Ibratli hikoya: Chiroqning yog‘i kimniki?

Hazrati Umarning xalifalik davrlarida uylariga makkalik bir do‘stlari mehmon bo‘lib keldi. Qorong‘i kecha edi. Hazrati Umar uylarida davlat ishlari bilan mashg‘ul edilar.

Do‘stlaridan uzr so‘rab, biroz kutib turishini aytdilar. Davlat ishini bitirganlaridan keyin, yonib turgan chiroqni o‘chirdilar va boshqa chiroqni yoqdilar.

Do‘stlari bundan hayratlanib, sababini surishtirdi. Hazrati Umar shunday javob berdilar:

– O‘chirilgan chiroqning yog‘i xazinanikidir, ya’ni davlatniki. U davlat ishlari ko‘rilayotgan paytda yonsa, menga halol bo‘ladi. Sen esa mening oshnamsan, suhbatimiz ham o‘zimizga tegishli bo‘ladi. Shu sababli o‘z pulimga olingan ikkinchi chiroqni yoqib qo‘ydim.

Davlatning moli xususiy ishlarga qo‘llanilsa, yorug‘lik o‘rniga qorong‘ilik va uyat bo‘ladi.