Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari deputatlar nazoratida bo‘ladi
26 fevral kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma yettinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiya ishini Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.
Sessiyada deputatlar bilan birga viloyat hokimi A.Boboyev, tuman va shaharlar hokimlari ishtirok etdi va dastlab har bir tuman va shaharni 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar taqdimot qilindi.
– Har yili Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar va tegishli dasturlar asosida viloyatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqamiz va yil davomida ularni bajaramiz, – dedi viloyat hokimi A.Boboyev. – Albatta, bu dasturlarda hududlar infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Ko‘p hollarda bu vazifalar ijrosi hududning birinchi rahbariga bog‘liq bo‘lib qolishi, boshqa mutasaddilar mas’uliyatini unutib qo‘yishi kuzatiladi. Shuning uchun bu yil har bir tuman va shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish, ularni amalga oshirish uchun aniq muddat va mas’ullarni belgilashga qaror qildik. Bu dasturlarning viloyat Kengashi sessiyasida taqdimoti o‘tkazilib, deputatlar tomonidan tasdiqlab berilishi yil davomida uning ijrosi ham deputatlar nazoratida bo‘lishini anglatadi.
Sessiyada barcha tuman va shaharlar hokimlari joriy yilda o‘z hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalari haqida ma’lumot berdilar, tuzilgan dasturlar deputatlarga tarqatildi.
Atroflicha muhokamalardan so‘ng har bir tuman, shahar bo‘yicha dasturlar tasdiqlanib, ularning ijrosi Kengash sessiyalarida muhokama qilib borilishi, deputatlar tomonidan nazorat qilinishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng viloyat hokimining o‘rinbosari - oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Saidova viloyatda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil viloyatda boshqaruv lavozimlaridagi xotin-qizlar ulushi 30,2 foizga yetdi va 4400 dan ortiq ayollar rahbarlik vazifalarida ishlab kelmoqda. 19 nafar opa-singillarimiz “Rahbar ayollar maktabi”da malaka oshirib, ayni paytda turli sohalarda mehnat qilmoqda. Ya’ni, 19 nafar xotin-qiz “Mo‘’tabar ayol”, 165 oila “Ibratli oila” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Ehtiyojmand oilalarning 727 nafar qiz farzandlariga oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanoma berildi. 130 nafar yordamga muhtoj qizlarning 2025-2026 o‘quv yili uchun to‘lov-shartnoma puli to‘lab berildi. Yil davomida 145 mingdan ortiq xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. 20 ta mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil etildi. “Ayollar daftari”ning oltinchi bosqichi doirasida 104 ming 509 nafar xotin-qizlar ushbu daftarga kiritilib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 4426 nafar ayolga himoya orderlari berildi.
– Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi ishlarimiz joriy yilda yana ham keng ko‘lamda davom etmoqda – dedi Z.Saidova. – Bu yil 20 ming 758 nafar opa-singillarimizni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, 90 ming nafari bandligi ta’minlash ko‘zda tutilgan. Barcha tuman va shaharlarda “Xavfsiz oila” keng qamrovli maxsus profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi. Samarqand shahrida “Oila va xotin-qizlar maskani” qoshida tadbirkor ayollar tomonidan “Xotin-qizlarni rivojlantirish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali 200 nafar ayol kasb-hunar kurslarida amaliy malaka egallab, qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘ladi. Bundan markazlar boshqa tuman va shaharlarda ham tashkil etiladi.
Kun tartibiga muvofiq, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Mirzayev viloyat mahalliy byudjetining 2025 yildagi ijrosi bo‘yicha hisobot berdi.
Ta’kidlanishicha, 2025 yilda umumiy daromadlar prognoz rejasi 6 trillion 95 milliard so‘mni tashkil etib, amalda 6 trillion 679 milliard so‘mga bajarilgan. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyat, tuman (shahar) hokimliklari uchun 715,3 milliard so‘m qo‘shimcha daromadlar manbasi yaratilgan. O‘tgan yil davomida viloyat mahalliy byudjetining xarajatlar qismi 105,3 foizga ijro etilib, 10 trillion 556 milliard so‘mlik xarajatlar amalga oshirilgan.
2025 yilda fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga 714,9 milliard so‘m mablag‘lar sarflangan. Biroq 1-mavsum loyihalari boshlanganiga 10 oy bo‘lishiga qaramay, Samarqand viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK tomonidan 5 ta loyiha va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 1 ta loyiha yakunlanib topshirilishi kechikmoqda. 2-mavsumning jihozlash bo‘yicha loyihalari boshlanganiga 5 oy o‘tgan bo‘lsa-da, maktabgacha va maktab ta’limi hamda sog‘liqni saqlash hududiy bo‘limlari tomonidan 8 ta loyiha bo‘yicha jihozlarni xarid qilish ishlari yakunlanmagan.
Hisobotda qayd etilgan kamchiliklar yuzasidan mas’ullardan izoh so‘raldi va loyihalarni qisqa fursatlarda bajarish vazifasi topshirildi.
Sessiyada viloyatda 2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlash, viloyat mahalliy byudjetining 2026 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablag‘laridan foydalanish, tanlab olingan “og‘ir” toifadagi tumanlar va mahallalarni 2026 yilda kompleks rivojlantirish bo‘yicha manzilli dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi va Kengash vakolatiga doir boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.