Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari (10-qism)

Ertasiga ertalab bemorning uyiga kirib bordik. Oddiygina hovli, ammo hamma tomoni supurilgan, top-toza.  Hovlidagi katta supada ko‘rpachaga o‘ranib oq soqolli otaxon o‘tirardi. Bizning kelishimizni eshitib, ayollar, kelinlar, yosh bolalar to‘lib ketdi. Hammasi biz bilan salom-alik qilishdi. Biz ham Vaqqos aka bilan supadagi ko‘rpachaga o‘tirdik.  Shu payt hovlida yurgan bir erkak kelib biz bilan quyuq salomlashdi. Keyin gap boshladi

- “otamning ikki oyog‘ini nemisning minasi olib ketgan. Uzoq yil protez olib beramiz, deyishdi, hech unamadilar. To‘y-hashamga o‘zim orqamda ko‘tarib olib boraman. Ishtahasi yaxshi, urushdan oldin bolalari turmagan, men yolg‘izman. Shuning uchun ismim Tursunboy. Boltiq bo‘yidagi davlatlarni Estoniya, Latviya, Litvani ozod qilishda qatnashgan. Urushdan keyin ham u yurtlarda salkam o‘n yil qolib ketgan. Onam bezgakdan yosh o‘lib ketgan...”

Suhbatimiz qiziganidan vaqt allamahal bo‘lganligini sezmabmiz ham. Xayrlashib, ortga qaytdik. Yo‘l-yo‘lakay Vaqqos akaga lom-lim demadim, chunki u asli tashxisni bilmasdi. Yo‘lda u kishi ham qiziqib so‘rab qoldi:

- U kishi moxov bo‘lganmi?

-Yo‘q, - biz manzildan adashdik deb gapni qisqa qilib qo‘ya qoldim. Kechqurun mehmonxonada dam oldimda, ertasiga Farg‘onaga qarab ketdik. U yerda bizni viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri bosh shifokori Ra’no opa kutib oldi. Opa juda kelishgan, ayniqsa, uning xushchaqchaqligi menga ma’qul keldi.

- Hozirda Oltiariqda bitta, keyin Toshloqda bir moxov ayol tirik. Qolganlari allaqachon o‘lib ketgan, - deya ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashdi Ra’no opa.

Oltiariqqa otlandik. Manzilga yetib keldik. Bemor bozor oldidagi yo‘lakda uchrab qoldi. Yonida 10-12 yoshar o‘g‘il, o‘zlari qora ko‘zoynak taqib olgan. Ammo bir oyog‘ini sal sudrab bosardi. O‘zimizni tanishtirishimiz bilanoq bemor hamrohligida uning uyiga keldik. Tokzorlarini ko‘rib og‘zim ochilib qoldi. Oq-qizil, qora, sariq rangli uzumlar ko‘zni qamashtirardi. Nahotki ushbu mevazorni moxovga chalingan bemor qilgan bo‘lsa, deb ajablandim ham.

     Bemor hech tortinmay butun tanasidagi moxovdan qolgan asoratlarni ko‘rsatdi. Hatto terisining qaysidir joylari na issiqni, na sovuqni, hatto og‘riqni ham sezmasligini ruchka bilan chizib ko‘rsatdi. Keyin sekin yig‘lamsirab gapira ketdi. Armiyada xizmati Qozog‘istonning Qizilo‘rda shahrida o‘tgan.

