Hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, soliq inspektori yig‘ilishlarda emas, mahallada bo‘lishi kerak
“Mahalla yettiligi” tizimi tashkil etilyapti. Uni tashkil etishdan maqsad aholining asosiy muammolari mahallaning o‘zida hal bo‘lishiga erishishdan iborat.
Odamlar ovorayu sarson bo‘lib idorama-idora yurmasdan, mahalla raisiga yoki tegishlicha mahallaning boshqa xodimiga murojaat qiladi. Ular tegishli davlat organiga muammoni yetkazadi. Davlat organi vakili muammoni hal etadi, zarur bo‘lsa, mahallaga keladi.
Aslida shunday bo‘lishi kerak. Amalda-chi? Haligacha boshqaruv idoralari tizimi ushbu yangicha ishlash mexanizmini hazm eta olmayapti. Bu yo‘nalishdagi qonun hamda davlat rahbarining farmon va qarorlari to‘lasincha ijro etilmoqda, deb bo‘lmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda, mahallalar telegram kanallarida mahalla raislari ko‘tarayotgan muammolari e’tiborsiz qolib ketayotganligi haqida ko‘p gapirilmoqda. Davlat idoralarining mas’uliyatsizligi mahalla raislari va xodimlarining ishchanlik obro‘siga putur yetkazishi bilan birga fuqarolarning davlat organlaridan noroziligiga, ishonchsizligiga sabab bo‘lmoqda.
Yana bir katta muammo, bu - mahalla xodimlarining ish joyida bo‘lishini ta’minlashdir. Afsuski, xodimlarning yuqori turuvchi tashkiloti majlisbozlikdan qutula olmayapti. Ayniqsa, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va soliq inspektorini turli yig‘ilish-u tadbirlarga jalb qilish davom etmoqda.
Mahallaga alohida soliq inspektori shtati joriy etilgan va ularning vazifalari aniq belgilab berilgan. Uch-to‘rtta mahallaga bir nafar bo‘lsa ham bor! Ular shahar yoki tuman idorasida emas, navbati bilan, grafik asosida mahallalarda bo‘lmog‘i va u yerdagi o‘ziga tegishli ishlarni bajarishi lozim. Mana, kecha, 5 fevralda Samarqand shahar soliq inspeksiyasida yig‘ilish o‘tkazilgan va mahallalarga biriktirilgan inspektorlar ham deyarli ikki soat davomida unda o‘tirgan. Agar inspeksiya rahbarining aniq topshirig‘i bo‘lsa, onlayn tarzda inspektorini xabardor qilishi mumkin-ku! Rahbarlar, qo‘yinglar, xodimlaring Prezident topshirig‘ini asosida mahallada bo‘lib, o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarsin!
Davlatimiz rahbari tomonidan 2023 yil 21 dekabrda imzolangan 209-sonli farmonda mahalla raisi vazifalari qatoriga quyidagi vazifa ham mavjud: “Fuqarolar yig‘ini Kengashida mahallaga biriktirilgan davlat organlari vakillarining mahallada amalga oshirgan ishlari yuzasidan axborotini eshitish”. Aniq belgilab qo‘yilganligi bo‘yicha har oyda kamida 5 ta davlat tashkiloti rahbarining axborotini eshitish lozim.
Demak, davlat idoralari rahbarlari mahalla xodimlarini huda-behudaga o‘z huzuriga chaqirmasdan, pastga tushib, muammosi bo‘lsa, o‘zi mahallaga borsin. Eng muhimi, mahalla raisi biror bir muammoni ko‘tarsa, qonun doirasida hal etilishiga erishsin!
Toshpo‘lat Rahmatullayev,
Samarqand shahar Bog‘imaydon mahalla raisi.