Hokimlarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi

Joriy yilning 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi kampaniyasi boshlanganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, 2021 yil 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgilandi.

Ayni paytda mazkur jarayon qizg‘in pallaga kirgan.

Bu galgi prezident saylovi ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Unda konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti davriylik prinsipi asosida saylanishi ta’minlanadi.

Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni siyosiy partiyalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlat vakillari, jurnalistlar, xususan, xorijiy jurnalistlar kuzatib borish imkoniyatiga ega. Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazi va hududiy bo‘linmalari jurnalistlar va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot yetkazilishini ta’minlamoqda. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining “Saylov-2021” veb portali va boshqa axborot resurslari yuritilishini ta’minlaydi.

Saylovda mamlakatimizdagi besh siyosiy partiya – O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ishtirok etmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi ushbu partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga oldi va joriy yilning 20 sentyabridan ular saylovoldi tashviqotini boshladi.

Saylov kodeksining 44-moddasiga ko‘ra, saylovoldi tashviqotini saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi.

Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek, nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Shuningdek, quyidagilarning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi:

- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining;

- O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan bo‘linmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudyalarning;

- saylov komissiyalari a’zolarining;

- diniy tashkilotlar professional xizmatchilarining.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga o‘z mansab va xizmat mavqeidan saylovoldi tashviqoti vaqtida har qanday siyosiy partiyaning yoki nomzodning foydasiga yoxud unga qarshi foydalanishi taqiqlanadi.

Elyor HAMROYeV,

“Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyati bo‘linmasi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.