Himoya orderi yetarlimi? Yoki e’tiborsizligimiz qimmatga tushayotgani haqida mulohaza

Xotin-qizlarga himoya orderi tushunchasi hayotimizga kirib kelganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo birgina bu terminning o‘zi hayotimiz mazmuni, fe’limiz va kundalik turmushimiz haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rishimizni taqozo etmapyatimi? Zotan, ayollar intiqib kutadigan bayram kunlari bo‘lgan voqelik buni yana bir bor isbotladi.

Pedofillikda gumonlanayotgan shaxs
U 8 mart kuni Samarqand shahridagi o‘quv markazidan chiqib, uyiga borish uchun taksi to‘xtatgan 13 yashar qizni olib, tumanlardan biriga yo‘l olgan. Mast holda bo‘lgan haydovchi yo‘lda mashinasining balloni yorilib, to‘xtashga majbur bo‘lganda, qiz mashinadan tushib qochgan va odamlardan yordam so‘ragan.
Samarqand viloyati IIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida S.U. qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Menimcha, bu holat qator savollarni tug‘diradi. Masalan, voqelikning asl sababchisi gumonlanuvchi tarzida qo‘lga olinibdi, qo‘lga olinmaganda u qilmishini yana takrorlashi mumkin emasmidi? Bungacha yana qancha qizlarning sha’nini bulg‘agan bo‘lishi mumkin-ku. Axir bayram kuni uning “o‘ljasi”ga aylangan qizcha tasodif tufayli qochib qutulmaganda uning taqdiri ayanchli kechmasligiga kafolat bormi?

O‘ylab ko‘rishimiz kerak
Tuman Kengashi deputati sifatida tahlil qilib ko‘rganman. Toyloq tumanida 2023 yilning yanvar oyi davomida 26 ta oilaviy ajrim qayd etilgan. Bu mavjud 50 ta mahalla fuqarolar yig‘inining har biriga 2 tadan ko‘p to‘g‘ri kelmoqda. Yomon tomoni shundaki, ajrimlar tufayli 21 nafar farzandlar yetim bo‘lib qoldi.
Tahlillarga ko‘ra, yosh nikohlanuvchilarning oilaviy hayotga tayyor emasligi oqibatida 3 ta ajrim bo‘lgan. Xiyonat sababli 1 ta, spirtli ichimlik va giyohvand moddalar iste’mol qilish oqibatida 4 ta, xarakteri to‘g‘ri kelmaganligi oqibatida 6 ta ajrim qayd etilgan.
Bularning hammasi biz, kattalar farzandlarimizni hayotga tayyorlashdagi e’tiborsizligimizning in’ikosi emasmi?
Raqamlar yoshi kattalarning o‘zimizga tarbiya kerak bo‘lmayaptimi, degan savol tug‘diradi. Chunki Toyloq tumanida qayd qilingan ajrimlarning 40 foizga yaqini, ya’ni 10 tasiga 3-shaxs aralashuvi sabab bo‘lgan.
O‘ylab ko‘rishimiz, qayoqqa qarab ketayotganimiz va nimalarga e’tibor qilayotganimizga e’tiborli bo‘lish kerak emasmi? Axir zamon o‘zgardi, shunga monand davlat siyosatida tub burilishlar bo‘lyapti. Davr bilan hamohang bo‘lish atrof-chetga beparvolikni, o‘z qobig‘imizga o‘ralib qolishni anglatmaydi-ku.

Qilmish-qidirmish, ammo...
Yuqorida qayd qilingan voqelikda o‘quv markazdan uyiga qaytayotgan qiz yo‘l-yo‘lakay odam olayotgan mashinaga o‘tirgan. Albatta, ming qilganda ham u jabrlanuvchi, ammo yuzlab qonuniy kirakashlar turganda bu yo‘ldan yurishi to‘g‘rimi?
Umuman, hayotda duch kelinadigan har qanday vaziyatlarda qonuniy yo‘l tutishni o‘g‘il-qizlarimizga o‘rgatish biz, kattalarning birinchi galdagi vazifamiz emasmi?
To‘g‘ri, qilg‘ilikni qilgan o‘sha odam jazosini oladi. Ammo bu bilan bolalarimizda qonunga hurmat shakllanib qolmaydi. Demak, farzandlarimizga qanday tarbiya berayotganimiz, ularni katta hayotga qay tariqa tayyorlatganimizni tahlil qilib, galdagi vazifalarimizni belgilab olishimiz shart.

Nilufar Akramova,
xalq deputatlari Toyloq tumani Kengashi deputati.