Homiylar nega sport federatsiyalariga yordam bermayapti?

Sport turlarini ommalashtirish, musobaqalar tashkil qilish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni terma jamoalar tarkibiga yetkazib berish sport federatsiyalarining asosiy vazifasi. Xo‘sh, viloyatdagi federatsiyalar shularni eplayaptimi?

- Sport turlari bo‘yicha viloyatimizdan O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga joriy yilda 1232 nafar (asosiy tarkibga 750 nafar, zaxira tarkibga 482 nafar) sportchi qabul qiligan, - deydi viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ahror Shamsiyev. – Olti oy davomida viloyatimiz sportchilari O‘zekiston kubogi va chempionatlarida 523 ta oltin, 554 ta kumush, 730 ta bronza, jahon, Osiyo va xalqaro sport musobaqalarida 51 ta oltin, 62 ta kumush, 75 ta bronza, jami 1995 ta medalni qo‘lga kiritdi. 

Ammo yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar tahliliga ko‘ra, ayrim sport federatsiyalari o‘zini ko‘rsata olmadi. Dzyudo, eshkak eshish, yunon-rum kurashi, yengil atletika, gimnastika, kurash va sambo sport federatsiyalari qoniqarli natija ko‘rsatgan bo‘lsa, 20 ta sport turi - boks, basketbol, suzish, gandbol, erkin kurash, voleybol... o‘rta va 5 ta sport turi qilichbozlik, ot sporti, sportning texnik va o‘q otish, tennis va regbi turlari federatsiyalari qoniqarsiz natija ko‘rsatdi. Shuningdek, joriy yil badminton, penchak silat, kikboksing, shotakan karate, o‘zbek jang san’ati federatsiyalari O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibiga umuman sportchi yetkazib bermadi. 

Xo‘sh, federatsiyalardagi asosiy muammo nimada? 

- Badminton olimpiya sport turiga kiradi, - deydi badminton federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Marat Muhammadiyev. -  Federatsiyaning viloyat bo‘limi 2014 yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda 1000 nafardan ziyod yoshlar 35 nafar trener qo‘l ostida badminton bilan shug‘ullanib kelmoqda. Federatsiya uchun baza mavjud. Joriy yil federatsiya tomonidan respublika terma jamoasiga sportchilar yetkazib berilmadi. Chunki tizimda yechimini kutayotgan muammolar bor. 

Xususan, federatsiyaga “Kapalansersam”, “Sam-Antep-Gilam” qo‘shma korxonalari va  “YA tekstil group” MChJ homiylik qiladi. Biroq homiylardan bir necha marta yordam so‘rasak ham rad javobini beryapti. Shuningdek, Ishtixon, Bulung‘ur, Nurobod, Jomboy tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahridagi sport maktablarida badminton bo‘yicha trenerlar umuman yo‘q. Hatto o‘tkaziladigan musobaqalarga ushbu hududlardan sportchilar ham qatnashmaydi. Sport jihozlari yetishmasligini aytmasa ham bo‘ladi.

Shotakan karate federatsiyasi ijrochi direktori Rahim Qodirovning ta’kidlashicha, viloyatda shotakan karate noolimpiya sport turi bilan 100 ga yaqin sportchi shug‘ullanadi, ularga  bor-yo‘g‘i 5 nafar trener mashg‘ulot o‘tadi, xolos. Buning ustiga federatsiya bazaga ega emas, homiy biriktirilmagan. Shu bois shotakan karate sport turidan deyarli musobaqalar tashkil etilmaydi.

Bundan ko‘rinadiki, mutaxassislar kamligi, sport bazalari va jihozlarining yetishmasligi hamda homiylar bilan bog‘liq muammolar sport federatsiyalarining faoliyati va reytingiga salbiy ta’sir qilmoqda. Yuqoridagi holatlar yechimi yuzasidan mutasaddilardan izoh kutib qolamiz.

Fazliddin Ro‘ziboyev.