Magistral yo‘l yoqasidagi ob’yektlarning sanitariya holati o‘rganilmoqda

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevning topshirig‘iga ko‘ra, bugun “M-39 Bulung‘ur-Samarqand shahar”, “M-37A Samarqand shahar aylanma yo‘li”, “M-37 Samarqand-Ashxobod-Turkmanboshi” avtomagistral yo‘llarini kapital ta’mirlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Sanepidqo‘mita Samarqand viloyati boshqarmasi ham viloyat hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l yoqasida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i va gaz quyish shoxobchalari hamda oshxonalarning sanitariya holatini o‘rganmoqda.

O‘rganishlar jarayonida Oqdaryo tumanidan o‘tuvchi magistral yo‘lning tegishli qismlarida joylashgan AYoQSh, AGQSh hamda oshxonalardagi mavjud hojatxonalarning sanitariya holatini yaxshilab, na’munali qilib tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Soha mutaxassislari tomonidan ushbu ob’yekt egalariga mahalliy va xorijiy mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish, obodonlashtirish ishlarini olib borish targ‘ibot qilinmoqda, tegishli tavsiyanomalar tarqatilmoqda.

Bu kabi o‘rganish ishlari boshqarmaning tuman va shahar bo‘limlari mutaxassislari tomonidan Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Bulung‘ur, Jomboy, Samarqand, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Paxtachi tumanlarida ham amalga oshirilmoqda.