashlagan. Ana shu joylarni obod qilganmiz, sholi ekib o‘zimizni ham, xalqimizni ham boqqanmiz. Qishni qish, jazirama yozni issiq demay mehnat qildik. Evaziga kasal bo‘ldik. Senga moxovlar kerak bo‘lsa, daryolarning yoqasidan izla. Endi senga javob men charchadim. Boshqa kelma.

Qolgan xonadonlar ham bir-biridan farq qilmasdi. Ammo bemorlarning kayfiyati mutlaqo boshqacha edi. Qaysi biri ishlasa yoki biron bir tirikchilik bilan mashg‘ul bo‘lsa, ularning o‘zlarini tutishi, uy-joyi oddiy odamlarnikidan ayirib bo‘lmasdi. Lekin ko‘pchiligi, ayniqsa, erkaklar ichkilikka ruju qo‘ygan bo‘lsa, sharoiti juda achinarli edi. Shunga yarasha bolalari ham ko‘p ichar, ishining tayini ham yo‘q, hatto bir necha bor qamalib ham chiqqan edi.

Toshkent viloyati hududidan oxirgi yangi bemor 1994 yili aniqlangan. U ham Bo‘stonliq tumanidan. U kishi kasallanganda bor-yo‘g‘i 20 yosh bo‘lgan. Sekin-asta surishtirsam davodan so‘ng savdo-sotiq bilan shug‘ullanar ekan. Roziligini olib, butun tanasini kuzatdim. Qarang, moxovga xos biron bir klinik belgilarni topmadim. Yaxshi davolangansiz deb qo‘ydim. Ammo kasallik kimdan yuqqanligini hech kim bilmasdi. Sovg‘ani quyuqroq qilib ertasi kuni Kim akanikiga bir o‘zim bordim. Chunki hamrohimni qaytib topa olmadim. Kim aka boshi og‘rib yurgan ekan. Yangi bemor haqida so‘ragan edim: surxondaryolik ayolning oldingi eridan bo‘lgan bolasi-ku,- dedi.

- Axir bir marta turmush qurganman degandi?

- E bola, bilib qo‘y, moxovxonaning o‘zining qonun-qoidalari bor. Kim senga ikki marta erga tekkanman, deydi. Keyin aytay, farzand dunyoga kelgandan so‘ng uni ajratib olib qo‘yardi. Bolalar uyiga olib ketardi. U bola qaytgancha, keyingisini tug‘ishardi. Ko‘pchilik bolalar qaytib kelsa, otasi yoki onasi dunyodan ko‘z yumgan bo‘lardi. Uysiz, joysiz, sargardon bo‘lganlari qancha. Mening bir koreys hamyurtimning o‘g‘li moxovxonada tug‘ilgan. Katta bo‘lib kelib ahvolni ko‘rgan. Chiday olmasdan ataylab o‘g‘irlik qilardi. Keyin qamalardi. Shu tariqa uch marta qamaldi. Uyi-joyi yo‘q o‘g‘ri bolasining umri qamoqxonada o‘tdi. Ammo mard ekan, ota-onasining so‘nggi nafasigacha moxovxonaga kelib, o‘zi qaradi. O‘lganida dafn qildi, keyin qaytib ko‘rmadim.

- Nima moxovxonada sog‘lom bolalar kelib yashayverishi mumkinmidi?

– Eee  do‘xtir, men senga aytdimku, moxovxonaning o‘zining qonun-qoidasi bor deb. Ikki yuzdan ortiq bemorlar ichida qanchadan-qancha darddan qochgan odamlar yashardi. Hatto urushga bormaslik uchun o‘ziga “moxov” degan tashxisni qo‘ydirganlar nechta. Kim ularni tekshiradi? Axir u joylarga kirishga hamma ham qo‘rqadi-ku. Tekshiradiganlarning ham joni bor. Juda bo‘lmasa soqqasini oladi, ketaveradi, tamom. Shungayam yangi Amerika ochish kerakmi?

Bu gaplarni eshitib boshim qotdi. Bu moxovxonada nima ishlar bo‘lmagan o‘zi? Demak, odamlarni yillab bir joyda saqlashning o‘zi bo‘lmaydi. U daraxt bo‘lsaki, bir joyga ekib qo‘ysang, o‘sib yotaversa. Yo‘q unday emas, u ham ildiz otadi, yillar o‘tib, yonidan yangi tomirlar chiqaradi. Ulardan esa yosh novdalar o‘sadi. Odamlar ham har qanaqa qiyinchilikka moslashadi.

Roppa-rosa ikki haftadan so‘ng Toshkent shahrida aniqlangan bemorlar bilan qiziqa boshladim. Hech bir davolash muassasa rahbari yoki xodimlari biron bir tayinli ma’lumot bera olmadi. Yana Bo‘stonliqqa Kim akaning oldiga bordim. - Sen mendan hech qanaqa yangilik ololmaysan! Qaytib Bulung‘urga bor, shu yerda ikki ko‘zi so‘qir To‘xta degan bemor bor, agar tirik bo‘lsa. Shu ayol asli Toshkentlik, shaharlik bemorlarning hammasini biladi.

