Ibratli hikoya: "Rahmdil" boy

Kichkina qizcha yo‘l bo‘yida o‘tirib pul so‘rardi. Ustidagi kiyimlari yirtiq-yamoq, yuz-qo‘llari kir. U odamlarga yolvorib qo‘l cho‘zarkan, yonginasidan yosh, boy go‘zal ko‘rinishli kishi o‘tdi.

Kishi qizchaga bir qiyo boqdi-yu, e’tiborsiz yo‘lida davom etdi. Uni hashamatli uyida xotini va bolalari, kechki ovqat hamda xotirjam hayot kutardi.

Ovqatdan so‘ng birdan uning xayoliga o‘sha tilamchi qiz keldi. Negadir unga rahmi kela boshladi, g‘arib ko‘rinishini ko‘z oldiga keltirdi-yu, ich-ichidan achindi. Shu xayol bilan Tangriga yolvordi: 

"Nega bunday ishlar bo‘lishiga izn berasan? Nega shu jajji qizga yordam berish uchun hech nima qilmaysan?". 

Ana shunday o‘kinch so‘zlarni ayta-ayta uyquga ketdi. Ko‘zlari ilinar-ilinmas, tushida haybatli bir ovozdan uyg‘onib ketdi: 

"Aynan shuning uchun ham sen badavlat qilingansan!"