Hoji Muin: "Matbuot bir millatni uyg‘otish uchun birinchi omildur"

... Gazeta bir oyinai jahonnamodurki, tamom harakat va ahvoli ahli ilm bularning vositasi-la bilinib turadur. Bularni va tarixni o‘qugan kishi bir millatning taraqqiysi va yo inqirozi nalar ila o‘lajag‘ini kamokona bilur.

Hoji MUIN.

XX asr avvalida Turkistonni mustabidlik iskanjasidan qutqarish, xalqni ma’rifatli qilish, millatni taraqqiy ettirish uchun zahmat chekkan, o‘zbek jurnalistikasi, adabiyoti va san’ati rivojiga hissa qo‘shgan bir qancha ijodkorlarning adabiy, publitsistik faoliyati o‘rganilmoqda, ehtirom ko‘rsatilmoqda. Hoji Muin Shukrullayev (1883-1942) ana shunday ijodkorlar sirasiga kiradi. U XX asr boshlarida tarix sahnasiga chiqqan Turkiston ma’rifatparvarlari, xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori, Ashurali Zohiriy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat kabilar bilan hamfikr, hammaslak bo‘lib yashadi, o‘z umri va iqtidorini millat ozodligi, yurt ravnaqiga bag‘ishladi.

Hoji Muinning shaxsi, rang-barang ijodiy merosi, publitsistikasining ahamiyati, muharrirlik mahorati, tashkilotchiligi, xalq maorifi yo‘lidagi fidoyiligi, dramaturgiya sohasida e’tiborga loyiq asarlar yaratgani zamonasining ilg‘or fikrli ziyolisi ekanidan dalolatdir. Hoji Muin ma’rifatparvarlik faoliyatini Turkiston chor Rossiyasiga qaram bo‘lgan paytda, “uyg‘onish”, “intiboh” kalimalari tilga tushgan, ko‘ngillarda umid tug‘ilayotgan bir fursatda boshladi. Sadriddin Ayniyning yozishicha, bu davrda, ya’ni “1901 nchi yilda, umuman, Turkiston, bilxossa Samarqand butun dunyodan xabarsiz, qorong‘u bir zindon kabi edi. Xalq nodon, ulamo mutaassib, hukumat nihoyat darajada g‘addor va zolim, maishati buzuq, axloqi fasod edi. Shunuftga xalq ichida fikr kirguzmak va olami islomiya uchun mutaddid ulum va fununga mutaxassis dohiylar kerak edi. Muharrirlar, muallimlar, diniy ulamo, ilmi iqtisodiy va ijtimoiy mutaxassis odamlar, siyosiy erlar lozim edi” (“Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1920. 8 apr.).

1901 yilda eski maktabda bolalarni o‘qitish bilan pedagogik faoliyatini boshlagan Hoji Muin tez orada Behbudiy, Shakuriy, Siddiqiy kabi Samarqand ma’rifatparvarlari safiga qo‘shildi. U 1903 yilda o‘z mahallasida “usuli jadid” maktabini ochdi.

Hoji Muinning serqirra faoliyatida Behbudiyning ta’siri yaqqol seziladi. Hoji Muin Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan 1903 yilda birinchi ustozi Sayidahmad Vasliyning hujrasida tanishadi. Taraqqiyparvar zamondoshlarining ta’siri, davr matbuotini uzluksiz o‘qib borishi, dunyo voqealaridan xabardor bo‘lishga intilishi natijasida Hoji Muin o‘z davrining ilg‘or fikrli ziyolilaridan biriga aylandi.

“Matbuot bir millatni uyg‘otish uchun birinchi omildur”, degan fikr Hoji Muinga tegishli. Biz uning matbuotdagi ilk chiqishini 1908 yilda “Turkiston viloyatining gazeti”da chop etilgan “Yangi asarlar” sarlavhali xabari deb belgiladik. Hoji Muin unda ustozi Sayidahmad Vasliyning nashr qilingan ikki kitobi haqida yozadi. Umuman Hoji Muinning kitoblar haqidagi xabaru taqrizlari ko‘p mutolaa qilganini, shu bilan birga, ma’rifatni targ‘ib etganini anglatadi.

