Hokim boshchiligidagi mas’ullar Samarqand shahrida bunyod etilayotgan XOSPIS binosi qurilish ishlari bilan tanishdi

Viloyat hokimi boshchiligida bir qator mas’ullar Samarqand shahrida barpo etilayotgan 50 o‘rinli XOSPIS (kasallikning oxirgi bosqichida tuzalmaydigan (asosan, onkologik) bemorlarga ahvolini yengillashtiruvchi, ularga yordam ko‘rsatuvchi tibbiy va ijtimoiy muassasa) binosida olib borilayotgan qurilish-tiklash ishlari bilan tanishishdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Jarayonda qurilish-tiklash jarayonida alohida e’tibor talab etiladigan holatlar bo‘yicha “Qobil Mirza” XIChK pudratchi tashkilotiga zaruriy tavsiyalar berildi.

Bugungi kunda viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida “Samtibloyiha” MChJ tomonidan Samarqand shahrida 50 o‘rinli XOSPIS binosini tashkil etish bo‘yicha 7 milliard 611 million so‘mlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” DUK Samarqand viloyati filialining ekspertiza xulosasi olingan.

“Qobil Mirza” XIChK pudratchi tashkiloti tomonidan qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan ushbu ob’yektda 4 ta binoning tomini yopish ishlari to‘liq tugatilgan. Ichki devorlarini buzib, loyiha bo‘yicha xonalar barpo qilingan. Elektr-montaj, romlar o‘rnatish ishlari, binolarning ichki va tashqi suvoqlari to‘liq bajarildi.

Hozirda pardozlash ishlari ketmoqda.