Hindistonda 70 ga yaqin odam noma’lum kasallikdan vafot etdi
Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida so‘nggi bir hafta ichida noma’lum virusli bezgakdan 68 kishi vafot etgani haqida xabar qilindi, ularning 40 nafari bolalar, 12 nafari oxirgi 24 soat ichida vafot etgan.
Mahalliy sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bemorlarning ko‘pchiligida yuqori isitma, suvsizlanish va qondagi trombotsitlar darajasining pasayishi tashxisi qo‘yilgan. Ba’zi bemorlarda denge (subtropik va tropik iqlimli mintaqalarda keng tarqalgan xavfli virusli kasallik) alomatlari - yuqori isitma, kuchli bosh og‘rig‘i, mushaklar og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va limfa tugunlarining shishishi kuzatilgan.
"Tumanlardagi vaziyat qo‘rqinchli – suv botqoqlanishi, sanitariya va gigiyena yo‘qligi kasallikning tarqalishiga zamin bo‘lmoqda", dedi shifokorlardan biri Manish Asija Times of India nashriga.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, davomli yomg‘irlar sababli oshgan namlik va yuqori haroratdan jabrlangan hududlar qon so‘ruvchi hasharotlar orqali yuquvchi kasalliklar tarqalishi uchun aynan qulay joyga aylanmoqda.
G.Xoldorova tayyorladi.