Hayotga qaytish: Shifokorning ko‘rgan-kechirganlari (8-qism)
Shifoxonadan chiqqanimda kech bo‘lib qolgandi. Darvoza oldida sariq rangli mashinada taksichi ham kelibdi.
– Uka, biron-bir oshxonada tamaddi qilib olsak yaxshi bo‘lardi. Ish bilan bo‘lib tuz tatimadim.
- Mehmon aka, Xudo xohlasa G‘allaorolda kechki ovqatni bitta qilib yeymiz.
Haqiqatan ham G‘allaorolning yo‘l yoqasidagi oshxonasi zo‘r ekan. Maza qilib osh yedik. Yana mashinaga o‘tirib, yo‘l yurdik. Mudrab, uxlab qolibman. Sirdaryoning ko‘prigi ustida uyg‘onib ketdim.
- Rosa charchabsiz, bir kunda kelib-ketishning o‘zi bo‘lmaydi. Otamga siz haqingizda aytgan edim, kelasi safar mehmonni to‘g‘ri uyga olib kelgin, dedi. Iloji bo‘lsa, telefon nomeringizni bering, - dedi haydovchi.
- Qarang, kun bo‘yi yo‘l yurib taksichi bilan Toshkentga kelib tanishdik. Kelasi safar ham birga borishga kelishib oldik.
Ertasi kuni ishxonaga bordim. Bir hafta ichida ham tashkiliy bo‘limga, ham Mels uchun uch oylik ishlar hisobotini yozdim. Qilingan ishlarimni tahlil qildim. Bir-ikki kundan keyin axborot tariqasida direktorga ham ma’lumot berdim. Shunda u senga eski ishlab ketgan xodimlardan biri xat tashlab ketdi, deb qoldi. Xat qo‘lda yozilgandi. Hech qanaqa muhr yoki markasi yo‘q edi. Rahbarimga tashakkur aytib, xonamga qaytib keldim. Shoshilib, konvertni ochib o‘qidim, bor-yo‘g‘i 4-5 qator so‘zlardan iborat. Ushbu xatda “Menda moxov kasalligi bo‘yicha bitta dissertatsiyaga yetarli ma’lumotlar bor. Kelishilgan narxda taqdim etiladi”, deb yozilgandi. Xat muallifining ism-sharifini o‘qib bu mendan avval ishlagan leprolog ekanligiga amin bo‘ldim. Ammo bu masalada unga murojaat qilmadim. Axir men tibbiyot fanlari doktori bo‘lganligimga ancha bo‘ldi-ku. Menimcha, u kishining xabari bo‘lmasa kerak. Yangi shogirdlar uchun esa o‘zimiz birma-bir barcha endemik o‘choqlarda yurib material yig‘amiz. Ammo shu shogirdni qayerdan olamiz. Kimga ilmiy ish masalasida murojaat qilsam hammasi qochadi. Hatto orqamdan “Moxovdan boshqa qiladigan ishim yo‘qmi?” degan fikrlarni ham gapiradigan bo‘lishdi.
Kuzga borib Germaniyadan yana “chek” keldi. Bu safar direktor shaxsan “chek” bilan tanishib chiqdi. Keyin “Siz, uka juda uddaburon chiqdingiz”, deb gap boshladi. Xarajatlarni juda ehtiyot qilib sarflang. Hammasining hisob-kitobi bor. Bu borada nemislar tushuntirish o‘tkazgan.
- Xarajatlarning hammasini hisoblab yuribman, - deb past ovoz bilan javob berdim.
Xonamga kirib, qilinadigan yangi ishlarning rejasini tuzayotgandim, kursdosh do‘stim, dotsent Abduburxon Qo‘ziboyevich qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Qisqa salom-alikdan so‘ng dedi:
- Surxondaryodan bir polvon yigit kelib qoldi. Ismi Yangiboy. Juda yozuv-chizuvni qotiradi. Tibbiyot kollejida direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha muovini. Ilmiy ish qilmoqchiman, iloji bo‘lsa biron-bir domla bilan tanishtirib qo‘ysangiz, deb kelibdi. Senga jo‘natmoqchiman, iltimos, yordam ber.
