Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari 13-qism (yakun)

Voqealar rivoji juda tezlashib ketti. Uch-to‘rt oy vaqt o‘tdi, milliy strategik rejani Yevropachasiga tuzishning o‘zi bo‘lmadi. Rejaning ipidan ignasigacha e’tibor berildi. Asosiy muammo tibbiyotning boshqa sohasi, jumladan, nevrolog, oftalmolog, epidemiolog, vrach-laborantlarni qayta tayyorlash, ayniqsa, rahbar xodimlarga diskriminatsiya to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilgan edi.

Roppa-rosa besh oy deganda milliy strategik reja avval vazirlik tomonidan, keyin Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlandi. Vakolatxonaning eskperti sifatida birinchi marta maosh olganimdan boshim osmonga yetdi. Buyog‘iga barcha xarajatlar vakolatxona hisobidan to‘lanadigan bo‘ldi.

Oldinda Qoraqalpog‘iston hududidagi kasallik o‘choqlarini birma-bir o‘rganish turibdi. Qoraqalpog‘istonda aniqlangan bemorlar, Sobiq Ittifoqda 70 yil davomida aniqlangan (12.000 dan 14.000 gacha) bemorlarning 20-25 foizini tashkil qilgan. Ayniqsa, Orol bo‘yi atrofidagi Mo‘ynoq, Taxtako‘pir kabi tumanlarda 100 000 aholi orasida kasallanish 30-34,4 ni tashkil qilgan, ayrim qishloqlarda 188  dan oshib ketgan. Garchand endemik o‘choqning faolligi so‘ndirilib, sporadik holatga tushirilgan bo‘lsa-da, unga barham berish uchun bundan buyog‘iga shiddat bilan ishlashimiz kerak.

Tirik qolgan bemorlarni va ularning oila-a’zolarini haqiqiy hayotga qaytarishimiz kerak.  Muhimi endi ular ko‘zdan panada emas, ularni hech kim yashirmoqchi ham emas, davlat tomonidan ham, jahon hamjamiyati tomonidan ham ularga yordam ko‘rsatish uchun keng yo‘l ochilgan edi. Men esa maroq bilan ishimni davom ettirishga kirishdim. Barchangizga sog‘liq tilayman.

Tamom

 Mualliflar:
Egamberdi Eshboyev

 1958 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan. Tibbiyot fanlari doktori, professor. 370 dan ortiq ilmiy maqolalar, shu jumladan, bir qancha darsliklar “Teri va tanosil kasalliklari”, “Mikrobiologiya, virusologiya, immunologiya”, “Mikrobiologiyadan amaliy mashg‘ulotlar” hamda “Urogenital etiologiyali reaktiv artritlar”, “Ular endi borsa-kelmas”ga yuborilmaydi”, “Moxov tayoqchasining qurbonlari” kabi kitoblar muallifidir.

Bosh leprolog sifatida Hindiston, Nepal, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Turkiya kabi chet davlatlarda leprologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ma’ruzalar bilan chiqishlar qilgan. Hozirda u Respublika Ixtisoslashtirilgan Dermatovenerologiya va Kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi laboratoriya mudiri, Toshkent Vaksina va Zardoblar institutining prfessor-konsultanti lavozimida ishlab kelmoqda. 

 Dilafruz Eshboyeva

1985 yili Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. 2008 yili O‘zbekiston Davlat Jahon Tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Adolat ko‘zgusi”, “Shifo-info” gazetalarda faoliyat yuritib, 100 ga yaqin maqolalar muallifi. Hozirda O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar universitetining magistranti.