U jurnalistikaga usuli jadid maktabining muallimi bo‘lib ish yuritayotgan kezlarida kirib kelgani bois, yangi ta’lim muassasalarini ko‘paytirish orqali avom orasida ma’rifat tarqatishga urg‘u beradi: “...Har millatning taraqqiysi eng avval muntazam maktablardan boshlanur... Til va milliy adabiyot, din va axloq ta’limining o‘rni maktab bo‘lgonidek, hayot va saodati basharning eshigi yolg‘uz maktabdur”.

Umuman olganda, ta’lim va tarbiya masalasi Hoji Muin publitsistikasining asosiy mavzusi hisoblanadi. Hoji Muinning “Maktab, muallim, kitob”, “Muallimlar jamiyatinda”, “Samarqandda muallimlar qursi ochilishi munosabati bilan”, “Daftar, qalam, kitob”, “Maorif o‘choqlari qurilmoqda”, “Bolalar bog‘chasi”, “Maktab va maorif masalasi” kabi maqolalarida maktablar tashkil etish, muallimlar tayyorlash, darslik va boshqa zaruriy jihozlar bilan ta’minlash, hukumatning yordamidan o‘z vaqtida “istifoda” etish kabi masalalar ko‘tarilgan.

Inson tug‘ilib voyaga yetish jarayonida oila, maktab va atrof-muhitning ta’sirida bo‘ladi. Ular uzviy bog‘langan holda ulg‘ayayotgan go‘dak ongida bir umrga saqlanib qoladigan odob-axloq me’yorlarini shakllantiradi. Hoji Muin “Oila tarbiyasi”, “Adabsizlik sababi va uning chorasi” sarlavhali maqolalarida mana shu uch tarbiya o‘chog‘idagi noqislik bolaning “adabsizligi”ga, bu esa oilaning va butun millatning tanazzuliga sabab bo‘lishini tarixiy misollar asosida ochib bergan. Publitsist tanazzul va o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishning sabab larini keyingi asarlarida oila tarbiyasining buzilishi, axloqsizlik va ilmsizlik deb ko‘rsatadi. “Adabsizlik sababi va uning chorasi” sarlavhali maqolasida xalqning bunday holga tushishiga mansabdorlar aybdor ekanligini ta’kidlaydi: “...agarda xonlarimiz, ulug‘larimiz va ruhoniylarimiz o‘z zamonlaridagi vazifalarini ado qilib kelsalar edi, biz musulmonlar bu kunda munday razil suratda johil va beadab bo‘lib qolmas eduk” (“Turkiston viloyatining gazeti”, 1913. 1 avg.). Beayov tanqid, chuqur tahlildan so‘ng: “...bizlar to erkak va qiz bolalarimizni birgalikda tarbiya etmaguncha, bizlardan kelajakda ma’sud oilalar yetishmas”, degan xulosaga keladi.

O‘z tarixini, o‘zligini bilmagan millatning istiqboli bo‘lmasligini yaxshi bilgan jadid ziyolilari milliy tarix yaratish masalasini o‘rtaga tashlashgan edi. Turkistonning o‘sha paytda rus olimlari va ularga mute mahalliy ziyolilar tomonidan yozilgan tarixi mahalliy xalqlarning milliy g‘ururini toptashga qaratilgan edi. Hoji Muin ham masalaning mana shunday nozikligini anglab yetdi. 1914 yilda “Sadoi Turkiston“ gazetasida ushbu masala yuzasidan qo‘yilgan savolga javoban Hoji Muinning “Milliy tariximizni kim yozar?” (“Sadoi Turkiston” gazetasi, 1914. 1 iyul.) sarlavhali maktubi chop etildi. Maktub muallifi turkistonliklar uchun mufassal va muallimlar uchun muxtasar Turkiston tarixi kerakligi, uni yozadigan kishining to‘rt — turkiy, forsiy, arabiy va rusiy tillarida “turk va Turkiston haqida yozilg‘on eski va yangi kitoblarni tadqiq va tatbig‘ aylab”, so‘ngra tarix bitishi lozimligini ta’kidlab, muarrixlar oldiga qat’iy talablar qo‘ygan.

