Ibratli voqea: Do‘stim, onang qariyapti

Bolalikdan birga katta bo‘lgan yaqin o‘rtog‘im telefon qilib, farzandining tug‘ilgan kuniga aytdi. Ishdan chiqib, sovg‘a oldim-da, do‘stimning uyiga bordim.

O‘rtog‘im do‘konga chiqqan ekan, onasi meni kutib olib, uyga taklif qildi. Salom-alikdan so‘ng xursandchilikdan ko‘zlari yonib turgan tantana sababchisini tabriklab, sovg‘ani berdim. Do‘stim kelgach, birozdan keyin osh suzildi.

— Aya, oshni boshlab bering, – dedi o‘rtog‘im onasiga.

—  Qani, olinglar, – deya onaxon bir qoshiq oshni og‘ziga soldi.

Beshinchi qoshiq oshni yeyapman, lekin o‘rtog‘imning onasi bir qoshiq oshni zo‘rg‘a chaynab, yutdi. Ikkinchi qoshiq osh ham xuddi shunday o‘tdi. Razm solsam, onaxon keksaygan – tishlari to‘kilib, borlari ham gapirganda qimirlaydigan bo‘lib qolibdi. Onaxon xijolat bo‘lib, ovqatni chaynashga qiynaldi va oshga boshqa qo‘l uzatmadi. O‘rtog‘im esa bir telefoniga qarab, bir farzandini erkalab buni payqamadi ham.

—  Oling, nega yemayapsiz? – dedim onaxonga.

— O‘g‘lim, men sal oldinroq ovqatlangandim. O‘rtog‘ing bilan bemalol olaveringlar, – deb qo‘ya qoldi.

Ovqatlanib bo‘lgach, o‘rtog‘im bilan suhbatlashib o‘tirdik.

— Jo‘ra, ishlaring yaxshimi o‘zi?

— Ha, shukur, yaxshi.

— Qachon oxirgi marta onang bilan dildan suhbatlashding yoki birga ovqatlanding?

— Nega bunday deyapsan, ayam nimadir dedilarmi?

— Yo‘q, o‘zim so‘rayapman.

— Rosti, ancha paytdan buyon ishlarim ko‘payib ketdi. Tong sahar ketib, yarim tunda qaytaman. Shunda ham ko‘zlari to‘rt bo‘lib kelishimni kutib o‘tiradilar.

— Ha, do‘stim, ona shunday zot – seni bir zum ham esidan chiqarmaydi. Lekin sen onangni be’tibor qoldiribsan. Ovqatlanganda kuzatdim, onang qaribdi - sochlari oqarib, tishlari to‘kilibdi. Ikki qoshiq oshni bir amallab yedi, nahotki shunga e’tibor bermagan bo‘lsang.

O‘rtog‘im hech narsa demadi va uyalganicha boshini quyi soldi...

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.