- Kasallikni shu joyda yuqtirib olganman. Biz xizmat qilgan harbiy qismda juda ko‘p mahalliy aholi ham ishlar edi. Shularning bittasi moxov bo‘lib chiqdi. Qarang, xizmatdagi minglab askarlar ichida xastalik faqat menga yuqqan. Peshonam sho‘r ekan, shaharning bir chetidagi moxovxonada salkam o‘n yil davolandim. “Uydagilarga o‘ris qizga uylandim, endi shu joylarda qolaman”, deb yolg‘on gapirdim. Uch yil deganda dadam keldi, dardimni bilib uch kun yig‘ladi. Keyin mendan rozilik so‘rab qaytib ketdi. Qozog‘istondan ham qaytish oson bo‘lgani yo‘q. Uyim yonib ketdi, qo‘llarim, oyoqlarim, yuzlarim olovda kuydi, deb qaytib keldim. Bir yil o‘tmasdan asl ota uyni sotib shu mahallaga ko‘chib keldik. Taqdirimning achchiqligini qarang, yangi mahallada ham bolaligida oyoq-qo‘llari kuyib qolgan qiz bor ekan. Taqdir ekan, ikkalamiz turmush qurdik. Bola-chaqali, mana nevarali ham bo‘ldik. Do‘xtir sizdan iltimos, mening kasal bo‘lganligimni xotinim ham bilmaydi. Teri dispanserida meni biladigan bitta Ra’no opa degan do‘xtir qolgan, keyingi biladigan inson bu – Siz. Shukur, o‘g‘il-qizlarimning hammasi soppa-sog‘. Qozoqlar menga javob berayotganida terimdan 3 marta kesib olishgan va mikroskop ostida ko‘rishgan. Senda moxov mikroblarini topa olmadik, deyishgandi o‘shanda. Mana, oradan salkam 35 yil o‘tdi hamki, hech kimga yuqmadi. Demak, men soppa-sog‘man.

– Ha, siz matonatli inson ekansiz. To‘g‘risi, sabringizga qoyil qoldim. Aslida biz bemorlarni oradan 30 yil o‘tgach, hisobdan chiqaramiz. Sizning oldingizga endi hech kim biz tomondan so‘rab kelmaydi, - deya u bilan xayrlashdim. Hovliga chiqsam u kishining ayollari bir quti sarxil pishgan uzum olib qo‘yibdi. “Do‘xtir, do‘stlaringiz bilan birga yersiz”, deya qo‘yarga-qo‘ymay qo‘limga tutqazdi.

     Toshloq tumanidagi bemor ayolimiz ancha keksayib qolgan ekan. Mahallada uning kasal bo‘lganligini feldsher ayoldan boshqa hech kim bilmaskan. Ko‘rinib turibdi, yaxshi davolangan bitta o‘g‘li ikkita qizi bor.  Hammasi sog‘, uyli-joyli. Piyolada choy ho‘plar ekan, mendan sekin so‘radi:

 - Siz haligi, Bulung‘urdan keldingizmi?

Men ham ovozimni chiqarmasdan sekin “ha” deya javob qaytardim.

- Sakkiz yil u joylarda yotganman. Bir Chori degan surxondaryolik rosa menga tegajog‘lik qilgan. Aroqni ichgan kuni oldimga kelib, boshimni og‘ritardi, - dedi ayol. Men esa uning yaqinda vafot etganligini aytdim.

  • Ena, asli qayerdan bo‘lasiz?, - deya savolga tutdim.

- Men ham erim ham Jaloloboddanmiz. Bulung‘urda birga davolandik. U kishi bultur yorug‘ dunyoni tashlab ketdi. Yaxshi davolandik, terimizdan qirqib uch marta analiz olishdi. Har safar toza chiqdi. Keyin bizga javob berishdi. Ona yurtdan qochib shu yerlarga kelib, imorat qurdik. Farzandlarimizni bolalar uyidan olib keldik. Kichik farzandimiz Toshloqda tug‘ildi.

    Enaning gaplarini eshitib, kasallik azobini chekib, yengilmasdan unga qarshi kurashgan bunday insonlarga qoyil qolmasdan ilojimiz yo‘q.

      O‘tgan asrning 70-80 yillaridayoq moxovni davolashning imkoni bo‘lgan, faqat bunga yillar kerak bo‘lgan. Sabr kosasi singanlar har xil omillar tufayli bu yorug‘ dunyoni tark etishgan. Ammo irodasi mustahkam, kasallikka qarshi kurashganlar, sog‘lom odamlar tomonidan bildirilgan turli xil diskriminatsiya (kamsitilish)ga qaramasdan har qanday vaziyatda ham insoniyligini saqlay bilgan.

