Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari
3-qism
Ertasiga ertalabdan yana moxovxonaga keldik, asosiy bemorlar umumiy oshxonada, ba’zilari esa 2-3 kishi bo‘lib yotgan xonada bir jam bo‘lib nonushta qilishardi. Nogiron, ko‘zi ojizlarni esa hamshiralar va farroshlar ovqatlantirar ekan.
- Bu joyda "meniki, seniki", degan gap yo‘q, - deb gap boshladi bosh shifokor. - Topganimizni birgalikda baham ko‘ramiz.
Oradan yarim soat o‘tar-o‘tmas birma-bir hamma palatalarga kirib, ertalabki tibbiy ko‘rikni boshladik. Bilganimni gapirdim, bilmaganimni Vladimir Ivanovich o‘rgatdi. Leprologiya sohasi haqiqatan juda ham qiziq va murakkab fan ekanligiga shubham qolmadi. Bitta bemorning kasalxonada yotganiga 20 yil, ikkinchisiga 10 yildan oshgan. Biri kasallikning qanday boshlanganligini bilmayman, desa, ikkinchisi to‘satdan tanamdagi oq dog‘larni ko‘rib qoldim, deydi. Uchinchisi bo‘lsa, qo‘l-oyoqlarimning barmoqlari hech narsani, ya’ni na og‘riqni, na issiq-sovuqni sezardi, keyin borib-borib qosh-kipriklarim to‘kilib ketdi, deb kasallik tarixini gapirib berishdi. Lekin asosiy bemorlar qo‘l-oyoqlarim, tanam va yuzim terisiga har xil kattalikdagi tugunlar chiqib ketdi. Toshmalar og‘rimasdi, qichimasdi. Shuning uchun ham do‘xtirga borgimiz kelmagan, deya hayotiy shikoyatlarini so‘zlashdi.
Peshinga borib ko‘ziga qora ko‘zoynak taqib olgan Seyibnazar degan qoraqalpoq bemor meni alohida suhbatga taklif qildi.
– Uka, hali yosh ekansan, o‘g‘lim desam ham bo‘ladi. Men bu yerda yigirma besh yildan ortiq vaqt umrimni o‘tkazdim. Yoshligimning eng go‘zal davri mana shu moxovxonada o‘tdi. Asli kasbim o‘qituvchilik, tarix fanidan dars berganman. Endi o‘zim moxovxonadagi tarix bo‘lib qoldim. Moxov bo‘lsang, tamom, senga jamoat bilan ishlashga hech kim ruxsat bermaydi. Sen uchun hamma eshiklar yopiladi. O‘qituvchilikka yo‘l bo‘lsin. Men boshqa bemorlardan farqli ravishda ko‘p harakat qildim, iloji boricha bo‘sh bo‘ldimmi, jismoniy mashqlar bajarardim. Rossiyaning Astraxan shahridagi ruslarning leprozoriyasida olti yildan ortiq vaqt davolandim, shu joyda bir qalmiq bemor o‘rgatgan. Yashaging kelyaptimi, tamom, harakat qil, bir joyda uymalashib o‘tirib qolmagin. Taomnomangda har xil mevali, go‘shtli mahsulotlar bo‘lsin, ya’ni, vitamin va oqsillarga boy ovqatlarni yeyish kerak. Qalmiqlar bir paytlari qishda ham, yozda ham faqat dudlangan baliq iste’mol qilishgan, xolos. Shuning uchun ularning immuniteti past bo‘lgan. Buning ustiga aroq, vino juda ko‘p ichishgan. Mana senga ma’lumot. Bizda ham erkak bemorlar spirtli ichimliklar ko‘p ichishadi, keyin qarabsizki, qorni shishib sirroz bo‘ladi. Ko‘pchiligi shu kasallikdan "ketib" qolishadi.