Men esa “Albatta, kelsin qo‘ldan kelgancha yordam beraman”, deb do‘stim bilan xayrlashdim. Oradan ko‘p o‘tmay xonamga gavdali, yo‘g‘on-semiz qorachadan kelgan bir kishi kirib keldi. Salomni juda quyuq qildi. Keyin o‘zini tanishtirdi:
- Ismim Yangiboy, familiyam Fayziyev. ToshMIning “Sanitariya va gigiyena” fakultetini tamomlaganman. Tibbiyot kollejida mikrobiologiya va epidemiologiya fanlaridan dars beraman, domla. Men ilm qilishim kerak, doimo shu maqsad bilan yashaganman. Katta kollejda direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha muoviniman. Qo‘limda salkam 2000 talaba o‘qiydi. O‘zim ilm qilmasdan boshqalardan qanday qilib ilmni, o‘qishni talab qilaman, - deb murojaat qildi.
Uning gaplari menga ma’qul keldi. Keyin savol berdim:
- Uka, dunyoda moxov degan kasallik bor, ular bizda ham, hatto ikkita moxovxonalar ham bor. Shu kasallik uning paydo bo‘lish sabablari “endemik o‘choqlarning naqadar tarqalganligi yoki mavjudligi masalasini sizga ilmiy ish qilib olib bersam... Ishlaysizmi?
U hech ikkilanmasdan “ha” dedi.
- Qo‘rqmaysizmi, - deb qo‘shimcha qildim.
- Domla, ishlasak siz bilan dunyoning u chetiga ham boraman, - desa bo‘ladimi.
Men ham uning yuziga qarab, “Keling, unda shunday ilmiy ish qilaylikki, barcha hangu-mang bo‘lib qolsin", dedim. Birdaniga keyingi kunlarda qilinadigan rejani bir yuz sakson gradusga o‘zgartirib, Fayziyev bilan Bulung‘ur leprozoriyasiga ketdik. Jizzax shahridan ozroq bozor-o‘char qilib ham oldik. Videoapparat, fotoapparatchilarni ham o‘zimiz bilan oldik. Ishimizning yurishgani shunchalik bo‘ladi-da, moxovxonani uzoqdan, tashqaridan, ichkaridan, xullas, hamma tomonlama video hamda suratlarga olib, bemorlarga sovg‘a-salomlar ulashdik. Bosh shifokor sekin gap boshladi:
- Bu tashlandiq moxovxona kimga kerak? Uni biz bir umr maxfiy hisoblab sir saqlab keldik. Qarang, avvallari bemorlarni suratga tushirish jinoyatdek qaralardi. Endi qarang, bemalol videotasmalarga ham olinyapti. Shunga aytishsa kerak-da, “Qalovini topsang, qor ham yog‘adi”, deb.
Hammasidan e’tiborlisi shunda ediki, Fayziyev hatto seskanmadi ham. Men uning ikki qo‘lini mahkam siqib “barakalla” dedim. Keyin yuring, deb palatalarda yotgan nogiron bemorlarni birgalikda konsultatsiya qildik, dorilariga bir-ikkita o‘zgartirishlar kiritdik. Toshkentlik To‘xta opa bilan yana uchrashdik. Shunda u:
- Mening ikki ko‘zim so‘qir, sizlarni faqat eshityapman, lekin ko‘rmayman. Bolalarim, hammasini oxiriga yetkazinglar, mening birdan-bir iltimosim shu. Kasallikning davosi topilibdi, deb eshitdik. Bu yerda faqat eski bemorlar qoldik, xolos. Ishqilib yangisi chiqmasin.
Shunda Fayziyevga qarab, “Eskilarini o‘rganib, yangilarini uyida davolaymiz”, dedim.
Moxovxonada Fayziyev bilan roppa-rosa 3 kun qolib ketdik. Hatto tomi qulab yotgan arxivdan juda ko‘p ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo‘ldik. Kasallik tarixi, ambulator kartalar, epidemik kartalar, yillik hisobotlar va endemik o‘choqlar bayoni kabi hujjatlar shunchalik ko‘p ediki, ular asosida bemalol 5-10 ta dissertatsiya yozsa bo‘ladi. Biz Fayziyev bilan birgalikda “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida kasallik paydo bo‘lishining o‘ziga xos epidemiologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy izlanishlarni boshlab yubordik. Hatto moxovxona to‘g‘risida ilmiy ommabop film olishni ham o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.