       Nimagadir moxovga chalingan bemorlar orasida Farg‘ona shahrida rus millatiga mansub bemorlar miqdori anchagina edi. Qarang rus imperiyasi general Skobolev (oq poshsho) boshchiligida Qo‘qon xoni ag‘darilgandan so‘ng Uzoq Sharqdan minglab rus krestyanlari ko‘chirib kelingan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, sun’iy migratsiya tufayli bemor odamlar ham kelib qolishgan. Mana 40-50 yil bo‘ldiki, Farg‘ona vodiysi hududidan yangi bemorlar qayd qilinmay qo‘ydi. Bizning olib borgan epidemiologik izlanishlarimiz tufayli kasallikning paydo bo‘lish sababi to‘liq o‘rganildi. Deyarli hamma bemorlar eski endemik o‘choqlardan migratsiya tufayli kelib qolishgan. Asli Farg‘onalik bemorlar esa kasallikni uzoq yurtlardan yuqtirib olishgan.

         Andijon viloyatidagi qayta uyushtirilgan safarim ko‘ngildagidek o‘tmadi. Bosh shifokorning davolash ishlari bo‘yicha muovini Mo‘minjon Dehqonov ishdan bo‘shab, xususiy shifokorlikka o‘tib ketibdi. Ulug‘nordagi bemor bilan esa hech kimning ishi bo‘lmay qolgan. Bu fikrlarni yangi muovinning o‘zi isbotlab turibdi. Mening qistovimdan so‘ng yosh To‘lqin degan dermatovenerolog menga hamrohlik qildi.

          Arxiv hujjatlaridan ma’lumki, viloyat hududidan o‘tgan asrning birinchi yarmida jami – 48 nafar moxovga chalingan bemorlar qayd qilingan. Ularning ko‘pchiligi Izboskan, Paxtaobod, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa, Andijon tumani va Andijon shahriga to‘g‘ri keladi. E’tiborlisi shundaki, bu joylarga ham bemorlar inqilob tufayli Rossiyadan, ayniqsa, Xitoyning Yorkent va Qashqar viloyatlaridan ko‘chib kelgan uyg‘urlar tashkil qilgan. Ulug‘norlik bemorning 5-6 oylik maxsus davo hisobiga salomatligi ancha o‘zgargan. Ishtahasi ochilib, yuzlari to‘lishgan. Farzandlarining ham yaxshi tomonga siljishi kuzatildi. Lekin qo‘ni-qo‘shni masalasi... Butun bir bosh oilani hech kim tan olmas, kirdi-chiqdi, oldi-berdi ishlari to‘xtatib qo‘yilgandi. To‘lqinjon do‘xtir bilan bemorga dori-darmon va bozor-o‘char qilib berib, keyin xayrlashdik.

       Ko‘chaga chiqishim bilan To‘lqinjonga dedim:

- Mana uka, moxovni endi bemalol ambulator sharoitida davolasa bo‘ladi. Klinik o‘zgarishni ko‘rdingizmi, dog‘, yara-chaqadan iz ham qolmagan. Do‘stlaringizga, hamkasblaringizga jar solib ayting! MOXOV BEDAVO DARD EMAS.