Keyingi asosiy muammo bu kambag‘allik, och-nahor yashash. Odamlar qanchalik nochor bo‘lsa, qo‘li kaltalik qilsa u joyga kasallikning o‘zi keladi. Bechora moxovlarni asosiy qismining uy-joyi juda xarob, ularni kambag‘allik ezib tashlagan. Men mana shu joydagi umrim davomida, ya’ni yigirma besh yil ichida hali o‘ziga to‘q, usti butun odamlarning moxov bo‘lganini ko‘rganim yo‘q. O‘z paytida yeb, ichib, toza yursang, senga kasallik yaqinlashmaydi. Yana bitta tushunarsiz masala bor: yangi bemorlarni topmoqchi bo‘lsang eskisining uyiga bor. Sizlarning tillaringizda ularni bemorlarning maishiy muloqotdoshlari deyishadi. Xullas, qavmu-qarindoshlarini tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib tur. To‘g‘ri, ularning hammasini bemorlar birma-bir sanab, senga hech qachon aytib bermaydi. Tilini top, nima qilsang ham ular bilan yaqin og‘ayni bo‘lib ket. Yomonlikni aslo ravo ko‘rma. To‘g‘ri, ular hech kim yoqtirmaydigan, hamma yomon ko‘radigan xastalikka chalingan. Shuning uchun ham hech kimni ayab o‘tirmaydi, allomangdan ham qo‘rqmaydi. Hayotda ularni kimlar haqorat qilmagan, qarg‘amagan, kerak bo‘lsa yuziga solib, haydashgan. Sog‘lom odamlarning hammasi, ulardan jirkanadi. Hatto o‘z farzandlari ham. Moxovga chalingan otasi yoki onasidan yuz ko‘rishmaydigan bo‘lib ketgani nechta.
Ko‘z oldingga keltirib ko‘r, hech joyda ishlamasang, ishlayman desang seni hech bir korxona ishga olmasa, uning ustiga, kasallikning azobini aytmaysanmi? Yillar o‘tib og‘ir nogironlikda yotib qolasan yoki o‘lib ketasan. Ana shunda kuningga moxovxona yaraydi. Ovqating, ust-boshingni, boshpanangni beradi. Bizlar uchun bu joy oxirgi ilinjimiz, aytib qo‘yay. Keyingi yillarda leprozoriyani eslab, nemislar, inglizlar, amerikaliklar, hindlar ham keladigan bo‘lib qoldi. Ular oziq-ovqat, kiyim-kechak, idish-tovoq, ba’zilar o‘rin-ko‘rpa, hatto televizor, muzlatkichlar ham olib berishadi. Lekin o‘zimiznikilar jim-jit. Demak, chet elda moxovga umuman boshqacha qarashar ekan-da. Shuning uchun ular bilan aloqada bo‘lishing kerak. Shundagina bu sohada katta o‘zgarish qilishing mumkin. Bo‘lmasa, sen ham hech narsaning ma’nosini bilmasdan o‘tasan, dedi-da gapini yakunladi.
Bizni uzoqdan kuzatib turgan Vladimir Ivanovich, meni yoniga oldida butun moxovxonani aylantirib chiqdi. Eski imoratlarni hozirgi paytda ishlab turgan binolarning, yaxshi tomonini ham, ishdagi kamchiliklarni ham, hammasini birma-bir aytib berdi.
- Eng birinchi binolarning tomini qaytadan yopib chiqish kerak, - dedi. - Xonalardan chakki o‘taverib ko‘p joylar nurab ketgan. Qishda har bir palatani o‘tin yoqib isitish azob. Ko‘mir yetishmaydi. Suvni tashib ichamiz. Gaz to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas, bu joylarga gaz keltirish uchun juda katta mablag‘ kerak. Siz hovliga chetlab tortib qo‘yilgan simlarni ko‘ryapsizmi?
- Ha, albatta.
