TIRILGAN MURDA: Orzuli dunyo

* Siyosiy sharh

Neft va gaz konlarining ochilishi Ikkinchi jahon urushidan keyin rivojlanish bosqichiga kirgan dunyo iqtisodiyoti uchun ayni muddao bo‘ldi. Natijada sho‘ro davlati xazinasiga neftdollarlar yomg‘irdek yog‘ila boshladi. Brejnev hukumati ulardan kichik bir ulushini xalqqa bergan bo‘lsa-da, daromadning asosiy qismi harbiy xarajatlarga yo‘naltirildi. Shu asosda dunyodagi eng qudratli armiyalardan biri vujudga keldi.

Bundan ruhlangan sho‘ro arboblari o‘tgan asrning 80-yillari boshida "baynalmilal yordam" degan bahona bilan Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Biror bir ijobiy natija bermagan ushbu harbiy harakatlar 1989 yilda to‘xtatildi. Ammo uning oqibatlari sobiq ittifoq uchun g‘oyat achinarli bo‘ldi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, afg‘on urushi ellik milliard dollardan ko‘proq mablag‘ni yelga sovurib, 15 mingdan ortiq sho‘ro askar va ofitserlarining hayotiga zomin bo‘ldi. 80-yillar oxirida jahon bozorida neft narxining tushib ketishi vaziyatni yana og‘irlashtirdi. Oqibat shu bo‘ldiki, iqtisodiy inqiroz girdobiga tushib qolgan mamlakat siyosiy tanazzul tomon yo‘l oldi. Putin iborasi bilan aytganda: "XX asrning eng buyuk geosiyosiy halokati" yuz berdi, ya’ni SSSR parchalanib ketdi. Rossiya prezidentining ana shu bahosi XXI asrdagi bo‘lajak voqealarga o‘ziga xos dastur bo‘ldi. Ittifoqning tarqalib ketishi dastlab rus ziyolilari tomonidan ijobiy qabul qilingan bo‘lsa-da, Rossiyada boshlangan demokratik islohotlar natija bermaganligini ko‘rib, ularning hafsalasi pir bo‘ldi. Kommunistik ideologiyadan xalos bo‘lgan omma ongida demokratiya salbiy tushuncha sifatida shakllana boshladi.

Asta-sekin demokratik islohotlarga chek qo‘yilib, shovinistik millatchilik mafkurasi kirib keldi. Tor doiralarda aytiladigan buzg‘unchi fikrlar keng targ‘ib etildi. Hozir irqchilik va millatchilik ruhi bilan sug‘orilgan o‘ng reaksion g‘oyalar baland minbarlardan ham barala aytilmoqda. Ular o‘tmishda ayrim davlatlar va hatto millatlar bo‘lmaganligi haqidagi ig‘vo gaplarni tarqatib, turli milliy-etnik ziddiyatlarni yuzaga keltirmoqda. Aytish mumkinki, qo‘poruvchilik maqsadini ko‘zlagan ushbu mafkura oxir-oqibat buyuk davlatchi shovinistlarning o‘ziga katta muammolarni paydo qilishi mumkin.

Tarixdan yaxshi ma’lum, millatchilik illati bilan kasallangan jamiyatlar uzoqqa bormaydi. Bunday davlatlar har qancha qudratli bo‘lmasin, oxir-oqibat halokatga mahkumdir. Aksincha, millat-elatlari ahil, do‘stlik-birdamlikda yashab, bir yoqadan bosh chiqarayotgan mamlakatlar kundan kunga o‘sib, rivojlanib bormoqda.

"Brand Finanse 2025" xalqaro tahlil markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini o‘qib, to‘g‘risi, ko‘nglimda g‘urur hissini tuydim. Unda qayd etilishicha, dunyodagi 200 ta davlat orasida O‘zbekiston faxrli uchtalikka kirgan. Keyingi yillarda mamlakatimizning o‘sish sur’atlari va brendi 26 foizga o‘sgan. Bu esa dunyodagi yuqori ko‘rsatkichlardan biri sifatida qayd etildi. Mamlakatimiz erishayotgan yutuqlar yurtimizdagi islohotlarga, iqtisodiy o‘sishga, inson salohiyatiga berilgan xolis baho, birgalikda qilinayotgan sa’y-harakatlarimiz e’tirofidir. Qolaversa, men buni yurtimizdagi barcha millat-elatlarning ahil-inoqligi va do‘stligi samarasi, deb bilaman.

Xalqimizda "Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kun baraka ketadi", degan dono naql bor. Shu ma’noda jahonning qaysi chekkasiga nazar solsangiz, qayerda tinchlik bo‘lsa, o‘sha yerlarda xalq to‘kin-farovon hayot kechirayotganini ko‘rasiz. Aksincha, urush-to‘polonlar codir bo‘layotgan joylarda yangi-yangi siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy muammolar paydo bo‘lmoqda. Yaqin-yaqingacha butun dunyo Amerikaga havas bilan qarar, hamma bu sehrli diyorga intilardi. Bugun ana shu mahobatli mamlakatda ham turli ziddiyatlar paydo bo‘lib, mamlakat rivojini deyarli to‘xtatib qo‘ydi. Sababi, u yerda ham bir vaqtlar mavjud bo‘lgan, ammo keyinchalik barham berilgan irq va millat ajratish taomili yana bosh ko‘tarmoqda. Bu holat, ayniqsa, jahondagi umumiy notinchlik fonida vujudga kelgan muhojirlar oqimining kuchayishi bilan birgalikda yuzaga kelmoqda.

Xudoyberdi KOMILOV,
siyosiy sharhlovchi.

(Davomi bor)