       Hash-pash deguncha yangi yilning fevral oyi ham keldi. Chet ellik do‘stlarim avval Xalqaro Konferensiyaga taklifnoma, keyin esa Amerikadan turib menga Toshkent-Dehli-Toshkent reyslariga samolyotga chipta olishibdi. Hatto konferensiya dasturi ham ko‘rsatilgan. Unda qachon, qayerda, soat nechida mening ma’ruzam bo‘lishi qayd qilingandi. Keyin Agra shahriga, ya’ni Tojmahalga sayohat ko‘rsatilgandi. Ingliz tilida yozilgan taklifnomani, konferensiyaning kun tartibi bilan yaqindan tanishishi istagida do‘stim professor Saidqosim Arifov huzuriga bordim. U tarjima qilib o‘qib berdi. “Mazza qilar ekansizda,Tojmahalniyam ko‘rarkansiz”, - deya meni bag‘riga bosib qo‘ydi. Professor Saidqosim Arifov yoshligidan juda tirishqoq, bilimga chanqoq edi. Biz hali rus tilini to‘liq o‘rganmasimizdan, u ingliz tilida erkin gaplasha olardi. Deyarli Yevropa davlatlarida hamma dermatologiyaning dolzarb muammolari haqida ma’ruzalar, chiqishlar qilgan. U dunyo miqyosidagi ilmiy jurnallarning tahririyat a’zosi. Bir qancha Xalqaro Konferensiyalarga spikerlik qilgan. Ayniqsa, uning rus tilida chop etilgan “Dermatovenerologiya” nomli rangli atlasi do‘stimni butun dunyoga mashhur qildi. Ikkalamiz muallifdoshlikda “Teri va tanosil kasalliklari” nomli darslikni birinchi bo‘lib o‘zbek tiliga 2000 nusxada chop etganmiz. Bu esa do‘stim bilan munosabatlarimizni o‘zaro mustahkamlagan.            

         Toshkentdan samolyotda avval Hindistonning Dehli shahriga uchdim, keyin kichik mikroavtobusda Agra shahriga yo‘l oldik. Bobomiz Boburning ikkinchi Vatani bizni o‘zining musaffo osmoni va kulib turgan chehrasi bilan qarshi oldi. Hayhotdek mehmonxonaga joylashdik. Butun dunyodan kelgan shifokor leprologlarning soni shunchalik ko‘p ediki, ularning sanog‘iga yetib bo‘lmasdi. Sobiq Ittifoqning Rossiya, Armaniston, Ukraina, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikistonlik hamkasblarimni ko‘rib boshim osmonga yetdi. Ertasiga ertalab konferensiyaning plenar majlisi boshlandi. Yig‘ilishda ishtirok etayotgan Braziliya, Meksika, Xitoy, Xindiston, Yaponiya kabi katta davlatlardan kelgan delegatsiyalar zalning juda katta qismini egalladi.  Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkilotining lepra kasalligi bo‘yicha bosh mutaxassisi doktor Norden yangi davolash uslubini, uning samaradorligi juda yuqori ekanligini tushuntirib berdi.

      Ertasiga ertalabdan kichik zalda Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va yana qator davlatlar bilan bir qatorda men ham o‘z ma’ruzamni o‘qidim. Ayniqsa, Braziliya, Argentina, Meksikalik hamkasblarimiz Sobiq Ittifoqdan kelgan leprologlarning ma’ruzalarini o‘ta qiziqish bilan tinglashdi. Konferensiyaning uchinchi kuni anjuman ishtirokchilari Tojmahalni ko‘rishga bordik. Quyosh chiqar tomonga qarasam qarshimda hayhotdek keladigan oppoq marmardan qurilgan, osmono‘par gumbazlari ila qad ko‘tarib turgan Tojmahal maqbarasi turar edi. Hamma uchun bu shunchaki go‘zal inshoot. Ammo men uchun bobolarim qurgan Tojmahal edi. “Axir mana shu yerdagi minglab anjuman ishtirokchilari ichida bitta men Boburning ona yurtidanmanku”, deya bor ovozim bilan butun borliqqa jar solgim kelardi. Oyoq kiyimimizni yechib, sajda qilib bobom qurgan muhabbat qasri bo‘lmish Tojmahalga kirdik. Bu koshonaning go‘zalligini til bilan ta’riflab bo‘lmasdi.

