Homilador ayolini muntazam kaltaklab kelgan ishtixonlik fuqaro nazoratga olindi
Inson oila atalmish muqaddas dargohga qadam qo‘yar ekan, ko‘nglidagi eng yaxshi niyatlar va orzu-istaklarini bo‘lajak turmush o‘rtog‘ida ko‘radi. Ammo oramizda shunday insonlar borki, nafaqat ojiza xotiniga, balki hali dunyo yuzini ko‘rib ulgurmagan farzandiga tazyiq o‘tkazib, kaltaklagan va bu qilmishini oylar davomida takrorlab kelgan.
Ishtixon tumanida istiqomat qilayotgan, 2000 yilda tug‘ilgan X.S. - Azamat mahallasida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan T.Yo.ga shu yil boshida turmushga chiqqan. Shu vaqt ichida X.S. homilador bo‘lishiga qaramasdan, eri tomonidan doimiy ravishda kaltaklanib kelingan. Oxiri X.S. bu azoblardan qutulish va farzandini asrab qolish maqsadida ota-onasining uyiga ketib qoladi. Qizining bu ahvolini ko‘rgan onasi uni shifoxonaga olib borib davolaydi. Ammo o‘n kundan ortiq vaqt o‘tsa hamki, kuyovdan darak yo‘q. Qizining ahvoli hamda kuyovining munosabatlaridan orzu-havaslari puchga chiqqan onaizor yuqori tashkilotlarga murojaat qiladi.
Shundan so‘ng o‘z turmush o‘rtog‘i tomonidan tazyiqqa uchragan X.S.ga O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tuman IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, leytenant M.Primova va Bog‘bon mahallasi profilaktika inspektori S.Toshmurodov tomonidan himoya orderi berildi. Mahalla raisi, uning o‘rinbosari hamda profilaktika inspektori X.S. oilasiga murabbiy etib biriktirildi.
Jabrlangan X.S. endilikda turmush o‘rtog‘i T.Yo. bilan ajrashmoqchi. U o‘z ota uyida istiqomat qilish niyatida. Erining uyiga qaytish uchun unda na sog‘lik qoldi va na istak.
Matluba RABBIMOVA.