Hayotiy hikoya: Harom luqma "meva"si

Bir kuni ro‘paramdan sobiq o‘quvchim Ahmad chiqib qoldi.

- Domla, bir yordamingiz kerak, - dedi u o‘ychan. - O‘g‘limni uylantirmoqchi edim. Ammo u men aytgan qizga uylanmayapti. Uni ham o‘qitgansiz. Siz aytsangiz gapingizni olar...

O‘g‘li bilan albatta gaplashishimni aytib, Ahmadni xotirjam qildim. 

Bir-ikki kun o‘tib o‘g‘li Turdiqulni ko‘chada uchratdim. Ahmadning gapi esimga tushdi.

- Qachon palovingni yeymiz endi, - dedim unga sha’mali qilib. 

U gap nimadaligini tushundi.

- E domla, dardimni qo‘zg‘amang, o‘zi otamni ko‘ndirolmayapman, - dedi jig‘ibiyron bo‘lib.

- Nega, - dedim uni yana gapga solish uchun.

- Men Sunbulani olaman desam, dadam bo‘lsa anavi Nasibani oberaman, deydi. 

U aytgan ikki qizni ham yaxshi bilsam-da, uning o‘zini fikrini bilgim keldi.

- To‘g‘ri aytibdi, Sunbuladan Nasiba afzalku, - deb uning yaxshi xislatlarini sanay boshladim.

Turdiqul meni tinglab turdi-da, birdan g‘azab otiga mindi. 

- Eh domla, otamning kallasi ishlamaydi, desam siz ham otamdan kam emas ekansiz, - deya zarda qildi.

- Nega unday deyapsan, - dedim uning gapidan jahlim chiqsa-da o‘zimni bosib.

U menga xuddi yosh bolaga tushuntirgandek obdon gap boshladi.

- Sunbula otasining yolg‘iz farzandi. Ularning uch qavatli dang‘illama uyi, uchta mashinasi bor. Erta bir kun ota-onasi o‘tib ketsa, shuncha mol-dunyoning hammasi menga qoladi.

- Mol-davlati mayli. Men Sunbulani o‘qitganman, uning fe’lini bilaman. Bordiyu u senga vafodor bo‘lmasa-chi, - dedim uni bu fikridan qaytarishga umid qilib. 

- Menga baribir, - dedi u. – Bor bisoti menga qolsa bo‘ldi.

Sobiq o‘quvchimga o‘g‘ling bilan gaplashaman, deganimda bu ish oson ko‘chadi deb o‘ylagandim. Afsuski, u gapga ko‘nadigan emasligi ko‘rinib turibdi.

Ertasiga ko‘chada Ahmadni uchratdim. 

- Ustoz, gaplashdingizmi, - dedi meni ko‘rib jonlangan shogirdim.

- Sendan bir narsa so‘rasam maylimi, - dedim uni chetga tortib.

- So‘rang, - dedi u quloq tutib.

- Allohdan shu farzandni so‘ragan paytlaringda ro‘zg‘oringga bilib-bilmay harom luqma olib kelib yurmaganmiding?

U gapimdan bir seskandi-yu, so‘ng xomush xo‘rsindi.

- Ha domla, o‘sha paytlar bosar-tusarimni bilmay yurgan, birovning haqiga parvo qilmagan paytlarim edi chindan.

...Men bu gapdan keyin ko‘p gapirmadim. Faqat:

- Ota-bobolarimiz farzandni harom luqmadan orttirmanglar, deganlar, - dedim xolos.

Xulosani chiqarib olgandir.

Mamadamin Rajabov.