«Hovuchida bir siqim oltini bor dovdirdan, kallasida bilimi, qo‘lida hunari bo‘lgan kishi baxtiyorroq...»

Turkiyaning Kastamonu universiteti professori, filologiya fanlari doktori Mustafo Said Arslon O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Nusrat Rahmatning “Fojia” hikoyalar to‘plamiga kiruvchi “Yangi hikoyalar”ini turk tiliga tarjima qildi.

Adibning “Yangi hikoyalar”i «Sanatoriyada», «Noxush xayollar», «Fojia», «Omadsizlik», «Go‘rkov», «Oq kalamushlar», «Qavmlar yoki Vadim falsafasi» hikoyalaridan iborat bo‘lib, ularda asosiy e’tibor inson taqdiriga qaratilgan. «Insonga ko‘p narsa kerak emas, uni uyida kimdir kutib turgan bo‘lsa bas», deb hisoblaydi yozuvchi. Haqiqatan ham, inson hayotini turli o‘zangga burib yuboradigan hayot so‘qmoqlari borki, bu so‘qmoqlarda adashmasdan yurishning o‘zi bir baxt. 

  Jumladan, “Qavmlar yoki Vadim falsafasi” hikoyasi bugun jamiyatimizda uchrab turgan muammoli vaziyat – kishilarning chet ellarda ishlab, ro‘zg‘or tebratayotgani, ayrim insonlarning turli kasalliklarni orttirib olayotganlari xususida. Shuningdek, o‘zga ellarda vatandoshlarini tunayotgan yoki aldov yo‘li bilan turli ko‘ylarga solayotgan «millatdoshlarimiz» kirdikorlari hayotiy voqealarga boy misollar bilan yoritilgan.

«Hovuchida bir siqim oltini bor dovdirdan, kallasida bilimi, qo‘lida hunari bo‘lgan kishi baxtiyorroq...», deb hisoblaydi hikoya qahramonlaridan biri Vadim. Vadimning falsafasi Insonni Odamxudo sifatida qadrlash, butun dunyoda Odamxudolar jamiyatini barpo ettirishdan iborat. Odamxudo jamiyatida qurol-yarog‘ bo‘lmasligi shart, zotan qurollar hamma vaqt ham urushlarni keltirib chiqaradi. Vadim falsafasini o‘z ruhiyatida singdirgan Tog‘oshar ham vatanga kelib, shu g‘oyalar haqida fikr yuritmoqchi edi. Afsuski, kishilarimiz pul topish, ro‘zg‘or tebratish, bir-birini aldash va bekorchilikdan nariga o‘ta olmaydi. Chigal muammoli vaziyatlar girdobida qolgan Tog‘oshar zararli kimyoviy dorilar yetkazgan kasallikdan vafot etadi. Afsuski, chet elda ishlab topgan mablag‘i ham qavmlarining ochko‘zligi va mutaxassislarning yetishmovchiligi sabab noto‘g‘ri taqsimlanadi. 

   To‘plamga kiritilgan boshqa hikoyalarda ham jamiyatimizdagi og‘riqli nuqtalar haqida so‘z boradi. Bunda inson omili va taqdiri birlamchi ekanligi qayd etilgan. 

  Mustafo Said Arslon hikoyalarni tarjima qilar ekan, inson va zamin muammosi har bir kishining, har bir millatning og‘rig‘i bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi.

Dilafro‘z Rahmatova.