- Bularning boshi koridorning kirish qismidan boshlanadi, oxiri esa hojatxonada tugaydi. Buni biz o‘zimiz o‘ylab chiqqanmiz, ko‘zi ojiz bemorlarning hojatga borgisi kelsa, simni ushlab to‘g‘ri ketaveradi. Keyin hojatini bajarib, orqaga qaytadi. Hamshiralar ularning hammasini birma-bir yetaklab yurishga vaqti yetmaydi. Uning ustiga bahorda chopiqqa, kuzda esa yoppasiga paxta terishga kamida ikki oyga safarbar qilishadi. Shunda juda og‘ir ahvolga tushib qolamiz. Dardingizni hech kim eshitmaydi, axir paxta davlatimizning iftixori-ku.
Yarim o‘rmonzorga o‘xshagan moxovxonaning hovlisida, ayniqsa, gujum, ko‘k terak va tol daraxti juda ko‘p edi. Ularning barchasining tagidan chuqur va enli qilib, ariq handak kovlangandi.
– E’tibor bering, - dedi Vladimir Ivanovich. - Ariqlarni keng qilib, har doim suv bilan to‘ldiramiz va shu tariqa sho‘r tuproqni yuvib turamiz, bo‘lmasa bu joylarni bir-ikki yilda sho‘r tuproq bosib ketadi. Qarabsizki, xash-pash., deguningizcha cho‘lga aylanadi.
Daraxtlar orasida butun shox-shabbasi qiyshiq tollarga ko‘zim tushdi. Ularni ikki qator qilib ekishgan. Tanasining biron-bir joyi to‘g‘ri emas. Vladimir Ivanovichdan so‘radim "Bu qing‘ir-qiyshiq tol daraxtlarini qayerdan olib kelishgan? Nima, ataylab ekilganmi?".
- E.., - deb gapini boshladi u. - Bu moxovlar orasida afsona yuradi. Shu daraxtlargina ularning ko‘nglini topa oladi. Uning tanasi qiyshiq, mening ham butun qo‘l-oyoqlarim, yuzim qiyshiq, faqat mana shu tollar bizni tushunadi, deb iltijo bilan boqishadi. Yangi kelgan bemorlarning hammasi soya-salqin izlab shu daraxtlarning tagiga kelib butun nolasini aytishadi. Daraxtning shox-shabbasiga har xil rangda matolarni osib qo‘yishadi. To‘g‘risini aytsam, shunga o‘xshagan udum hamma moxovxonalarda bor. Men Qozog‘iston, Tojikiston, Ukraina, Rossiya, Ozarbayjon va Boltiqbo‘yi davlatlarida hamma leprozoriyalarda bo‘lganman. Lekin taqdir ekan, Bulung‘ur leprozoriyasida bo‘lmaganman. Shuni aytsa kerak, oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deb, - dedi-da menga qaradi. - Yuring, endi moxovxonadan sal nariga chiqamiz. Yam-yashil daraxtzorlar tugashi bilan har xil o‘t-xashak chakalakzorlar bosgan dalaga chiqib qoldik.
Usti somonli loy suvoq qilingan. Uning tagiga qalin qamish bosilgan, balandligi deyarli yer bilan tenglashib ketgan yerto‘laga kirdik. Uning ichi yozning jazirama issiq kunida ham juda zax va salqin edi. Ammo qiziqarlisi shunda ediki, yerto‘laning ichidagi maydonda uzun-uzun va tekis qilib kovlangan, chetlari silliq handaqlar ko‘p edi. Bu ariqlar xuddi askarlar kovlagan okoplarni eslatardi. Okoplarning ikki yoni va pastiga qalin va tekis qilib, xuddi taxtalar qoqilgandek qamishlar qotirilgandi.
-Xo‘sh, buni nima deb o‘ylaysiz?
- To‘g‘risini aytsam, bunaqasini ko‘rmaganman. Okop desam bu joylarda hech qachon urush bo‘lmagan. Askarlar uchun mashq maydoniga o‘xshamaydi yoki aholini havodan qilingan xujumdan himoya qiladigan inshootmi? Xullas bilmayman, - deb taslim bo‘ldim.