Jurnalistning vazifasi muammoni ko‘rsatib berish, e’tiborsiz qolsa, uni yana eslatib turishdir. Publitsist Hoji Muin ham mazkur masala yechimsiz qolganligi sababli mavzuga 1915 yilda yana qaytadi. U “Oyina” jurnalida chop etilgan “Milliy tarix haqinda” sarlavhali maqolasida tarix yozishni “turkistoniylar“ning o‘zlariga havola qiladi. Buning uchun jiddiy g‘ayrat va shijoat lozimligini, barcha ziyolilar bu ishga astoydil kirishsalar, biror natijaga erishish mumkinligini ta’kidlaydi. Amaliy tashabbus bilan chiqqan publitsist xalq qalbida iftixor va g‘urur hissini uyg‘otadigan, qad rostlashga chorlaydigan tarix kitobining yaratilishini orzu qilgan edi.

Behbudiyning ta’siri Hoji Muinning dramaturglik faoliyatida ham yaqqol ko‘rinadi. “O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar”ni yozgan M.Buzruk Solihov Hoji Muin Behbudiyning “yaqin fikrdoshi va shogirdi” ekanligini yozar ekan, “Adabiy hayotda Behbudiyning ta’siri ostida va uning guruhidan bo‘lib boradi. Ayni zamonda fevral inqilobidan burunda eng ko‘p piyesa yozgan kishi deb aytsa bo‘ladi” deydi (M.Buzruk Solihov. O‘zbek teatri tarixi uchun materiallar. — T. O‘zSSR Davlat nashriyoti. 1935 y. 97-b.).

Haqiqatan ham Hoji Muin jadid dramaturglari orasida eng samarali ijod qilgan adib. Uning “Eski maktab, yangi maktab”, “Ko‘knori”, “Mazluma xotin”, “Maorif qurbonlari”, “Juvonbozlik qurbonlari”, “Boy ila xizmatkor“, “Qozi ila muallim” kabi o‘nlab pesalar muallifi bo‘lib, ular XX asrning 30-yillarigacha Samarqand, Kattaqo‘rg‘on teatrlarida sahnalashtirib kelingan.

Hoji Muin 1918 yildan matbuot ishlariga sho‘ng‘ib ketgan bo‘lsa ham, maorifdan uzoqlashmadi. O‘z publitsistik maqolalarida ta’limdagi muammolarni dadillik bilan ko‘tarib chiqdi, uni yaxshilash, yuksaltirish yo‘lida tinimsiz ishladi. “Mehnatkashlar tovushi” gazetasida chop etilgan xabarga ko‘ra, maorif komissarligida Behbudiyning betobligi sababli, bugungi til bilan aytganda Xalq ta’limi vaziri vazifasini Hoji Muin bajargan (“Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1918 y. 11 iyun). Biroq mahalliy xalq vakillarining yuqoriroq lavozimlarda ishlashi uzoqqa cho‘zilmas edi. Tez orada Behbudiyning iste’fo bergani tarixdan ma’lum (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tashakkur va e’tizor // “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1918 y. 27 avgust).

Hoji Muinning “Ochiq xat”i (“Turkiston” gazetasi, 1923 y. 2 may) keyinchalik unga millatchilik tamg‘asining bosilishiga sabab bo‘lganligi aytiladi. Aslida uning ta’qibga uchrashi Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinganligi va uning qonga botirilishiga munosabati sabab boshlangan. Masalan, u “Bolsheviklar va biz” maqolasida shunday yozadi: “Bolsheviklar ish boshig‘a o‘tib olg‘on kunlarda, “Biz kichik millatlarg‘a tamom hurriyat va istiqlol beramiz”, deb xitobnomalar vositasila va’da qilg‘on bo‘lsalar ham, bu quruq so‘zlari qog‘oz ustidagina qoldi. Bular hozirgacha hech bir millatning muxtoriyat va istiqlolini tasdiq etmadilar, balki bil’aks, shunday muxtoriyat va istiqloliyat e’lon etgan millatlarg‘a to‘p va pulemut bilan muqobala etdilar va etmakdadirlar. Mifrat sotsializm maslakinda bo‘lg‘on bolsheviklarning o‘z maslaklarini qabul etmagan millatlarg‘a hurriyat va istiqlol bermasliklari aniq bo‘lib chiqdi” (“Hurriyat” gazetasi, 1917y. 1 yanvar).

