Ibratli voqea: Noshukurlik
Zohidaning ahvoli kundan kunga yomonlashib boryapti. Kasalxona shiftiga termulib yotar ekan, xayolidan nelar o‘tmayapti? Farzandlarining ahvoli nima kechadi endi? To‘ng‘ichi hali besh yoshda, kichigi endigina bir yoshga to‘ldi. Buning ustiga kichkinasi juda nimjon, ko‘krakdan erta ayrilgani uchunmi, kuni kasallikda o‘tyapti.
Necha bor shifokorlarga tekshirtirishdi. «Bolangizning immuniteti juda past, erta ko‘krakdan ayirganingiz oqibati bu. Bola ona suti bilan to‘liq oziqlanmasa, kasalmand, injiq bo‘lib qoladi», deyishdi. Shularni o‘ylar ekan, Zohidaning ko‘ziga yosh kyeldi: «Ko‘krak saratoni bilan og‘rishimga ham, bolaginamning dardmandligiga ham o‘zim sababchiman. Erimning aytganini qilib, boriga shukur qilib yashaganimda, bolamni olti oyligidan ona suti degan mo‘’jizadan mahrum qilmaganimda, ehtimol boshimda shu kunlar bo‘lmasmidi?». Shu o‘ylar bilan beixtiyor eri bilan janjalli kunlari, o‘jarlik qilib olti oylik go‘dagini enagaga berib,bozorga savdo-sotiqqa chiqib ketgan paytlari yodiga tushdi.
Dugonasi bilan telefondagi suhbatdan boshlandi hammasi. Zohida ertalab turmush o‘rtog‘ini ishga, to‘ng‘ich farzandini bog‘chaga kuzatdi-da, go‘dagini emizish uchun qo‘liga oldi. Shu payt qo‘l telefoni jiringladi.
- Allo, Zohida, yaxshimisan? - dugonasi Zarifaning ovozi jarangladi go‘shakdan.
- Yaxshi, rahmat, o‘zing yaxshimisan? Yangiliklardan gapir.
- Ha, yangilikning zo‘ri, tilla taqinchoqlarim o‘ntaga yetibdi. Kecha yana bitta qimmatbaho brilliant zirak oldim.
- Seni ering yaxshi-da, dugona, nima desang aytganingni qiladi, - dedi Zohida eridan nolingannamo.
- Voy, dugona, erim qaysi puliga olib beradi? O‘zim bozorda savdo qilaman-ku. Topgan-tutganim haqida erimga hisob bermayman. Bir kuni juda kech kelgandim uyga «Seni topganing kerakmas, o‘zim topaman, chiqmaysan bozorga», deb janjal ko‘tarib qoldi. Men ham anoyi emasman, bilasan, rosa «shantaj»ni «yoqdim», O‘zimni hushdan ketganga solib oldim. Oxiri «Bor-ey, bilganingni qil»,deb indamay qoldi. Mana, hozir hisob ham so‘ramaydi. Topganim o‘zimniki, - dedi Zarifa qah-qah otib kulib. - Sen ham qarab o‘tiraverasanmi, erim qachon tilla zirak olib berarkan, deb. Chiq bozorga, o‘zim yo‘l-yo‘riq ko‘rsataman senga...
- Kichkinam endi olti oylik bo‘ldi. Buning ustiga emizikli. Qolaversa, erim ruxsat bermaydi-da.
- Ey, shungayam aqling yetmaydimi? Bitta emizikli ayol senmi? Hozir ko‘pchilik ayollar bolasini umuman emizmaydi. Tayyor sutlar bor-ku. Shungayam boshingni qotirib o‘tirasanmi? Bitta erni ko‘ndirolmasang, qanaqa xotinsan-ay? Ko‘nadi, ko‘nmay qayoqqa ham borardi?
Dugonasining gaplari Zohidaga tinchlik bermay qo‘ydi. Kechqurun ishdan charchab qaytgan eriga gap boshladi:
- Ertadan bozorga chiqaman. Dugonam Zarifaning yoniga. Savdo-sotiqni o‘rgatar ekan.
- Nimaga?
- Nimaga bo‘lardi. Sizning qo‘lingizga qarab o‘tiramanmi, qachon pul berarkan, deb. Men ham dugonalarimga o‘xshab qator-qator tilla taqinchoqlar taqishni, qimmat restoranlarda o‘tirishni istayman. Bolalarimni quchoqlab uyda o‘tiramanmi? Ana, kecha Zarifa qimmatbaho brilliant zirak olibdi, mening undan qayerim kam? O‘zim ishlab pul topib, tilla taqinchoqlar olmoqchiman.
