Hayotiy hikoya: Qimmatbaho mashinali, qora ko‘zoynak taqqan odam...

Uch bekorchi odam yo‘l yoqasida gurunglashib o‘tirgan edi. Shu mahal qop-qora, qimmatbaho xorij mashina kelib, hashamdor bir darvoza oldida to‘xtadi.

Undan qora ko‘zoynak taqqan bir kishi tushib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha ularga salom berdi-da, pulga to‘la sumkani ko‘tarib, darvozadan kirib ketdi. 

— O‘g‘ri-yu poraxo‘rlarning yashashi shunaqa-da, — dedi birinchi bekorchi u kirib ketgach. — Hozir bosib-bosib yeydi, ertaga kamida o‘n yilga kesilib ketganida ko‘ramiz ahvolini.

— Bunaqalar hammayoqni sotib oladi, — dedi ikkinchisi. — Manavi mashinaniyam kimlarnidir qon qaqshatib, olgandir...

— To‘g‘ri aytasan. Bunday odamlar uzoqqa bormaydi. Birovning burnini qonatib topilgan boylik buyurmaydi. 

Ozroq vaqt o‘tib, haligi odam uyidan qaytib chiqdi. Telefonida baland ovozda gapirar edi: 

— Aka, bir amallab keling. To‘y boshlab qo‘ydim. Ozroq yetmay qolgandi, bugun ikkinchi mashinamniyam sotib, qo‘shyapman. Ha, ha, shu... Ertaga qishlog‘imizdan besh yetim bolakayning sunnat to‘yini qilib bermoqchiman. Savob-da endi, aka... 

Bekorchixo‘jalar jim bo‘lib qoldi.

Jasur Kengboyev.