"Himoya qilish bo‘yicha aniq chora ko‘rish vaqti keldi": 2022 yil – jurnalistlar o‘ldirilishi bo‘yicha rekord yil bo‘ldi

Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi (FIJ)ning Inson huquqlari kuni munosabati bilan qabul qilingan deklaratsiyasiga ko‘ra, joriy yilda o‘ldirilgan jurnalistlar soni maksimal darajaga yetgan.

Joriy yilning 1 yanvaridan buyon dunyoda 67 nafar OAV xodimlari halok bo‘lgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 20 nafarga ko‘pdir. 

Birgina Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatida uch nafar jurnalistning o‘limi haqida ma’lum bo‘ldi.

Dastlab Amerikalik jurnalist SBS telekompaniyasi jurnalisti Grant Uol Qatardagi jahon chempionatida vafot etgani haqida xabar tarqaldi. U Gollandiya-Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni yoritayotganda hushidan ketgan va o‘ziga kelmagan. Uning oilasi bu qotillik bo‘lishi mumkinligini aytgan. 

Keyinroq Qatar telekanali fotomuxbiri Al-Kass Xolid al-Misslom ham jahon chempionati vaqtida vafot etgani ma’lum bo‘ldi. U ham turnirni yoritish chog‘ida to‘satdan vafot etgan. O‘limining boshqa tafsilotlari keltirilmagan.

Kecha, 13 dekabr kuni ITV Sport texnik direktori Rojer Pirsning o‘limi ma’lum bo‘ldi. 

Iyun oyida falastinlik Al-Jazira ayol jurnalisti Shirin Abu Akleh Isroilning G‘arbiy Sohildagi Jenin shahriga bosqinini tasvirga olish chog‘ida halok bo‘lgan edi.

Bu ro‘yxatni yana  davom ettirish mumkin. Jurnalistlar halok bo‘lgan mamlakatlarning reytingida birinchi o‘rinda Ukraina turibdi. Rossiya bosqinining boshidan beri bu yerda 12 kishi halok bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarda Meksika – 11 nafar, Gaitida 6 nafar jurnalist o‘ldirilgan.

FIJ qayd etishicha, siyosiy repressiya qurboniga aylangan jurnalistlar soni ham oshgan. Hozirda 375 nafar OAV xodimlari panjara ortida. Xitoy va uning Gonkongdagi ittifoqchilari 84 nafar qamoqqa olingan jurnalistlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, keyingilar Myanma (64), Turkiya (51), Eron (34), Belarus (33), Misr (23), Rossiya va bosib olingan Qrim (29) Saudiya Arabistoni (11), Yaman (10), Suriya (9) va Hindiston (7)dir.

Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi BMTning navbatdagi Bosh Assambleyasida Jurnalistlarni himoya qilish va xavfsizligi to‘g‘risidagi konvensiyani ovozga qo‘yish niyatida. “Demokratiyaning asosiy ustunlaridan biri bo‘lgan jurnalistikani himoya qilish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish vaqti keldi”, dedi FIJ bosh kotibi Entoni Bellanjer.