- Seni boshqalardan kaming bormi? Uyimiz, gulday farzandlarimiz bo‘lsa. O‘zim ishlayotgan bo‘lsam, qayerimiz kam boshqalardan? Qolaversa, go‘dagimiz ham emizikli, shuni o‘ylagin. Vaqti kelsa, ishlaysan ham. Orzulagan narsangni menga ayt, oylik maoshim tushishi bilan o‘zim olib beraman.
Xullas, er-xotin janjali ancha payt davom etdi. Oraga kattalar aralashishiga to‘g‘ri keldi.
- Bolam, kuyov to‘g‘ri aytyapti. Hamma sharoiting badastir bo‘lsa, Zarifa dugonangning bitta farzandi bor, uyam nogironlar uyida. Seni go‘daging hali olti oylikkina, ko‘krak sutidan ayirmagin. Sog‘lomgina o‘syapti bolang. Hech bo‘lmasa, shuni o‘ylagin, - dedi Zohidaga onasi.
Ammo Zohida aytilgan gaplardan ta’sirlanmadi ham. Ertalab eri ishga ketishi bilan dugonasi orqali enaga topdi-yu, emizikli go‘dagini ko‘krakdan ayirishga kirishib ketdi.
- Opa, uch-to‘rt kun o‘zingiz qarab turing, bolam meni ko‘rsa, emgisi kelib xarxasha qiladi, sizga qo‘shimcha xizmat haqini beraman evaziga, - dedi u enagaga.
Enaganing roziligini olgach, ancha yengillashdi. Tong sahardan bozorga otlandi. Havo ham ancha sovuq emasmi, kun bo‘yi bozorda dugonasiga qarashdi. Kechga dugonasi bergan bir-ikki so‘m bilan xursand uyiga qaytdi. Ammo kechasi bilan ko‘kragi shishib, goh isitmalab, goh qaltirab chiqdi. Shu holatda tongda yana bozorga otlandi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Bu orada Zohida o‘zidan o‘tganini o‘zi bildi. A’zoi badanidagi og‘riqni-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Shu orada enaga qo‘ng‘iroq qilib, go‘dagining mazasi yo‘qligini, issig‘i balandligini aytdi. Zohida nima qilishini bilmay qoldi. Holini dugonasiga aytgandi, tushunishni ham istamadi.
- Dugon, ishlamasang tishlamaysan, ketsang bugun senga pul yo‘q, - dedi kinoya aralash. Shu tobda dugonasi ko‘ziga negadir yomon ko‘rinib ketdi. Ammo «bor-ey» deb tashlab ketishning ham iloji yo‘q. Eriga, ota-onasiga o‘jarlik qilib, bozorga chiqqan. Chidash kerak. Kun sayin go‘dagining ham rangi so‘la boshladi. Har kuni isitma qiladi, ishtahasi yo‘q. Kunda kunora kasalxonaga yuguradi. Buyog‘i bozorga bormasa bo‘lmaydi. Dugonasi Zohidani savdoga tashlab, kechgacha qaylargadir yo‘qolib qoladi. Shu kunlarda o‘zining ham mazasi yo‘q. Kuchli charchoq, ko‘kragida qotib qolgan shish azobi... Tungacha cheki ko‘rinmagan dard bilan olishib chiqadi.
Bu gal ham dugonasi bir joyda ishi borligini aytib, savdoni unga tashladi-yu ketdi. Oradan biroz fursat o‘tib, Zohidaning boshi aylana boshladi. Ko‘zini ochsa, shifoxonada yotibdi. Yonidagilar «Tez yordam» chaqirishibdi.
Mana, bugun kasalxonada ko‘krak bezi saratoni dardi bilan davolanyapti. Ammo do‘xtirlar Zohidaning eriga «Xotiningizning kasali o‘tib ketgan. Buyog‘i Xudodan. Biz qo‘limizdan kelgan hamma davoni qildik», debdi. «Nega dugonamning gapiga kirdim-a? Olti oylik go‘dagimni begonaning qo‘liga haftalab topshirib qo‘yganimda, nahot ona bo‘la turib uning kechayu kunduz ko‘krak izlab yig‘laganlarini o‘ylamadim. Erimning “Farzandlarimiz tillaga ham topilmaydi-ku. Avval ularni sog‘lom qilib voyaga yetkazaylik",degan gaplarining mag‘zini mana endi chaqyapman. O‘zim-ku, tuzalmas dardga chalindim, ammo bolam ham kasalmand. Bu noshukurligim, erimning topganiga qanoat qilmasligim, o‘jarligim oqibati emasmi? Men bu bilan nafaqat o‘zimga, balki oila a’zolarimga ham tashvish keltirdim. Bu mengaXudoyimning jazosi emasmi?
Shu payt ikki farzandi bilan turmush o‘rtog‘i palataga kirib keldi.
- Meni kechiring..., - deya yig‘lab yubordi Zohida...
Guljahon MARDON qizi.