“Yana muning ustinda, — deydi publitsist, — o‘z maqsadlarini bolsheviklarga ochiqroq anglatmak uchun Turkistondagi butun musulmon soldat, ishchi va dehqonlar 25 dekabrda Xo‘qandda favqulodda bir siyezd yasab, siyezdda hozir bo‘lg‘on 200 nafarcha namoyandalar o‘tgan to‘rtinchi musulmonlar qurultoyi tarafindan chiqarilg‘on qarorlarni haqli topib, Turkiston idora va hokimiyatining darhol muxtoriyat hukumatig‘a topshirilmog‘iga qaror chiqardilar.

Qani, endi ko‘raylik! Bu siyezdg‘a bolsheviklar qaysi ko‘z bilan qaraylar! Nima derlar! Har holda bolsheviklar tek turmaslar. Biror bahona topib, bizning tinchligimizni buzarlar, deb gumon qilamiz. Chunki bularning chin muddaolari hanuz hosil bo‘lg‘on emasdur. Shuning uchun bizlarg‘a kerakkim, bu to‘g‘rida har ehtimolg‘a qarshi hozirliq ko‘raylik. Tamom birlik bilan kuch yig‘aylik. O‘z hurriyat va muxtoriyatimizni saqlamoq uchun mol va jonimizni fido etmakka hozir bo‘lib turaylik”.

Davr taloto‘plarida bunday fikrni yozish uchun jurnalistdan shijoat, qat’iylik talab etiladi. Bolsheviklar hokimiyatni egallagach, Hoji Muin hajviy publitsistikaga ham murojaat qiladi. Uning “Boy bo‘lmoq yo‘llari”, “Pora va poraxo‘rlik”, “Oxir zamon alomatlari” kabi ko‘plab umumdemokratik ruhda yozilgan feletonlari “Hurriyat” va “Mehnatkashlar tovushi” gazetalari meros xo‘ri, lekin bolsheviklar siyosatiga bo‘ysundirilgan “Zarafshon” gazetasida chop etilgan. “Boy bo‘lmoq yo‘llari” feletonida publitsist hukumat idoralaridagi “xalq molidan zakot olib” boyib borayotgan kimsalarni tanqid qilsa, “Pora va poraxo‘rliq” feletonida poraxo‘rlikni “bilittifoq” rivojlantirayotgan poraxo‘rlarni hajv ostiga olgan. U “pora” so‘zining ma’nosini shunday izohlaydi: “Pora “poru”dan mushtafiqdur... Mana shuning uchun bizning shariatimiz pora yemakni musulmonlarg‘a harom qilmishdur. Bu poraning lug‘aviy ma’nosi bo‘lib, istilohda pora vijdonsiz “xodimal xalq”lar qoshida ona sutidan ham halolroq sanalg‘on maxsus bir aqcha turidirkim, buni yegan kishi oz kunda cho‘chqadek semirib, davlatida ham favqulodda barakot hosil bo‘ladir”.

Publitsist poraxo‘rlarni shunday masxarali tasvirlar ekan: “Poraxo‘rliq ishi zolim Nikolay zamonida yomon bir holda edi. O‘zgarishdan keyin har ish “taraqqiy“ qilg‘onidek, poraxo‘rliq hunari ham yaxshig‘ina taraqqiy qilib oldi”, deya bolsheviklar hukumati idoralaridagi “xodimal xalq”larni achchiq kinoya bilan hushyorlikka chaqiradi.

Hoji Muin boshqaruvdan chetlashtirilgandan keyin publitsistikasida biografik xarakterdagi maqolalar yozish salmoqli o‘rinni egallagan. Uning “Mahmudxo‘ja Behbudiy”, “Sayidahmad Vasliy”, “Qozi Kaloni shal”, “Birinchi geografiya muallimi”, “Marhum Shokir Muxtoriy”, “25 yilliq xidmat” kabi biografik xarakterdagi maqola va ocherklari fikrimizga dalildir. Olimlarimizning ilmiy ishlarida, maqolalarida Hoji Muin va Mahmudxo‘ja Behbudiyning nomlari birgalikda tilga olinishi kuzatiladi. Bu ularning faoliyati hamkorlikda kechganligi uchungina emas, balki Hoji Muinning maqolalari Behbudiy adabiy merosini o‘rganishda eng ishonchli manbalardan bo‘lgani uchun hamdir. Turkiston jadidlarining ma’naviy otasi, taraqqiyparvar yoshlarning ustozi bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida o‘sha davr matbuotida ko‘plab maqolalar, xotiralar chop etilgan. Lekin Behbudiyning nomini, uning xotirasini Hoji Muinchalik yodga olgan, nomini abadiylashtirish uchun qayg‘urgan boshqa bir kishini uchratmadik.