Moxovxonaning tarixi, unda davolangan bemorlarning soni, asosiy tashxisi, davolash uslublari, endemik o‘choqlarning joylashishi, xullas, hamma-hammasini endi tahlil qilish kerak. Lekin qizig‘i, bu arxiv hujjatlarini ishxonaga joylashtirishning iloji bo‘lmadi. Vazirlikning ayrim xodimlari bilan fikr almashgan edik. Shu zahoti inkor javob oldik. Birdaniga endigina ilmiy ishga qo‘l urgan Fayziyev ikkilanib qoldi. U menga qarab:
- Domla, endi nima qilamiz? Bunaqa muammolar faqat bizda bor, desam sizlarda ham yetarli ekan, - dedi.
– Janob Fayziyev, mashinani mening qishloqdagi uyimga haydang. Bu hujjatlar bilan shunday ilmiy ish qilaylikki, hamma hangu-mang bo‘lib qolsin.
Oqqo‘rg‘ondagi uyim (dala hovli)ga bir soatdan sal o‘tar-o‘tmas yetib ham keldik. Uyning eng chetidagi xonaga arxiv materiallarini joylashtirdik. Toshkent viloyati va Toshkent shahriga tegishli hujjatlarni esa alohida qilib taxladik. Bir payt Fayziyev: “Domla, shu sasigan, chirigan qog‘ozlardan biron-bir ilmiy ish chiqishiga ishonasizmi?” deb menga qaradi.
- Hali bu sarg‘ayib, chirib ketgan qog‘ozlar “sayraydi”. Bizga juda asqotadi.
Ertasiga fikrlarni jamlab, Fayziyev bilan qilinadigan keyingi ishlarga reja, ilmiy tilda aytganda “annotatsiya” yozdik. Unda, albatta, dissertatsiyaning maqsad va vazifalarini belgiladik. Birinchi ilmiy kengashdayoq dissertatsiya mavzusini tasdiqladik. Kengash a’zolari mavzuni eshitib, deyarli qarshilik qilishmadi.
Dastlabki olingan ma’lumotlar juda ham sermahsul chiqdi. Toshkentlik moxov To‘xta opaning hamda Kim akaning bergan ma’lumotlari arxiv hujjatlaridan olingan fikrlar bilan deyarli bir-biriga mos keldi. Bemorlarning uyiga va har xonadonga kirib o‘rganganlarimiz bir-birini to‘ldirdi. Darhaqiqat, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan aniqlangan bemorlarning yarmidan ko‘pi inqilob va urush davridagi aholining migratsiyasi sababli bu hududlarga kelib qolgan. Shahar va viloyat tumanlarida kasallikning endemik o‘choqlari deyarli bo‘lmagan. Bemorlarning maishiy kontaktlarining asosiy qismi uzoq-uzoq yurtlarda qolib ketgan. Har ikkitadan biri so‘qqabosh bo‘lib, oila qurishning iloji bo‘lmagan. Bemorlarni bir umr izolyasiyada ushlash natijasida kasallik aholi orasida keng tarqalmagan. Ushbu ma’lumotlarga tayanib, biz ikkimiz dermatovenerologlarning xalqaro anjumanida dastlabki ma’ruzani qildik. Ingliz tilidagi variantini avval Germaniyaga, keyin Hindistonda bo‘lib o‘tadigan dunyo leprologlarining kongressiga jo‘natdik.
Qizig‘i shundaki, Toshkent viloyatidan aniqlangan jami 69 ta bemorning 5 nafari yapon millatiga mansub bemorlar edi. Qarang, hatto ularning kasallik tarixi ham yapon harflarida yozilgandi. Har bir kasallik tarixi ichida bemorlarning rasmi ham bor edi. Yozilgan yozuvlarni tanishlarimiz ichida hech kim o‘qiy olmadi. Tilshunoslarga bordik. Ishimiz yurishmadi. Hatto ular qog‘ozni qo‘liga olishdan ham bosh tortishdi. Universitetning hovlisida eski jurnalist og‘aynim – Valeriyni ko‘rib qoldim. Qarang, u hech bir yomon narsani xayoliga ham keltirmadi.