     Safarning to‘rtinchi kuni kechasi Toshkentga qaytdik. Toshkentda hali qish havosi, bir-ikki gradus sovuq. Aeroportda Hindistondan xarid qilingan kiyimlar hisobidan ust-boshimni yangilab oldim. Kunning sovuqligiga qaramasdan opalarim, pochcham, jiyanlarim va farzandlarim quchoq ochib meni kutib olishdi. Bayramni uyda davom ettirdik. Ayniqsa, onam “Otang ko‘rmagan joylarni ziyorat qilib kelding”, deya uzundan uzun meni duo qildi.  Shanba-yakshanba bolalarim, onamni olib, butun oilamiz bilan dala hovliga ketdik. Dala hovli bu jismoniy ishlar bilan shug‘ullanidigan maskan. Hovlininig bir chetiga Hindistondan olib kelgan ikki tub banan ko‘chatlarini ekdim. Ustini quruq xashak bilan o‘rab, tilak qildim. Qo‘shnim ko‘rib, “Bu daraxt issiq tropik davlatlarda o‘sadi, do‘xtir, sovuq urib ketadi” dedi.  Ahamiyat bermadim. Bechora qo‘shnim bilib-bilmay aytgan shu gaplari uchun hanuzgacha pushaymon bo‘ldi. Chunki bahorning o‘rtasiga kelib, bananlarim shunaqangi o‘sdiki, uning chiroyini, katta-katta shapaloqdek keladigan barglarini ko‘rib havasing keladi.

Ana shunday kunlarning birida yana arxiv materiallarimni ko‘zdan kechirdim. Qarang, Namanganning Yangiqo‘rg‘on tumanida uchrashgan bemor - otaxonning kasallik tarixi chiqib qolsa bo‘ladimi? Haqiqatan urushning oxirgi yillarida u Sovet armiyasi safida xizmat qilgan. Estoniyaning o‘rmonlarida fashistlarga qarshi kurashgan. Hech qanaqa jarohatlar olmagan. Ammo moxov kasalligiga chalinib qolgan va Estoniyaning moxovxonasida salkam 8-10 yil davolangan. Kasallik ta’sirida ikki oyoqlarida chuqur trofik yaralar yuzaga kelgan. Bemorning hayotini saqlab qolish maqsadida shifokorlar ikki oyoqlarini kesib tashlashgan. Ushbu ma’lumotlarni bilganimdan so‘ng oradan 2-3 oy o‘tib, Yangiqo‘rg‘onga yana bordim. Bemorning o‘g‘li otaxonni orqasida ko‘tarib qo‘shni mahalladan to‘y (osh)dan olib kelayotgan ekan. Ota-bola bilan salom-alikdan so‘ng bir piyola choy ustida yaxshilab suhbatlashdik. Salkam saksonni urgan otaxonda moxov kasalligining hech qanaqa yuqumlilik belgisi qolmagandi. Tibbiyotdagi qonun-qoidalarga binoan kasallikning davosidan keyin 30 yil muddat o‘tgach, uning tibbiy ko‘rigi yakunlanadi. Bemor dispanser hisobidan chiqariladi. Shunday ham bo‘ldiki, bemorni kuzatish to‘xtatildi. Ikki yildan so‘ng bemor qarilik tufayli vafot etdi. Shu-shu mana oradan 15 yilga yaqin vaqt o‘tdi hamki bu hududlardan boshqa bemor qayd qilinmadi. Demak, yana eski hol, ya’ni kasallikning yakkam-dukkam o‘choqlarining paydo bo‘lishida migratsiyaning o‘rni katta bo‘lgan.

Kasallik haqda ma’lumotlarni to‘laroq qilib yana Germaniyaga jo‘natdim. Har bir bemorning rasmini olganligimni ahamiyati juda katta bo‘ldi. Ular ushbu ma’lumotlarning hammasini tahlil qilib ilmiy maqola sifatida yo‘llashimni taklif qilishdi. Ayniqsa, “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida moxov kasalligining paydo bo‘lish sabablari va uning evolyusiyasi” nomli ilmiy ishimizni Ya.Fayziyev dissertatsiya sifatida muvaffaqiyatli himoya qilishi butun institut xodimlarini lol qoldirdi. Bu bizning leprologiya sohasidagi xizmatimizning dastlabki ishi edi. Germaniyalik, amerikalik, hindistonlik hamkasblarimiz, ayniqsa, Mels kabi do‘stlarimiz bu yangilikni olqishladi.

Egamberdi Eshboyev,

Dilafruz Eshboyeva.

Davomi bor.