Hozirgi mashinalar konserva bankasiga o‘xshaydimi? IIBB tushuntirish berdi (foto)

Har safar haydovchi uchun og‘ir yakun topgan yo‘l-transport hodisasi ro‘y berganligi haqida xabar e’lon qilganimizda, quyidagilar kabi sharhlar paydo bo‘la boshlaydi: “Bularning hammasiga zamonaviy avtomobillar aybdor! Mustahkamroq bo‘lganida edi, inson tirik qolardi!”, “To‘g‘ri, bizning mashinalarimiz konserva bankalariga o‘xshaydi, aynan ular YTHga sabab bo‘layapti!”, “Ilgari mashinalar tankdek bo‘lgan!”. Bu haqda Toshkent shahar IIBB tushuntirish berdi:

"Hurmatli haydovchilar! Bilingki, hatto KAMAZlar ham g‘ijimlanib ketadi. Qog‘oz kabi “yirtiladi” ham. Tezlikni oshirganda qaysidir avtomobilda xavfsizlikda bo‘laman deb o‘ylamang. Aynan tezlikni oshirish va boshqa shu kabi xatolar yo‘llarda og‘ir oqibatlarga sabab bo‘ladi. Bunda avtomobil emas, uni boshqargan odam aybdor.

Yo‘l-transport hodisalari ro‘y berganda kuzov yo‘g‘onligining xavfsizlikka daxli bormi? Yo‘q, ko‘plab avtohavaskorlarning bu boradagi anglashmovchiliklariga qaramasdan, buning ahamiyati yo‘q. Bugungi kunda kuzov panellari yengilroq, ammo yuqori mustahkamlikka ega bo‘lgan materiallarda tayyorlanadi. Ammo bugungi kunda xavfsizlik borasida birinchi o‘rinda yuqori mustahkamlikka ega bo‘lgan po‘lat qo‘llanilgan tarzda ishlab chiqariladigan kuzovning kuch tuzilmasi ahamiyatli. Natijada avtomobil og‘irligi pasayadi, kuzovning qattiqligi oshadi. Haydovchini himoya qilib, o‘ziga asosiy zarbani qabul qiluvchi qism ham aynan kuzovdir.

Ammo gap shundaki, avtomobillarning “krash-test”lari ko‘pincha 50 dan (maksimum) 80 kilometr soatgacha bo‘lgan tezlikda o‘tkaziladi. Sababi, turli davlatlarda ruxsat berilgan tezlik ko‘rsatkichi ana shunday. Ammo real hayotda yo‘l-transport hodisasi tezlik sezilarli darajada oshirilganda sodir bo‘ladi...

Tezlik qancha yuqori bo‘lsa, boshqaruvni yo‘qotib, biror-bir to‘siqqa urilish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Tezlik qanchalik yuqori bo‘lsa, zarba kuchi ham shunchalikka yetadi. Hattoki, eng mustahkam kuzovning shakli ham qo‘rqinchli tarzda o‘zgaradi – g‘ijimlanib, yirtiladi va tiklab bo‘lmaydigan holatda qoladi.

Biz internet kengliklarida siz maqtagan “tanklarning”, inomarkalarning YTHga uchraganlaridan keyingi holatlari aks etgan suratlarni topib, e’tiboringizga havola qilmoqchimiz. Ko‘rib, ishonch hosil qiling. Tezlik oshirilganda kuzovning shakli avtomobil rusumidan qat’iy nazar o‘zgaradi.

Shunday ekan, tezlikni pasaytiring! Yo‘l harakati qoidalarini buzmang!