Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari (11-qism)

Bilasiz, Xorazm O‘zbekistoning shimoliy hududida joylashgan, bir tomondan Qoraqalpog‘iston Respublikalari bilan chegaradosh. Bu hudud ham moxov kasalligi bo‘yicha asosiy endemik o‘choqlardan biri hisoblanardi. Biz ekspeditsiyamizning boshida dastlabki bemorni Hazorasp tumanidan aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Bemor yigit endigina 24 yoshga to‘lgan ekan. Kasallikning manbai uning otasi bo‘lib chiqdi. Moxovga chalingan ota moxovxonada to‘liq davoni o‘tamasdan 13 yil avval kasalxonadan qochib ketgan, qaytib davolanmagan. Bu paytda uning o‘g‘li yosh bo‘lgan. Oradan 3-4 oy o‘tib, otaxonni topishga muvaffaq bo‘ldik. U dalada o‘zi uchun qurib olgan shiyponchada yashar ekan. Uyiga juda kam kelar, odamlarga deyarli qo‘shilmay, ovloqda kun ko‘rib yurgan. E’tiborlisi shundaki, garchand bemor to‘liq davolanmagan bo‘lsada, uning tanasida kasallikning klinik ahamiyatlari deyarli yo‘q edi. Oyoq-qo‘llarida ham mutilyasiya kuzatilmadi. Bemor juda ko‘p mehnat qilgan, yashash uchun kurashgan. Demak, moxov juda murakkab kasallik, uning yuqish darajasini aniqlash, hatto qachon yuqib qolishini belgilashning imkoni yo‘q. Uning o‘g‘lini avval biz davoladik, keyin Rossiyalik leprologlar Astraxan lepra instituti klinikasida davolashdi, ammo natija kutilganidek bo‘lmadi. Bemor Rossiyadan piyonista bo‘lib qaytdi.

      Keyingi izlanishlarimiz tufayli viloyatning Yangibozor tumanida, yangi bemor erkak aniqlandi. U kishi ko‘zlaridagi asorat hisobiga 10-15 yil davomida oftalmologda davolanib yuravergan. Kunlarning birida shaxsan onasi uni moxovxonaga olib borgan. Sababi bu onaxonning tug‘ishgan ukasi avval moxov bo‘lib keyin ko‘r bo‘lib qolgan ekan.

       Haqiqatan leprologiya sohasi juda murakkab fan hisoblanadi. Demak, kasallikka klinik tashxis qo‘yish uchun faqatgina teri kasalliklarini bilish kifoya qilmaydi. Leprolog oftalmologiya, nevrologiya, endokrinologiya, mikrobiologiya va epidemiologiya kabi fanlardan xabardor bo‘lishi lozim. Oradan 1-2 yil o‘tar-o‘tmas Xorazmning Qo‘shko‘pir tumanidan ketma-ket ikkita moxovga chalingan ayollar aniqlandi. Ikkalasi ham moxovning og‘ir ko‘rinishi bo‘lmish lepramatoz xili edi. Bemorlarning ikkalasi ham umuman bir-birini tanimaydi. Yoshlari 60 dan oshgan. Kattasining (67 yosh) salkam 17 ta, ikkinchisining esa 49 ta maishiy kontaktlari bor. Haqiqatan ham bunday vaziyatda epidemiologik ahvol og‘ir hisoblanadi. Ushbu holatni e’tiborga olib, mahalliy dermatovenerologlar bilan birgalikda bemorlar aniqlangan har ikkala mahalla aholisining yetti yoshidan yetmish yoshigacha hammasini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Bemor ayollarni esa vaqtincha davolash uchun moxovxonaga yotqizdik.

      Oradan haftalar-oylar o‘tdi. Kunlarning birida xonamning eshigi taqilladi. O‘rnimdan turib, eshikni ochib, u yerda turgan odamga ichkariga kirishga ishora qildim. Soch-soqoli o‘sgan, 30-35 yoshlardagi yigit boshini ko‘rsatdi. Keling, marhamat, deb stulga qarab joy ko‘rsatdim. “Do‘xtir, men onamni ko‘rishga keldim. O‘zim Xorazmlikman. Qo‘shko‘pirdanman. Kecha keldim. Rossiyada ishlayman. Uyga borsam sizning manzilingizni berishdi. Onam qayerda?” deb yana vajohat bilan so‘ray boshladi. Men ham bo‘sh kelmay: “Olib borsam borasizmi? -  deb so‘radim. U hech ikkilanmasdan rozi bo‘ldi.

 – Marhamat, mana pul, men uchun ham samolyotga chipta olasiz. Ikkinchisi o‘zingizga. Indingga sahar uchib ketamiz, - deganimni bilaman:

- Nima, onam shunaqa uzoq joydami? - deya savolga tuta boshladi. 

