Hokim o‘rinbosarlari mahallabay ishlashni biladimi?

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan viloyatda o‘rta bo‘g‘in rahbarlari, ya’ni tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari ishtirokida o‘quv-mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Davlat boshqaruv akademiyasi Samarqand hududiy filialida to‘rt kun davom etadigan mashg‘ulotlarni viloyatdagi sohaviy oliygohlarning professor-o‘qituvchilari olib boradi.

Trenerlar har bir soha bo‘yicha yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarni mahallabay tatbiq etish, ilm bilan amaliyotni bir-biriga integratsiya qilish hamda mavjud muammolarni joyiga chiqib o‘rganish va bartaraf etishni strategik vazifalar yo‘nalishida olib boradi.

- Davlatimiz rahbari 18-19 fevral kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etish topshirig‘ini bergan edi, - deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali rahbari Rustam Qobilov. – Tabiiyki, bunda asosiy vazifani tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari bajaradi. Shu bois ularga o‘quvlar davomida mahallabay va fuqarobay ishlash bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar beriladi. Amaliyotda uchrayotgan turli muammolarning ilmiy asoslangan yechimiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, hududlar bo‘yicha har bir mahallaning o‘sish nuqtalari va rivojlantirish bo‘yicha taqdimotlar ham o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, mashg‘ulotlarga tuman, shahar hokimlarining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari jalb qilingan.

Baxtiyor Mustanov.