Hokim yordamchisi ayol bo‘lsa...

Ishtixon tumani Shayxlarkent mahallasidagi hokim yordamchisi ayol kishi bo‘lsa-da, shijoatli, xalq dardi bilan yashaydi. Mahalladoshlarining quvonchu shodliklarini o‘ziniki deb biladi. Ijodiy jamoamiz bilan Shayxlarkentda bo‘lganimizda bunga amin bo‘ldik.

Viloyatimizda bir nafargina ayol hokim bo‘lgani kabi, mahallalardagi hokim yordamchilari orasida ham ayollar sanoqligina. Masalan, Ishtixon tumani mahallalarida ular bor-yo‘g‘i ikki nafarni tashkil etadi. Gulshoda Saidova - shulardan biri.

- Hokim yordamchisi vazifasiga taklif etilganimda, avvaliga biroz cho‘chigandim, - deydi u. – Ammo ayol kishi bo‘lsa-da o‘z ishining ustasi bo‘lsa, u har qanday yumushni bajara olarkan. O‘zim iqtisodchiman. Shu paytgacha bir necha yil mahalla tizimida ishlaganman. Shuning uchun bu vazifada faoliyat yuritish menga qiyinchilik tug‘dirmadi. Xatlov jarayonida anchagina, ya’ni 277 nafar ishsiz fuqaro mavjudligi aniqlandi. Asosiy maqsad, ularning bandligini ta’minlash edi. Ajratilishi kerak bo‘lgan kreditlarni to‘g‘ri taqimlamasam natijaga erishib bo‘lmasdi. Dastlab, reja tuzdim.

Gulshoda ishsizlarning bandligini ta’minlash uchun tadbirkorlarning safini kengaytirishga shoshilmadi. Balki, mahallada yashovchi uquvi bor ishbilarmonlarning faoliyatini kengaytirishga va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shdi.

- Dastlab tajribasi bor tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘maklashdim, - deydi u. – Ularga ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila a’zolari biriktirildi. Ustoz-shogird an’anasini yo‘lga qo‘ydik. Masalan, hech bo‘lmasa bir biznes reja tuzishni bilmay turib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan kishiga kredit ajratish samara bermasligi mumkin. Shuning uchun bir muddat ularga tadbirkorlikdan saboq berib, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, keyin faoliyat boshlashlariga ko‘maklashilyapti.

Puxta ishlangan reja yaxshi samara berarkan
Shu paytga qadar 98 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitildi va barchasi ish bilan ta’minlangan. Ahamiyatlisi ular orasida, o‘z tadbirkorligini boshlaganlari ham bor.

- O‘ylagan rejalarim yaxshi samara bera boshladi, - deydi G.Shodiyeva. – Kasb-hunar o‘rganib qaytganlar orasidan bugun mebelsozlik, tikuvchilik, qandolatchilik yo‘nalishlarida o‘z faoliyatini boshlab, yangi ish o‘rinlari yaratgan tadbirkorlar paydo bo‘lgani quvonarlidir. Ular olgan kreditlarini vaqtida qaytarishda ham qiyinchilikka duch kelmayapti. Bugungi kunda 277 nafar ishsizdan faqat 7 nafarigina qolgan. Ular ham ayni paytda kasb-hunarga o‘qititilyapti.

Hokim yordamchisining yordami katta bo‘lyapti
“Umida nonlari” oilaviy korxonasi 2014 yilda tashkil qilingan. Bir oilaning 3 nafar qizi tandirda patir yopib, sotishi ortidan ish boshlagan korxonaning yildan-yilga faoliyati kengayib bordi. Bugungi kunda korxonaga qarashli non va non mahsulotlari tayyorlaydigan bir necha sexlar ishlab turibdi.

- Shu yil korxonamiz faoliyatini kengaytirish uchun 200 million so‘m kredit olishni maqsad qilgan edik, - deydi tadbirkor Shohsanam Sodiqova. – Buning uchun mahallamizdagi hokim yordamchisi Gulshoda opa Saidovaning ko‘magi katta bo‘ldi. Yana 10 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratib, ijtimoiy daftarlarda turadigan ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga erishdik. Korxonamizda faoliyat olib borayotgan ishchilarning aksariyati yosh onalardan iborat. Ularning farzandlari bog‘chaga borishi kerak. Shuning uchun oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti ham ochishni maqsad qilganmiz.

Bitiruvchilar hisobiga ishsizlar soni ortadi(mi?)

Oliy o‘quv yurtlarini tamomlayotgan shayxlarkentlik yoshlar o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishlarga joylashyapti. Mahalladagi maktab bitiruvchilari esa oliy ta’lim muassasalariga xujjat topshirgan. Mabodo ba’zilari o‘qishga kirolmasa ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha ham choralar ko‘riladi.

- O‘zim bir yildan beri tikuvchilik bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi hunarmand Nargiza Xolmamatova. – Shu yil boshida hokim yordamchisi Gulshoda opa ish boshlagach, bankdan 33 million so‘m imtiyozli kredit olishimga ko‘maklashdi va tikuvchilik sexi tashkil qildim. Tikuv mashinalari va xom ashyo sotib oldim. Natijada 3 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, maktab bitiruvchilari bo‘lgan 8 nafar qizni shogirdlikka olganmiz.
Gulshoda Saidova ba’zida uyidan erta chiqib, kech qaytishiga to‘g‘ri keladi, ammo ro‘zg‘or ishlariga, ikki farzandining tarbiyasi bilan shug‘ullanishga ham ulguradi. Uning aytishicha, bu ish ba’zan charchatadi, lekin mahalladagi qaysidir ehtiyojmand kishining og‘irini yengil qilib, uning minnatdorligini ko‘rsa barcha charchoqlari unut bo‘ladi. Bu uning ertangi kuni uchun shijoyat bag‘ishlaydi.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.