Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Hemis tizimini ham o‘zimizga moslashtirib oldikmi?

Hemis axborot tizimi oliy ta’lim muassasalarining asosiy faoliyatini avtomatlashtirish orqali ma’muriyat xodimlari, professor-o‘qituvchilar va talabalariga elektron ta’lim xizmatlarini taqdim etadi.

Hemis tizimi 2020 yildan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida qo‘llanila boshladi. Hozirgi kunda 154 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi Hemis tizimiga o‘tgan. Talabalar tizimga bir kunda o‘rtacha 4 soat vaqt ajratadi. Tizimdan kerakli bo‘lgan fan resurslari: ma’ruza, seminar, amaliyot, mustaqil ishdagi ma’lumotlarni olib fanlarni o‘zlashtiradi. Hemis tizimi 100 ballik sistemaga moslashtirilgan bo‘lib, har bir fandan talaba yiqqan ballarni semestr oxirida hisoblab beradi. Har bir bajarilgan mustaqil ish mavzusiga 20 balldan beriladi. Yakuniy nazorat imtihoniga kirishi uchun talaba 24 balldan 40 ballgacha to‘plashi zarur, qolgan 60 ballni yakuniy nazorat imtihonidan to‘playdi.

Hemis tizimida darsga kechikib kelgan va sababsiz dars qoldirgan talabaga “nb” qo‘yiladi. Talaba betob bo‘lsa, qoldirgan darsi uchun tibbiy punktdan 0,96 forma shaklida ma’lumotnoma taqdim etishi lozim. Darsga kech qolgan talaba esa tushuntirish xati orqali tizim mutaxassisiga “nb”sini tuzattiradi. Tizimdan yetarlicha ball to‘play olmagan talaba yakuniy nazorat imtihonlariga kiritilmaydi.

Imtihondan yiqilgan talabalar yozgi semestrda bir oy davomida mutaxassislar tomonidan o‘qitiladi va qayta imtihon topshirishlari uchun fanning kredit miqdorini to‘laydi. Masalan, bitta fan 5 kredit bo‘lsa, talaba o‘rtacha 650 ming so‘m to‘lab, ikkinchi marta imtihonga kiradi. Tizimda talabaning yakuniy nazorat imtihonidan o‘tishi uchun bir marta imkoniyat berilgan. O‘tgan yili talabalarga uch martagacha yakuniy nazorat imtihonlarini topshirishga ruxsat berilgan edi. Talaba imtihondan uchinchi marta ham o‘tolmasa, undan keyin kredit to‘lab qayta o‘zlashtirgan bo‘lsa, bu yil negadir talabalarga bunday imkoniyat berilmayapti. Shuning uchun ham talabalarning asosiy qismi mana shu tartibdan norozi.

Kredit to‘lashga hamma oilaning ham sharoiti ko‘tarmaydi. Shu sababli tizimda yakuniy imtihonlarni topshirish uchun ikkinchi marta imkoniyat berilishi kerak. Kredit to‘lashim kerak deb ishlab yurgan talabalarni ham bilamiz.

Yevropa mamlakatlarida Hemis tizimida talabalar o‘qiydi, izlanadi, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Mustaqil ish mavzularini ham tizimda topshiradi. Professor-o‘qituvchilar bilan laboratoriya ishlarini olib borib, ilmiy ishlar ham yoqlashadi. Ko‘proq vaqtini tizimda fanlarni o‘zlashtirishga qaratadi. Talaba darsga qatnashgan, qatnashmaganligini ham tizimning o‘zi belgilaydi. Bizda ham Hemis tizimi mukammal ishlab chiqilib, talabani rivojlangan davlatlardagi singari o‘z kasbini sevadigan, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishiga xizmat qilishi zarur.

Marjona BOBOMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti talabasi.