- Bo‘lmasa eshiting, bu joylarga qahraton qishda yoki erta bahorda ichimlik suvini keltirish azob. Hammayoq qatir-qutur qor, muz bo‘ladi. Sovuq ba’zan 20-30 darajadan oshib ketadi. Aksincha, bahor oylarida na kichik, na katta yo‘llarda yurib bo‘ladi. Loy belingga chiqadi. Transportlarning yurishi to‘xtab qoladi. Shunda siz aytgan ushbu okoplar kunimizga yaraydi. Qish boshlanmasdan sal oldin, ya’ni kuzning nihoyasida bu handaqlarning hammasi yomg‘ir suvi bilan to‘ldiriladi, kerak bo‘lsa, nasoslar yordamida suvni daryodan tortib olamiz. Qahraton qishda suv qattiq muzlaydi. Bu muzlar uzoq vaqt erimasdan saqlanib qoladi. Xizmatchilar muzlarni xuddi daraxtni kesganday, ularni kubik shaklida arralab, aravalarda moxovxonaga olib kelishadi. Keyin muz parchalari olovda avval eritilib, keyin esa qaynatiladi. Biz bu muzlardan yozning yarmigacha bemalol foydalanganmiz. Endi yo‘llarimiz har tugul ancha yaxshi. Bu yerosti inshootlariga hojat qolmadi.
Dastlabki leprozoriya Orol dengiziga juda yaqin Tayli ovulida joylashgan. U yerda har xil hayvonlarni ov qilish juda qulay bo‘lgan. Ayniqsa, dengizdan baliq ovlash mahalliy xalqning asosiy kasbi hisoblangan. To‘g‘rirog‘i, qoraqalpoq ahlining eng shirin taomi baliq hisoblangan. Qishin-yozin baliq iste’mol qilishgan. Vitaminli, oqsilli boshqa mahsulotlar bu joylarda juda ham kamchil bo‘lib, ularni sho‘r va zax yerda yetishtirishning iloji ham yo‘q edi. Aholi ko‘chmanchilik yo‘li bilan turli xil uy hayvonlarini, sigir, tuya, echki, qo‘ylar, hatto parandalarni ham boqishgan. Ammo Orol dengizi atrofidagilarning aksariyati baliqchilik bilan shug‘ullanganlar va asosiy taomi baliq bo‘lgan. To‘g‘risini aytish kerak, bu hududlarda yashaganlarning aksariyati kambag‘al va nochor holda kun ko‘rishgan. Ichimlik suvining kamligi, meva-sabzavotlarning yo‘qligi oqibatida, ayniqsa, sanitar-gigiyenik sharoitning pastligi natijasida aholi orasida turli xil yuqumli kasalliklar keng tarqalgan. Bundan moxov kasalligi ham istisno emas. Bu so‘zlarning asl ma’nosi, moxovxonadagi Soyipnazar degan bemor aytgan gaplaridan deyarli farq qilmasdi.
Kechki ovqatni Vladimir Ivanovichning xonadonida qildik, ayoli juda ham pazanda ekan. Ular ikkovlashib qo‘yarda-qo‘ymay meni uyida qolishimga rozi qilishdi.
- Endi Egamberdi Husanovich, bamaylixotir gaplashadigan yana bir muammo bor. Moxovxonaning tashqi, ichki remonti uchun juda katta mablag‘ kerak, uni davlat bera olmaydi. Uning ustiga kasalxona, shahar markazidan ancha uzoqda, kamida 40-45 km. keladi. Har kuni oziq-ovqat tashish, ayniqsa, non olib kelish ham juda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Texnika uchun yoqilg‘ining narxi yildan-yilga osmonga chiqmoqda. Moxovxona xizmatchilarining asosiy qismi shahardan qatnaydi. Ularni ushlab turish juda qiyin. Ko‘pchiligi pensiyaga eson-omon yetib olsa bo‘ldi, ertasigayoq ishdan bo‘shash uchun ariza yozishadi. Bizning xizmatchilarimizga avval oltmish, hozir esa o‘ttiz foiz ustama haq to‘lanadi. Mana shu foizlar hisobiga ko‘pchilik kelib turibdi. Xullas, moxovxonani ushlab turish ham amrimahol bo‘lib qolgan.