- Ha, onangiz Qoraqalpog‘istoning Nukus tumanida, kasalxonada davolanyapti.

- Axir uydagilar Toshkentda deyishdi-ku.

– Yo‘q, og‘ayni onangiz Qoraqalpog‘istonda.

- Borsa-kelmasdami?

- Sizga yo‘q dedim-ku.

 U boshini egib, bir muddat jim bo‘lib qoldi.

 – Do‘xtir hozir yonimda uchish uchun pulim yo‘q. Kechqurun poyezdda Xorazmga ketaman, vaqtini kelishib, Qoraqalpog‘istonda uchrashamiz, deb men bilan xayrlashib ketdi. Ikki hafta o‘tib, u bilan Qoraqalpog‘istonda uchrashdik. Kasalxonaning uzun koridori bo‘ylab oxirgi xonaga kirdik. Bitta palatada bir onaxon temir krovatning chetida ma’yus o‘tirardi.

– Assalomu Alaykum, - deb qattiqroq ovozda salomlashdim.

– Onaxon, sizni ko‘rish uchun o‘g‘lingiz kelibdi, deb ostonada turgan o‘g‘liga yuzlandim. Onaxon o‘g‘lini ko‘riboq xapqirib, bag‘riga bosishga oshiqqan edi hamki,  o‘g‘li bir qadam ham oldinga yurmadi. Ikkalasi ikki tarafda ho‘ngrab yig‘lay boshladi. 5-10 daqiqa o‘tmasdan koridorni boshqa bemorning har xil ovozlari bosib ketdi. O‘g‘il olib kelgan narsalarini hamshiraning xonasiga tashlab, xayrxushlamasdan ketib qoldi. “Bu ikki insonning uchrashuvi qayg‘ulariga sababchi bo‘lgan menman”, deb men bu yoqdan ich-etimni yeya boshladim. Qachongacha bu holat davom etadi? Qachongacha odamlar bu kasallikning bunchalik vahimali emasligini tushunib yetishadi? degan xayollar miyamda aylanaverdi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas onaxon vafot etdi. Qarangki, onaxon aslida moxovdan emas, balki yurak xurujidan vafot etgandi.

        Qo‘shko‘pirlik ikkinchi ayol yaxshi davolandi, butun oila a’zolari bag‘rini ochib uni qarshi olishdi. Qolgan davoni ambulator sharoitda uyda davolanishini tushuntirdim. Ketishimdan oldin onaxon bir gapim bor dedi:

 - Urush tugaganida biz 7-8 yosh bola edik. Otamning ukasi Ukrainada armiya safida xizmat qilgan. Shu joyda ukrainalik ayolga uylanib qolib ketgan. 3-4 yilda bir kelib, ketar edi. Nuqul qora ko‘zoynak taqib yurardi. Biz uni oliftagarchilikka yo‘yardik. Qoraqalpog‘istondagi bemorlarning juda ko‘pida xuddi shunaqa qora ko‘zoynak bor. Senga shuni aytib qo‘yay, amakimiz allaqachon vafot etgan. U tomonlardan hech kim kelmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Bu gaplarni eshitib, umuman boshqacha bo‘lib ketdim. Amakining ism-familiyasini olib Toshkentga qaytdim.  

      Safardan qaytib, ishga keldim. Ishxona alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib yotibdi. Hammaning og‘zida bir gap: “Direktor ishdan ketarmish”. Birovi unday desa, birovi munday deydi. Kechga borib, soat besh-oltilarda direktorning oldiga kirdim. Doimo qabulxonasi to‘la odam bo‘lardi, bu safar hech kim yo‘q edi.

– Eshitgandirsan, bekorga kirmagansan. Menga boshqa ish taklif qilishyapti. O‘rnim birovga kerak bo‘lganga o‘xshaydi. 

– Siz tadbirkorsiz, hamma ishni qilib ketaverasiz.

– Bilaman, men seni biroz qiynab qo‘ydim. Sen yangi direktor bilan bemalol ishlay olasan. Ishonchim komil. Ertaga xonadagi yuklarimni malaka oshirish institutiga olib borib bersang.

Haqiqatdan ertasiga eski xo‘jayinni aytgan joyiga kuzatdik. Yangi direktorni esa kutib oldik. Har doimgidek bo‘lim boshliqlarini yangi direktor xonasiga chaqirib yaqindan tanishib chiqdi. Men bilan ham yolg‘iz suhbatlashdi. Xullas, hamma kabi kelajakdagi ilmiy ishlar borasida kelishib oldik. Suhbatimiz oxirida: “Domla sizga tegishli yangilik bor. Oliy attestatsiya komissiyadan xat bor. Sizga professorlik ilmiy unvonini berishmoqchi. Birinchi ilmiy kengashda hujjatlaringizni ko‘rib chiqamiz, zudlik bilan tayyorlaning!” dedi.

