Hokim yordamchilari qanday ishlayapti?

Mahallalarda faoliyat boshlagan hokim yordamchilariga asosan ikkita vazifa yuklatilgan. Bular - fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash. Ular shuni eplayaptimi?
Masalan, Nurobod tumanining Amir Temur mahallasidagi hokim yordamchisi qanday ishlarni bajaryapti?
- Mahallamizda 4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, - deydi I.Berdiqulov. – Ularning muammolariga yechim topish maqsadida xatlov o‘tkazildi. Natijada 137 nafar fuqaroning muammosi borligi aniqlandi. Mahalla faollari bilan birga bu muammolar yechimiga kirishib, ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni “daftar”larga kiritdik. Xususan, “Temir daftar”ga 32 nafar fuqaro kiritilib, 13 nafari chiqarildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 29 nafar yoshdan 24 nafarining muammolariga ijobiy yechim topildi. 76 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilib, to‘rt turdagi yordam ko‘rsatildi.
O‘tgan davr mobaynida 20 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun 800 million so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. 21 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi, shartnoma asosida 7 nafar fuqaro xorijga ishga jo‘natilib, 30 nafarga yaqini kasb-hunarga yo‘naltirildi.
Ahamiyatlisi, mahallada fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida aksariyatiga kredit ajratilgan va ularning asosiy qismini xotin-qizlar tashkil qiladi.
– Onam ikkimiz xotin-qizlarga ko‘ylak tikib berardik, lekin faoliyatimizni kengaytirish uchun joy va mablag‘ yo‘q edi, - deydi Amir Temur mahallasida yashovchi Hilola Tangiotarova. – Mahallamizdagi hokim yordamchisi ko‘magi bilan 67 million so‘m kredit olib, tikuvchilik sexi tashkil qildik. Hozir seximizda 8 nafar xotin-qiz ishlayapti. Ular bilan birga ayollar va bolalar ko‘ylaklari tikib, mahsulotlar sotuvini ham yo‘lga qo‘yganmiz. Kelajakda faoliyatimizni yanada kengaytirib, mahsulotimizni eksport qilish rejalashtirilgan.
Mahallada “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida katta hayot tajribasiga ega 8 nafar nuroniyga tarbiyasi og‘ir, uyushmagan 70 nafarga yaqin yosh biriktirilgan.
- Bugun zimmamizga masu’liyatli vazifa, ya’ni uyushmagan, tarbiyasi og‘ir yoshlarning taqdiri turibdi, - deydi Islom bobo Bekmurodov. - Mahallamizda 8 nafar ana shunday ma’naviy ko‘makka muhtoj yosh menga biriktirilgan edi. Dastlab mahalla faollari bilan kelishib, ularning ota-onasi bilan suhbatlashdik. Keyin ularning qiziqishiga qarab ishga, kasb-hunarga yo‘naltirdik. Xususan, 2 nafar yosh shartnoma asosida xorijga ishga joylagshtirildi, 1 nafariga asbob-uskuna berildi, 3 nafari safarbarlik chaqiruviga yuborilib, 1 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi.
Tumandagi Sharq yulduzi mahallasi hokim yordamchisi Shoxruz Berdiyev ish boshlaganiga ko‘p bo‘lmasa-da, fuqarolar bandligini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.
- Faoliyatimni ishsiz fuqarolar muammolarini o‘rganishdan boshladim, - deydi Sh.Berdiyev. – Mahalla faollari bilan kelishib, muammosi aniqlangan 142 nafar fuqaroni “daftar”larga kiritdik. Amalga oshirilgan ishlar natijasida “Temir daftar”ga kiritilgan 25 nafar fuqarodan 10 nafari, “Yoshlar daftari”dagi 38 nafar yoshlarning barchasi "daftar"dan chiqarildi. Shuningdek, “Ayollar daftari”ga ro‘yxatda turuvchi 79 nafar xotin-qizning 8 nafariga imtiyozli kredit berildi, 5 nafari ishga joylashtirildi, 5 nafari kasb-hunarga o‘qitilib, 7 nafariga asbob-uskuna berildi.
- Ishsiz edim, mahallamizdagi hokim yordamchisi Shoxruz Berdiyevning taklifi bilan mebellarni ta’mirlash ustaxonasi ochdim, - deydi "YaTT Sanayeva Zuhra" MChJ rahbari Zuhra Sanayeva. – Buning uchun ijaraga joy, asbob-uskunaga 15 million so‘m kredit berildi. Faoliyatimni 1 nafar usta bilan boshladim. Ishlarim yurishib, mebellarni ta’mirlash bilan birga uni yasashni ham yo‘lga qo‘ydik. Ustaxonam korxonaga aylandi va 5 nafar yoshni ish bilan ta’minladim. Kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirib, qo‘shma korxona ochmoqchiman.
Fazliddin Ro‘ziboyev.