– Og‘ayni, men yapon elchisini yaxshi taniyman. Kel, u bilan kelishib juma kuni, kechki payt elchixonaga boramiz. U yerda hammasi yapon tilida gaplashishadi. O‘ylaymanki, bizga yordam bera oladi, - dedi.
Juma kuni do‘stim Valeriy ikkalamiz Yaponiya elchixonasiga keldik. Hujjatlarimizni ko‘zdan kechirdi-da bir yapon yigit bizni janob elchining oldiga olib kirdi. Elchi janoblari Akio Kavato deb o‘zini sof rus tilida tanishtirdi. Men ham ism-familiyamni aytdim. Elchi janoblari juda madaniyatli ekan. Men bergan hujjatlarni stolning ustidagi oppoq, xuddi dasturxon kabi buyumning ustiga qo‘yib, ko‘zoynagini taqib sinchiklab qaradida original dedi. U 1946 yilda yozilgan ekan.
- Biz bu noyob hujjatlarbilan chuqurroq tanishib chiqamiz. Keyin sizga, albatta, xabar beramiz, - deya minnatdorchilik bildirdi. Keyin elchi qo‘shni xonaga kechki ovqatga taklif qildi. Dasturxon usti yapon taomlari bilan to‘ldirilgan, “choydan boshqa hammasi yaponiyadan keltirilgan”, deb tushuntirish berdi, elchi. E’tiborlisi shundaki, moxov do‘xtirini elchixonada salkam bir soat mehmon qilishdi. Suhbatimiz oxirida sovg‘a sifatida elektron soat ham berishdi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin yapon harbiy mahbuslarining bir qismi Toshkent viloyatining Angren shahri atrofidagi ko‘mir konlarida, yana bir qismi Bekobod shahrida, qolganlari esa Toshkent shahridagi qurilishlarda ishtirok etishgan. Ular orasidan ham moxovga chalingan bemorlar qayd qilingan. Hech ikkilanmasdan bemorlarni moxovxonada davolanishga yotqizishgan. Adabiyotlardagi ma’lumotlardan ayonki, moxov kasalligi jihatidan Yaponiya davlati shu davrlarda yetakchi mamlakatlardan hisoblangan. Geografik nuqtai nazardan bu davlat juda ko‘p katta-yu kichik orollardan tashkil topgan. Orollardagi shaharlarning iqtisodiy rivojlanishi bir-biridan juda katta farq qilgan. Kam taraqqiy etgan orollardagi aholi orasida moxovga chalingan ming-minglab bemorlar qayd qilingan. Rossiyaning Uzoq Sharq, Amur viloyati, Saxalin va Kamchatka kabi orollarida yashayotgan mahalliy aholi orasida ham kasallanish juda yuqori bo‘lgan. Tarixdan ma’lumki, 1938-1939 yillari koreys millati vakillari ham xuddi shu hududlardan majburan Toshkent viloyati hududiga ko‘chirib olib kelingan. Demak, yana migratsiyaning roli katta bo‘lgan. Hozirgi Sirdaryo viloyatidan (avval Toshkent viloyatiga qaragan) jami aniqlangan 9 ta bemorlarning 5 nafari, Jizzax viloyatidan qayd qilingan 5 ta bemorlarning 3 nafari, Toshkent viloyatidan aniqlangan 62 ta bemorlarning 14 nafari koreys, 5 nafari yapon, 13 tasi qoraqalpoq, 8 tasi qozoq hisoblangan.
Xo‘sh, kasallik yuqumli bo‘lsa, unda nimaga aholi orasida keng tarqalib ketmagan? Bu savollarga endi javob topish kerak.
Respublika, shahar tibbiyot kutubxonalarida adabiyotlar bilan uzoq vaqt tanishib chiqdik, ammo biz istagan, bizga kerakli hech narsa topa olmadik.
