Samarqandda “Turon” maktab teatri tanlovining respublika bosqichi boshlandi

Viloyat musiqali drama teatrida “Turon” maktab teatri" tanlovining respublika bosqichi boshlandi.
Dastlab tanlovning respublika bosqichiga chiqqan 14 ta jamoa tanishtirildi. Jamoalar tanlov nizomiga ko‘ra, “Bizning maktab”, “Teatr - ibratxona” shartlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadi. Ularning ketma-ketlikdagi chiqishlari qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlandi.
Aytish joizki, “Turon” maktab teatri" tanlovining respublika bosqichiga san’atimiz darg‘ali bo‘lgan san’atkorlar, ya’ni Bahodir Nishonov, Zuhra Ashurova, Shohida Ismoilova, Lola Eltoyeva, Baror Hasanovlar hakamlik qilyapti.
- Sahnada tanish-bilish ketmaydi, - dedi O‘zbekiston xalq artisti Zuhra Ashurova. - Ustozlar aytganidek, sahna bu muqaddas dargoh. Unga xiyonat qilinmaydi. Ishtirokchilarning maktab o‘quvchilari ekanini hisobga olgan holda iqtidoriga qarab baholaymiz. Hamma jamoaga omad tilayman.
Jamoalar “Bizning maktab” shartida o‘z maktabi yutuqlarini ko‘rsatib berishi va beshta savolga javob topishi kerak bo‘lsa, “Teatr - ibratxona” shartida biror sahna asaridan parcha namoyish etishlari lozim.