 Minnatdorchiligimni bildirib, ko‘tarinki kayfiyatda uning oldidan chiqib ketdim. Bir yil muqaddam Oliy attestatsion komissiyasi (OAK) raisi bir kelib keting, deb iltimos qilgandi. Hamma ishimni yig‘ishtirib, direktordan ruxsat so‘rab rais oldiga tashrif buyurdim. U kishi meni juda yaxshi kutib oldi. Salom-alikdan so‘ng uchrashuv sababini aytdi. Derazaga qarab “Xo‘v, anavi archa yonida turgan yosh ayol mening qizim. Homilador. Birinchi farzandi. O‘zi talaba. Shu desangiz teri-tanosil kasalliklari fanidan bir-ikkkita dars qoldirgan. Uning ustiga xuddi shu fandan darsligi ham yo‘q ekan. Siz teri tanosil kasalliklari darsligining muallifi ekansiz. Bizga sizning kitobingizdan kerak. Sikl o‘tgandan so‘ng qaytarib beramiz,” dedi.

– E, domla, men kitobni yoshlar uchun yozganman. Mana, marhamat, - deb papkamdan bir dona kitob chiqarib berdim. Xuddi bilganday olib qo‘ygan ekanman. U kishi shu zahoti derazani ichkaridan ochib, qiziga kitobni uzatdi. U ham minnatdorchiligini bildirib, xayrlashib ketdi.

  • Uka, sizga rahmat. Ishimizni hal qilib berdingiz. Xo‘sh, bizga qanday xizmatlar bor.
  • Avvalo, sizdek inson bilan tanishganimning o‘zi katta gap.
  • Shuncha darslik, monografiyalar yozgan ekansiz, professorlik ilmiy unvonini olganmisiz?
  • Yo‘q, - dedim.

U esa:

  • Bizga kichkina metodik qo‘llanma yozganlar professorlik unvonini so‘rab kelishadi. Nechta shogirdlaringiz bor?
  • 4 ta. Kechirasiz, hali to‘rtinchisi diplom olganimcha yo‘q.

Shu payt u ichki telefondan muovinini chaqirdi. 3-4 daqiqa o‘tmasdan muovin ham kirib keldi.

  • Karim aka, bu kishini taniysizmi?
  • Ha, albatta. Dermatologiyada ishlaydilar. Bir qancha kitoblarini o‘qiganman.
  • Bo‘lmasa, gap bunday. Zudlik bilan hujjatlarini tayyorlanglar. Keyingi maxsus ilmiy kengashda ko‘rib chiqamiz.
  • Uka, sizdan iltimos, ishxona direktori nomidan menga xat olib keling, - deya u men bilan xayrlashdi.

       Ertasiga bo‘lgan suhbatni direktorga ma’lumot tariqasida yetkazdim. Direktor bosh shifokor bilan, profsoyuzning raisini taklif qildi. Menga tegishli kichkinagina ma’lumot katta janjalga aylanib ketdi. Hech narsani tushunmay qoldim. Men nima yomon gap gapirdim, aqlim yetmasdi. Keyin hammasi ayon bo‘ldi. Xullas direktor Oliy attestatsion komissiya raisi nomiga xat yozmaydigan bo‘ldi. Keyinchalik bilsam Oliy attestatsion Komissiya raisi tashabbusni o‘z qo‘liga olib, birinchilardan bo‘lib xat yozgan. Ammo eski direktor uni saqlab, har xil bahonalarni ro‘kach qilib yuravergan. Yangi direktor esa ko‘p ham cho‘zmadi, haqiqatdan birinchi ilmiy kengashdayoq menga professor ilmiy unvoni berishni bir ovozdan ma’qullashdi. Oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas mahalladoshim – gigiyena bo‘yicha professor Anatoliy Sagatboyevichni ko‘rib qoldim. Salom-alikdan so‘ng u kishi:

 - Tabriklayman, bugungi Oliy attestatsion komissiyasi ilmiy anjumanida sizga “professor” ilmiy unvonini beribdi. Buyursin, uka, - deb meni qattiq quchoqlab bag‘riga bosib qo‘ydi. Kechga borib esa mahalladosh do‘stim bilan yangi unvonni “yuvdik”.

      Xursandchilik kunlarimning birida Sog‘liqni Saqlash Vazirligiga kechga tomon borishimni so‘rashdi. Vazirlikda avval kadrlar bo‘limining boshlig‘i men bilan suhbatlashdi. Gaplari qandaydir chigal, tushunib bo‘lmasdi. “Moxovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kimga bergansiz?”

– U yerda hech qanday sir yo‘q. Hammasi tarixiy ma’lumotlar va ko‘rsatkichlar. Xullas, domla, qo‘shni xonada sizni Milliy Xavfsizlik Xizmati (MXX) xodimi kutmoqda. Javob berishingizga to‘g‘ri keladi.