Shundan so‘ng Kim akaga minnatdorchiligimni aytib uyga qaytdim. Bir-ikki kunlik damdan so‘ng sumka, fotoapparatimni olib, yana Bulung‘urga yo‘l oldim. Qarang, taksichi yigitning ota-onasi moxovxonaga yaqin qishloqlarning birida turar ekan. Shuning uchun yo‘ldan adashmadik, hash-pash deguncha tushlik bo‘lmasdan moxovxonaga kirib bordim. Taksichi yigit kelishga va’da berdi.

Har bir palataga kirib, bemorlar bilan quyuq suhbatlashdim. Toshkentdan olib kelingan sovg‘a-salomni ulashdik. Kamiga atrofdagi do‘kondan, shakar, moy, konfet, sovun, hatto oyoqlariga paypoq va kalish ham keltirib berdik. Shunda bosh shifokor do‘xtir juda saxiy bo‘lib ketdingiz, shuncha xarajatlarga pulni qayerda olayapsiz? Men qaddimni ko‘tarib dedim: “Dunyoda shunday insonlar va ular qurgan jamiyatlar borki, ularning puli jamiki yer yuzidagi moxovlarni boqishga yetadi”. Bosh shifokor zo‘r ekan, deb miyig‘ida kulib qo‘ydi.

To‘xta opa tirik ekan.

- Bo‘layotgan ishlarni eshitib xursand bo‘ldim, - deb keksa ayol gap boshladi. Kelganimda 9 yosh edim. Toshkentning Taxtapulidanman. Opam Saida hozir Qoraqamishda turadi. U ham bu yerda 15-20 yildan buyon davolanadi. Kasallik qanday yuqqanini bilmaymiz. Otamizning eski shaharda ko‘nchilik do‘koni bo‘lgan. Biz opa-singillar ham do‘konning mayda-chuyda ishlarida yordam berganmiz. Kattalarning aytishicha, onamning ukasi, ya’ni tog‘amizda qandaydir teri kasalligi bo‘lgan, boyaqish erta o‘lib ketdi. Eski shaharda Chig‘atoy degan mahalladan, Eshonguzardan, Beshyog‘och va Chilonzordan kelib davolangan o‘zbeklar ko‘p bo‘lgan. Vokzal atrofidan kelganlar hammasi rus edi. Stalin rayonidan yana bitta-ikkita qirg‘iz, koreys va qoraqalpoqlar ham bo‘lgan. Sen yaxshisi, moxovxonaning arxivini ko‘tar.

To‘xta opaga ming bor rahmatlarni aytib, bosh shifokorning xonasiga bordim. To‘g‘risini aytsam, bu xonada shifokorlikning hech qanaqa belgisi yo‘q edi. Aksincha pollar teshilgan, oynalar yarim yamoq, hatto eshikni ochish dastalari o‘rniga latta bog‘lab qo‘yilgandi. Xonaning bir tomoniga eski sandiq ustiga har xil xajmdagi ko‘rpachalar qing‘ir-qiyshiq yig‘ilgandi. Hidni aytmang, xuddi avval bu xonada sichqon va kalamushlar yashagan. Bosh vrachning ust-boshi holati ham xonaga mos edi. Ikkilanib sekin so‘radim:

- Menga arxiv materiallari kerak. Qanaqa qilib tanishib chiqsam bo‘ladi?

- Bir yildan oshdi. Arxiv, poliklinika, ichki apteka joylashgan binoning tomi yonib ketgan. U yerga hech kim kirmaydi, iloji yo‘q, avariya holatida.

U shunday gapirar ediki, xuddi hech narsa bo‘lmaganidek. Yong‘in xavfsizligidan kelib ketishgan. Moxovxonang chirib tamom bo‘lgan. Uni yopish kerak, deb har yili o‘shqirishadi. Ta’mir ishlariga birov bir tiyin bermaydi, yoniga borsang oldiga solib, haydaydi. Og‘ayni, bu kasalxona hech kimga kerak emas. Avvallari bu yerdagi shifokorlar viloyatlar bo‘ylab endemik o‘choqlarni tekshirishgan, yangi kasallarni qidirishgan. Hozir bu sohada bunday ishlar umuman amalga oshirilmayapti. Qayerda kim borligi, hech kimni qiziqtirmaydi. Bir amallab farrosh qorovul va hamshiralarga uchma-uch qilib oylik berib turibmiz. Kimga borsang “Otangga bor, onangga bor”, deyishadi. Keyin aytib qo‘yay, moxovxonadagi asosiy bemorlar O‘zbekistonlik emas. Bir vaqtlar olib kelingan va O‘zbekistonning pasporti berilgan. Bularning ketadigan joyi ham yo‘q. Faqat o‘lsagina qutilamiz.

Asabiylashdim. Unga qarata “Siz bosh shifokorsiz bemorlar to‘g‘risida hech qachon bunaqa fikrda bo‘lmang. Ular bizning fuqarolarimiz. Men ham qarab turmayman, albatta yordam beraman. Siz ham bersa yeyman, bo‘lmasa o‘laman degan zaylda ish tutmang. Birgalikda ishlaymiz”, dedim. 

Egamberdi Eshboyev.

Davomi bor.