Kunlarning birida o‘zining shaxsiy ishlari bilan Qoraqalpog‘istondan Vladimir Idunov kelib qoldi. Ikki og‘ayni mazza qilib suhbat qurdik. Yapon elchisi bilan bo‘lgan suhbatni aytib berdim. U esa eshitib xursand bo‘ldi. Unga adabiyotlar masalasida biroz qiyinchilik borligini gapirgan edim, u shu zahoti to‘xtang, dedi.
- Siz bu joylarda moxovlar to‘g‘risida hech qanaqa ma’lumotlar topa olmaysiz. Og‘ayni, hamma narsa sir saqlangan. Faqat bilsa 1-2 ta odam biladi, xolos. Ularga ham ilm qilishga hojat bo‘lmagan. Rossiyaning Astraxan shahrida Lepra ilmiy-tekshirish instituti bor. Ana shu institutning bibliotekasida haqiqiy ma’lumotlarni olasiz. Kelasi yili oktyabr oyida konferensiya bor. O‘sha yerga sizni albatta taklif qilishadi. Lekin bitta narsani yaxshi bilaman. O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qoraqalpog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi O‘rta Osiyo Respublikalari hududlaridan aniqlangan barcha bemorlarning hisoboti va ilmiy ishlarni Lepra instituti xodimlari amalga oshirishgan. Ittifoq parchalanib ketganidan so‘ng bu sohada qilinayotgan ishlarni hech kim nazorat qilmay qo‘ydi. Mahalliy kadrlar o‘zi juda ozchil bo‘lgan, ular ham yoshi keksayib nafaqaga chiqib ketishgan.
- Moxov yoki jahon tilida aytganimizda lepra kasalligini mikrobakteriyalar qo‘zg‘atadi. Hayvonlar kasallikka chalinmaydi, demak faqat odam xastalanadi. Tabiatda kasallikning manbai bemor odam. Lekin endi bemalol ishonib aytishim mumkinki, kasallikning yuqish darajasi silga qaraganda yuz barobar kamdir. Xastalikning biron-bir yangi hududda paydo bo‘lishida aholi migratsiyasining ahamiyati katta, - deb ma’ruza o‘qiyotgandim direktorning kotibasi so‘zimni bo‘ldi:
- Sizni rahbar chaqirayapti, hamma ishingizni to‘xtatib, oldiga borar ekansiz.
Darrov direktorning xonasi tomon yurib bordim. Xonada klinikaning bosh vrachi ham o‘tirgan ekan. Salom-alikdan so‘ng u asosiy masalaga o‘tdi.
– Sirdaryodan qo‘ng‘iroq qilishdi, viloyat hududidan qandaydir moxovga o‘xshash bemor aniqlanibdi. Borib konsultatsiya qilish kerak.
Bir soat ichida “san.aviatsiya” mashinasi keldi. Shu payt bosh shifokor qo‘shimcha qilib gapirib ketdi.
– Uka, mabodo moxov tashxisi tasdiqlansa, bu joylarga olib kelib yurmang! Ular juda xavfli bo‘ladi. Hamma yoqqa tarqab ketmasin. Klinikada uni izolyasiya qiladigan xona yo‘q. To‘g‘ri moxovxonaga olib borib tashlang. Yana bizning boshimizni qotirmang.
“San.aviatsiya” mashinasiga o‘tirib, Sirdaryo tomon yo‘l oldik. Haydovchi amaki ko‘pni ko‘rgan katta yoshli odam ekan so‘rab qoldi:
- Sirdaryoning qayeriga boramiz?
Men esa asta yutinib, “Sirdaryo tumaniga” dedim.
- Unda yaqin ekan. Shundoqqina yo‘lning yoqasida. 20 yildan beri yuraverib, shahar, tumanlar yod bo‘lib ketgan.