     Ichkarida menga notanish odam o‘zini MXX polkovnikiman, deb tanishtirdi va qizil hujjatini ko‘rsatdi. Salom-alikdan so‘ng xorijda aynan qaysi davlatlarda bo‘lganligimni, u yerdagilar bilan nimalar to‘g‘risida suhbatlashganimni, kimlarni tanishimni maydalab so‘radi. Axiri xunob bo‘lib, “To‘g‘ri tushuninglar, bularning hammasi konferensiya paytida qilingan ishlar hamda ularning tahlillari-ku, -  deya javob qaytardim. Shu payt polkovnik o‘rnidan turib, “Siz yaponiyaliklarga elchixonada o‘z qo‘lingiz bilan maxfiy hujjatlarni bergansiz. Evaziga nima oldingiz”, desa bo‘ladimi.

– E, og‘ayni, gap bu yoqda deng. Men ularga faqat moxovga chalingan yapon askarlarining kasallik tarixidan ko‘chirma berganman, xolos. Ikkinchi Jahon urushidan keyin Kvantun armiyasining asirga tushgan beshta maxbusida moxov aniqlangan. Ular bizning kasalxonamizda davolanishgan. Eron, Latviya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Tojikistondan kelib qolgan bemorlarning kasallik tarixlari mening uyimda yotibdi. Ularni hech bir davlat davolash muassasasi o‘z arxiviga olishmaydi. Bu hujjatlarni mendan boshqa hech kimga keragi yo‘q, - dedim. U esa: Yuqib qolishidan qo‘rqmaysizmi?, deb menga qaradi. Men uning yuziga tik qarab: “Yo‘q, qo‘rqmayman”, dedim.  – Keyingi hafta O‘zbekistonga 10 nafar yaponiyalik mehmonlar kelyapti. Oliy Majlisdan ruxsat so‘rabdi. Faqat ular Qoraqalpog‘istondagi moxovxonaga borishar ekan. Nima deysiz? Yaponiyada bir umr topganini moxovlarga hadya qiladigan milliarder bor. U butun dunyodagi bemorlarga o‘zining gumanitar yordamini berib keladi. Ismi Soso Kava. Hozirgi moxovlarga biz berayotgan dori-darmonlarning hammasi uning xayriya yordami hisobidan bepul amalga oshiriladi.

   -   Bu fikrlaringiz yaxshi. Ammo bizning ruxsatimizni aylanib o‘tmang. Biz hammasidan xabardor bo‘lishimiz kerak. Endi keyingi masala. Bu gaplarni besh yilgacha hech kimga aytmayman, deb so‘z bering va mana bu yerga imzo cheking. Qog‘ozga qaramasdan imzoimni qo‘ydim. Shundan keyin u sekin gapira boshladi: - Qo‘shni MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi) tashkiloti rahbarining yuziga qo‘rqinchli toshmalar toshib ketgan. Kimdir uni kislota to‘kilib ketgan desa, boshqa birov moxov bo‘lib qolgan deydi. Bizning ham rahbarimiz u kishi bilan ko‘p marta uchrashgan. Aytingchi, yuqib qolishi mumkinmi?

- Yo‘q, yuqmaydi. Avvalambor u kishi moxov bo‘lmagan, ikkinchidan davlat rahbarlari orasida 50-60 yilki hali hech kim bu kasallikka chalinmagan.

- Yolg‘iz o‘zingiz bunday fikrlarni erkin aytishga qo‘rqmaysizmi?

- Qo‘rqmayman! Olgan, o‘qigan bilimlarim, amaliy tajribalarim buni isbotlagan.

- Endi, domla, yana bitta iltimosim bor. Shaxsiy iltimos. Faqat buni sir saqlayman, deb so‘z bering. Shu desangiz chov sohamda oqimtir dog‘ bor, juda ko‘p qichiydi. Ayniqsa, piyoda yursam achishib bezovta qiladi.

- Qani bir ko‘rsating!

 Qarasam zamburug‘li kasalliklarda uchraydigan kepaklanib turuvchi oqimtir dog‘ ekan. Darrov dorisini yozib berdim, gazli, shirin sharbatlar, ichimliklarni ko‘p ichmang!

  • Voy og‘ayni, har kuni kamida ikki litr gazli Koka-Kola ichaman-ku.
  • Mumkin emas. Yozib bergan malhamni 2 mahal surtib, gazli ichimliklarni kamaytirsangiz 5-6 kunda albatta tuzalib ketasiz, deb polkovnik bilan xayrlashdim. Keyin bilsam bir-ikkita shifokor unga “pes bo‘lib qolgansiz” deb uning “jonini olgan ekan”.

  Egamberdi Eshboyev,

Dilafruz Eshboyeva.

Davomi bor.