Hokimlik tashkilotlari binoni bo‘shatdi. Ammo...
Telegram kanalimizda ’’Respublika ishchi guruhi: Yoshlar markazi hokimlik ixtiyorida, yetakchilar faoliyatida kamchiliklar bor, inshootlar ta’mirtalab..." sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.
Tegishli tashkilotlar mas’ullari holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Jumladan, Payariq tumani 1-bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Mansur O‘sarovning ta’kidlashicha, “Yoshlik” futbol o‘yingohini ta’mirlash va yangi sport zal qurish ishlari respublika byudjetidan qilinishi kerak edi. Ammo loyihadagi o‘zgarishlar sabab ob’yektlarda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmagan. Hozirgi kunda o‘yingohda yoshlarga futbol mashg‘ulotlari muntazam o‘tkazilib kelinmoqda va
o‘yingohini rekonstruksiya qilish, sport zali qurish bo‘yicha kelgusi yillarda manzilli dasturga kiritish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, mazkur tumandagi yoshlar markazi binosida hokimlik tashkilotlari faoliyat yuritayotganligi buyicha yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Murod Begimqulov quyidagilarni ma’lum qildi.
- Biz faoliyat yuritayotgan bino sobiq yoshlar ittifoqi tuman kengashi balansida turibdi, - deydi M. Begimqulov. - Yoshlar markazi binosini yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi balansiga o‘tkazib berish yuzasidan 2022 yil 27 aprelda tuman hokimligiga xat yuborganmiz. Ammo tuman hokimligi binoni o‘tkazish uchun viloyat hokimining qarori kerakligini va keyin tuman hokimining qarori chiqarilishini ma’lum qildi. Shu kungacha binoda faoliyat yuritgan tuman kommunal bo‘limi va tuman investitsiya bo‘limi binoni tark etdi. Hozir markazda ingliz tili va IT yo‘nalishi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Urgut tumanidagi 1-sport maktabi zalining pol qismi yaroqsiz holga kelib qolgani, sport turlari bo‘yicha o‘quv qo‘llanma va shug‘ullanish uchun sport jihozlari yetishmashligi bo‘yicha tuman mas’ullarining ma’lum qilishicha, zalning pol qismi tumanning sport inshootlarini ta’mirlash manzilli dasturiga kiritilgan. Shuningdek, sport turlaridan o‘quv qo‘llanmalar bilan ta’minlash bo‘yicha Yoshlar siyosati va sport vazirligiga takliflar berilgan bo‘lsa, qo‘shimcha sport jihozlari olish mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining ma’lum qilishicha, Toyloq tumandagi yoshlar yetakchilariga “Besh tashabbus olimpiadasi”da ishtirok etish istagini bildirgan yoshlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish, “Yoshlar balansi” elektron platformasi orqali tahrirlanmagan so‘rovnomalar bo‘yicha uslubiy ko‘mak berilib, tushuntirish ishlari olib borilgan.