Shifokor Vera Dmitrovnaning yonida 28-32 yoshlardagi bemor erkak o‘tirardi. Bu kishi O‘zbekistonning fuqarosi emas. Xonadonlarda 5-10 yildan beri ishlab yurib, hatto uylanishga ham ulgurgan. 3 ta farzandi bor. E’tibor berib qaralsa, qosh-kipriklari yo‘q, qo‘llari tirsakdan pasti, oyoqlarining tizzadan pasti og‘riq sezmaydi. Bemor o‘zini oxirgi 3-4 yildan beri holsiz sezadi. Bo‘g‘imlari zimdan og‘riydi. Burni bilan umuman nafas ololmaydi. Avlodida kasallik bor-yo‘qligini umuman bilmaydi. Xotini o‘zidan 3-4 yosh katta, mahalliy qizlardan. Bemorni klinik jihatdan obdon sinchiklab ko‘rdik. Ammo epid anamnezni (tarixini) chuqur o‘rgana olmadik. Chunki bemorning o‘zi hech narsani bilmaydi.
- Vera Viktorovna, xo‘sh, laboratoriya tahlillarini qayerda qilamiz, - dedim. – Bilmasam, bunaqa analizlarni hech qachon qilmaganman.
– Unday bo‘lsa, hozir birgalikda bemorda mikrobakteriyalar bor-yo‘qligini tekshirish uchun biomaterial olamiz. Preparat bemorning burun shillig‘idan hamda qoshining tepasidagi do‘mboqchalardan qirqib olinadi. 10-20 daqiqada preparatlarni ham oldik, keyin ularni quritib qog‘ozga o‘rab tekis qilib qo‘ydim.
- Vera Viktorovna, bemorning oilaviy ahvolini o‘rganing, asli qayerdan kelgan, manzili va qarindoshlarini surishtiring. Men esa preparatlarni Toshkentga olib ketib, o‘zimizning laboratoriyamizda tekshiraman. Natijasini kechqurun telefon orqali yetkazaman, - deb kelishib oldikda, shoshilib Toshkentga qaytdik.
Tayyor bo‘yalgan preparatlarni avval bitta shifokorga, keyin ikkinchisiga, keyin uchinchisiga yana boshqasiga maslahat tariqasida ko‘rsatdim. E’tiborlisi shundaki, birontasi ham moxov mikrobakteriyalarni taniy olmadi, aniqrog‘i tushunmadi ham. Qolganlari, hatto preparatning yoniga kelishdan bosh tortishdi. Aslida bo‘yalgan preparatlarda moxovning mikroblari qip-qizil bo‘lib yastanib yotar edi. Kechga borib o‘tirgan joyimda chuqur nafas oldimda o‘zimga o‘zim “birinchisi” deb qo‘ydim.
Ertalab direktor va bosh shifokorga yangi bemor aniqlanganligi to‘g‘risida ma’lumot berdim. Vera Viktorovnaning aytishiga qaraganda, bemor Qozog‘iston hududiga, Jettisoyga qochib ketgan. Asli tojikistonlik ekan. 3 kunlik safarga yo‘llanma olishga direktorning oldiga kirdim.
- Sen u bemor bilan muloqotda bo‘libsan, hatto u yoq-bu yog‘ini ushlab terisidan analiz ham olibsan. E bola, yana hammamizga kasallikni yuqtirmagin. Chet eldan tushgan pulingning hisobidan ketaver, senga javob,- deya o‘shqirdi.
Aksariyat shifokorlarning bu sohadagi tajribasizligi, laboratoriyada moxov mikroblarini bilmasliklari g‘azabimni keltirdi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘z-o‘zimga so‘z berdim: davom etaman, izlanaman, bemorlarni davolashni yo‘lga qo‘yaman. Ulardan qo‘rqishlariga barham beraman! Shu fikrlar asnosida safarga otlandim. Safarning uchinchi kuni surishtirib-surishtirib bemorni Jettisoyning tojik mahallasidan topdim. Agarda Jettisoylik do‘stlarim bo‘lmaganida uni topa olmasdim. Jettisoyda Qopash degan militsiya og‘aynim bo‘lardi. Bir paytlar onasi teri kasal bo‘lib qolganda davolab bergandim. U bilan Jettisoyning bozori darvozaxonasida uchrashib qoldik. Dardimni aytgan edim, bir soat ichida hammayoqni ostin-ustin qilib yubordi. Butun shaharning ichki ishlar xodimlari oyoqqa turdi. Keyin bilsam Qopash polkovnik ekan.
Egamberdi Eshboyev.
Davomi bor.