Shu desangiz, Nukus shahrida bir muhandis odam bor, u ham sizga o‘xshab juda qiziquvchan, fan doktori. Ismi Mels. U bilan birgalikda qandaydir chet elliklar ham bir necha bor moxovxonaga kelishdi, suv chiqarib beramiz, gaz keltiramiz degan takliflarni ham berishdi. Lekin bilmayman, kattalar ularga nima deb javob berishgan. Biroz o‘tib kelmay ketishdi. Eshitishimizcha, kambag‘al, nochor oilalarni ta’minlayotgan ekan. Shahardan chetda joylashgan xonadonlarga tovuq, jo‘ja, tuya boqish uchun xarajatlarni qilib berishibdi. Mels bilan ertaga bir gaplashib ko‘rsangiz bo‘lar ekan.
Bir kun o‘tib, uning oldiga bordik. Haqiqatan ham Mels zo‘r inson ekan, qoraqalpoq, rus, hatto ingliz tilini o‘z ona tiliday bemalol gaplashardi. Amerikaliklar taklifi asosida biz sizlar ishlaydigan moxovxonaga biroz yordam bermoqchi edik. Lekin yuqoridagi rahbarlar bizni biroz tushunmadi shekilli, rad javobini berishdi. Marhamat, keyingi yilga rejaga kiritishimiz mumkin. Tashkilotimizning asosiy maqsadi – aholiga ijtimoiy jihatdan yordam berish. Hozir biz chekka qishloq va ovullardagi odamlarga mikrokredit ajratganmiz. Mels "Kelasi yili uchrashamiz, xayr, sog‘ bo‘linglar", deb muloyimgina xayrlashdi.
Yengil mashinaga chiqqanimizda Vladimir Ivanovich rahbarlar bilan bo‘lgan bulturgi majlisni esladi. Shunda katta rahbarlardan biri "Hadeb chet ellik mehmonlardan sadaqa so‘rayvermasdan pulni o‘zlaring topinglar", - degandi. - To‘g‘ri, bundan o‘n besh yillar avval moxovxonaga tegishli salkam ellik-oltmish gektar yer bor edi. Har xil rusumli mashinalar, hatto bir nechta traktorlarimiz ham mavjud bo‘lgan. Suvchi, bog‘bonu dehqonlar hoziru nozir edi. Lekin Amudaryodan suv qochib ketdi, hamma transportlar eskirib, yaroqsiz holga kelib qoldi. Traktorlar ta’mirtalab bo‘lib, zang bosib yotibdi. Yerimizning hammasini sho‘r va zax egalladi. U joylarda endi dehqonchilik qilib bo‘lmaydi. Rahbarlar hadeb yangilanaversa bo‘lmas ekan. U kishining ham bu ishlardan xabari yo‘q edi.
Hash-pash deguncha yana moxovxonaga kirib keldik. Haqiqatan ham kasalxonaning old tomonidan kiraverishda juda katta maydonda qum, sho‘r tuproq yastanib yotardi. Endi bu joylarda dehqonchilik qilib bo‘lmaydi. Yerdan zax, sho‘r ko‘tarilgan. Qarang, xuddi bu joylarga kecha qor yoqqanga o‘xshaydi. Bu keng maydonning har yer-har yerida turli rusumli traktorlar qiyshayib zang bosib yotardi.
Egamberdi Eshboyev.
Davomi bor.