Hokim yordamchisining o‘zi tadbirkor bo‘lsa, mahallada ishbilarmonlar ko‘payadi
Yaqingacha Bulung‘ur tumanidagi Changal-1 mahallasida istiqomat qiluvchi aholining asosiy daromadi poliz ekinlari va chorvachilikdan edi. Zamona zayli o‘zgardi, hozir u yerda ham xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, do‘konlar soni ortib, aholining turmush darajasi yaxshilanib bormoqda. Albatta, bunda mahalladagi hokim yordamchisi Eldor To‘xtayevning ham xizmati bor.
Asli o‘zi tadbirkor bo‘lgan Eldor mahalladagi ishni hunarli, savdo-sotiqdan xabardor fuqarolarni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga da’vat etishdan boshladi. Avvaliga ular pul tikib, ish boshlashdan hayiqishdi, kredit olishdan qo‘rqishdi. Bir nechta mahalladoshlari tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanganini ko‘rishgach, vaziyat o‘zgardi.
– Qo‘lida gulday hunari bo‘lsa-yu, chet elda mardikorlik qilib yursa, yarashmaydi, - deydi Eldor To‘xtayev. – O‘zim ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, sohaning og‘iru yengilliklaridan oz bo‘lsa-da, xabarim bor. Bu tajribamdan maqsadli foydalanib, mahallada tadbirkorlar sonini ko‘paytirishga harakat qildim. Hozir bu yerda umumiy ovqatlanish shoxobchasi, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi va pishiriqlar sexlari ishlab turibdi. Xizmat ko‘rsatish sohasida ham ko‘plab yoshlarimizning bandligi ta’minlandi.
Mahalla ko‘chalaridan yurib, yangi ish boshlagan (binosining atrofida qurilish ishlari davom etayotgan edi) sartaroshxonaga kirdik. Sartarosh Ilhom Murodov yaqinda hokim yordamchisining ko‘magi bilan tijorat bankidan imtiyozli kredit olib, ishni yo‘lga qo‘yibdi.
– Ilgari daromadim faqat dehqonchilikdan edi, - deydi Ilhom. – Hunarimni ishga solib ham yaxshigina pul topishimga ishonmagandim. Eldor aka bilan hisob-kitob qildik, bilsam, ham dehqonchilik, ham sartaroshlikni birga yuritib, ikki hissa ko‘proq daromad qilsa bo‘larkan. Mana, ishni boshladim. Mijozlar kun sayin ko‘paymoqda.
Mahallaning yana bir fuqarosi Keldiyor Azimov avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. U joriy yil 25 million so‘m imtiyozli kredit olib, ustaxonasiga zamonaviy uskunalar o‘rnatdi. Natijada oilasidan yana bir kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Hokim yordamchisining aytishicha, bugungacha mahallaning 40 nafardan ortiq fuqarosiga shunday shartlar asosida kredit ajratilishiga erishilgan. Hozir ular o‘z uyida parrandachilik, asalarichilik, quyonchilikni yo‘lga qo‘yib, oilasiga qo‘shimcha daromad kiritmoqda.
Asqar Barotov.