“Matbuot bir millatni uyg‘otish uchun birinchi omil bo‘lg‘onidek, uning tarixi ham uyg‘onish davri tarixining muhim bir bo‘lagi sanaladir” (“Zarafshon” gazetasi. 1923 y. 5 may), deb bilgan Hoji Muin milliy jurnalistikamizga oid “Samarqand matbuoti tarixi”, “Samarqandda bosmaxona va yerli matbuot ishlari”, “Samarqandda matbuot ahvoli”, “Hajviy jurnal”, “Tugallanish yo‘lida” kabi bir qancha maqolalarida o‘sha murakkab davr tilsimlarini tarix zarvaraqlariga hujjat sifatida muhrlab qo‘ygan.

O‘zbek milliy matbuotining shakllanishi va rivojlanishida Hoji Muinning ham munosib xizmatlari bor. U dastlab “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, keyinchalik “Tayoq”, “Mashrab” jurnallarining tashkilotchisi hamda muharriri bo‘lgan. Hoji Muin muharrirlikni, ya’ni gazeta va jurnalni boshqarishdagi ilk tajribani “Oyina” jurnali va “Hurriyat” gazetasida ishlagan chog‘ida orttirgan. Uning o‘z ishiga mas’uliyat ila yondashishini ko‘rgan Behbudiy 1914 yilda safarga otlanganida “Oyina” jurnali muharrirligini Hoji Muinga yuklab ketadi. “Hurriyat” gazetasiga rahbarlik qilgan Abdurauf Fitrat safarda bo‘lgan paytlarda tahririyat boshqaruvini Hoji Muin ibn Shukrulloga topshirgani ham hujjatlarda saqlangan.

Hoji Muinning qo‘rqmas va shijoatli jurnalist sifatida faoliyat yuritgani u rahbarlik qilgan nashrlar mazmuni, shuningdek, publitsistik asarlari orqali bizgacha yetib keldi. Turkiston muxtoriyati e’lon qilingach, mustamlakachi bosqinchilar fitnasiyu qotilliklaridan xavotirga tushgan xalq ruhiyatidagi karaxtlik fursatida Hoji Muin tomonidan bildirilgan quyidagi fikrga e’tibor bersangiz bunga yana bir bor amin bo‘lasiz:

“Bizlar hech kimga xo‘shomadgo‘ylik qilmaymiz va hech kimdan qo‘rqmaymiz. Bizlar vijdon va nomusimizni pulg‘a sotmaymiz. Bizning do‘stimiz va ma’shuqimiz yolg‘iz haqiqat bo‘lg‘onlig‘i uchun haqiqat va to‘g‘riliqdan boshqa hech kimni rioya etmaymiz. To‘g‘riliq yo‘linda bo‘hton, hibs va hatto, o‘limdan ham qo‘rqmaymiz. To‘g‘riliq va muqaddas maslakimiz yo‘linda qurbon bo‘lmoqni o‘zimiz uchun bir sharaf deb bilamiz” (“Mehnatkashlar tovushi” gazetasi, 1919 y. 23 yanvar).

Hoji Muinning vafoti 1942 yil deya ko‘rsatilishi sabab ba’zilar uni qatag‘onga uchramagan deya hisoblaydilar. Haqiqat shuki, u ham 1937 yili boshqa oydinlar qatori hibsga olindi. 1938 yilda o‘n yilga qamoq jazosiga hukm qilindi. Vatanidan yiroqda, ozodlikdan mahrum muhitda xastalanib vafot etdi. U o‘z hayotini tahlikaga solib bo‘lsa-da, yurt va xalq manfaati uchun kurashgan ziyolilarimizdandir.

Halim SAIDOV,

filologiya fanlari doktori,

Nilufar NAMOZOVA,

filologiya fanlari nomzodi.

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2022 yil 22 iyun, 123-son.