Huquq va erkinliklar himoyasi yangi bosqichga ko‘tarildi

Shu yil 28 yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi qonuni (O‘RQ-1022-son) jinoyat–protsessual qonunchilikka kiritilgan muhim o‘zgarishlari bilan tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish tizimini mustahkamladi.
Ushbu o‘zgarishlar, avvalambor, tergov jarayonida shaxsning huquqlarini ta’minlashga va sudga qadar ish yuritishning to‘g‘ri, shaffof va samarali bo‘lishini maqsad qilgan.
Shu o‘rinda masalaning dolzarb va ahamiyatli ekani haqida quyidagi fikr-mulohazalarni bildirishni lozim topdik.
Tergov sudyalari vakolatlari
Yangi qonunga muvofiq, tergov sudyalarining vakolatlari aniq belgilab qo‘yildi. Mazkur qonun bilan tergov sudyalariga sudga qadar ish yuritish jarayonida protsessual qarorlarni sanksiyalash va ko‘rib chiqish vakolati beriladi. Buning natijasida, sudga qadar bo‘lgan davrda amalga oshiriladigan huquqiy harakatlarning qonuniyligi, ularning fuqarolarning asosiy huquqlariga daxlsizligini ta’minlash maqsad qilingan.
Sud nazorati ostida tinglash
Yangi qonun, shuningdek, telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib borilgan suhbatlarni tinglash va ulardan axborot olish jarayonlarini ham sud nazoratiga olishni nazarda tutadi. Bu qaror fuqarolarning huquqlarini asossiz cheklash va ularning shaffof himoyasini ta’minlashga yo‘naltirilgan muhim qadamdir. Shu tariqa shaxsning davlat va turli mansabdor shaxslar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita qilinadigan huquq buzishlaridan himoyasi yanada mustahkamlanadi.
Tintuv o‘tkazish uchun
Qonunga kiritilgan yangi normalardan biri - jinoyat ishlarida tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish tartibini aniq belgilashdir. Shu o‘rinda aytish kerakki, endilikda agar tegishli asoslar mavjud bo‘lsa, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tomonidan tintuv o‘tkazish uchun asoslarni bayon qilgan holda iltimosnoma taqdim etilishi shart. Bu tartib jinoyat ishlarini tergov qilishda barcha holatlarni o‘rganish va ularni yordamchi vosita sifatida ishlatish imkonini beradi.
Mol-mulkni xatlash tartibi
Qonunga kiritilgan yana bir muhim jihat – mol-mulkni xatlash tartibining aniq belgilanishidir. Bu jinoyat ishlarida mol-mulkni xatlashga oid iltimosnomalarni tergov sudyasi tomonidan alohida tartibda ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Mol-mulkni xatlash jarayonida shaxslarning huquqlari buzilishi va asossiz mulk ortiqcha tajovuzlarga olib kelishi ehtimoli kamaytiriladi.
Muxtasar qilib aytganda, qabul qilingan yangi qonun tergov faoliyati jarayonida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan muhim o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, tergov sudyalarining vakolatlarini aniq belgilash, sud nazoratini kengaytirish, tintuv o‘tkazish tartibini yo‘lga qo‘yish va mol-mulkni xatlash jarayonlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali fuqarolarning huquqlarini asossiz cheklash va jinoyat faoliyatiga doir xatti-harakatlarning shaffofligi ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Bu o‘zgarishlar o‘z navbatida, davlatning huquqiy tizimining samaradorligini oshirish va shaxslar xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Luqmonboy Asatov,
Past Darg‘om tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.