Ibn Sinoning diniy qarashlari
Ibn Sino nafaqat tibbiyotga oid asarlar yozdi, balki Qur’on ilmi, hadis, grammatika va arab tili bilan mukammal shug‘ullangan. U 10 yoshidayoq Qur’oni karimni to‘liq yod olgan va "Ixlos" surasini payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislaridan misollar keltirib, arab tilida tarjima (tafsir) qilgan. Bu esa uning mufassir bo‘lganidan ham dalolat beradi. Mazkur sura mantiqiy usulda, oyatlardan ba’zi kalimalar alohida ajratib olingan holda tafsir qilingan. Ushbu tafsir bugungi kunda Saudiya Arabistonidagi "Maktabat ul-harami-l-makkiy" kutubxonasida saqlanmoqda.
Ibn Sino yoshligidan ijodga ham qiziqqan. Olim dastavval Nuh ibn Mansurga atab nafsoniy quvvatlar haqida risola, "Urjuza" nomli tibbiy she’riy asar va do‘sti Abulhusayn al-Aruziyning iltimosiga binoan "Al-hikmati Al-aruziy" ("Aruziy hikmati") asarini tasnif etadi.
Mutafakkir boy merosi bilan jahon madaniyati taraqqiyotiga hissa qo‘shdi. Olim o‘z ijodi orqali Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlaridagi yuqori madaniy ko‘tarinkilik, madaniy "uyg‘onish"ning ma’naviy yutuqlarini mujassamlashtira oldi. Butun Sharq va Yevropadagi ma’rifat, madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. U o‘z davrida Sharq va Yevropada "Shayx ur-rais", "Olimlar boshlig‘i", "Tabiblar podshohi" kabi nomlarga sazovor bo‘ldi.
A.RAHIMOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.