Ibratli voqea: Ramazon ajoyibotlari

"Ikki yildan beri ro‘za tuta olmayman, uzrli sababim bor, - deydi suhbatdoshim. - Fitr sadaqalarim, fidyalarimni hisobladim, pulni tayyorlab bo‘lganimdan keyin ehtiyojmandroq akamga bermoqchi bo‘ldim, ammo mashinasi borligi uchun undan ko‘ra muhtojroq odamga bergim keldi.

O‘sha kuni ehsonimni o‘z egasiga juda-juda topshirgim kelgandi. Kechroq bir tanishim qo‘ng‘iroq qildi. Salomlashgandan keyin "Agar ruxsat bersangiz qadr kechasini kutgani siznikiga borsam" deb qoldi.

Bu odam mendan o‘ttiz chaqirimcha uzoqlikda yashaydi. Yoshlikdagi kursdoshim. Nochorroq oila, ham uning ustiga nogiron. "Kelavering, birga ibodatda o‘tkazamiz kechani" dedim xursand bo‘lib. Kutib oldim, iftorlik, saharlikni birgalikda qildik. Kuzatar chog‘imda kechagi pulimni olib chiqib "Aka, shuni kecha men bir kishiga olib borib bermoqchi edim, bora olmadim, sizga bersam, qabul qilsangiz, sizning rizqingiz ekan" dedim.

Mehmonim qo‘limdan olaëtib "Beravering, o‘zi sizdan yordam so‘ramoqchi edim", dedi. Rizqning egasi qancha masofani bosib o‘zi eshigimga kelgandi...

***

...Berishimiz lozim bo‘lgan fidya va fitr sadaqalarni hisobladim, salkam sakkiz yuz ming so‘m bo‘ldi. Buni bergani esa qo‘limda pul yo‘q edi. "Shuni ado qilib qo‘ysam xotirjam bo‘lardim-u, nima qilsam ekan", deb turgandim eshik taqillab qoldi. Ochdim, ancha oldin ko‘rishgan bir tanishim. Qo‘l berib so‘rashganimizda kaftlarim orasida pul turganini sezdim.

"Bu nima?" dedim. "Esingizdami, o‘n to‘rt yil avval sizdan yer sotib olganimda 100 dollar qarz bo‘lib qolgandim. Negadir imkoniyatim yo‘qolib sizga shuni hech berolmadim, bugun qo‘limga tushdi, qarzimni uzgani keldim" dedi.

Meni biroz oldin o‘ylantirib turgan muammoimni Robbim hal qilgandi. O‘zim kulsam ham qalbim yig‘lardi...

***

...Mahalla do‘konidan bir qo‘shni ayol 28 ming so‘mlik narsa xarid qilmoqchi bo‘libdi. Do‘kondor bugun terminali ishlamayotganini, plastik kartochkaga savdo qilolmasligini aytibdi. Olgan narsalarini peshtaxtaga qo‘yib, do‘kondan chiqibdi. Yo‘lidagi tanish boshqa do‘kondagi kishining oldiga qarz so‘ramoqchi bo‘lib kiribdi. U yerga kirishi bilan do‘kondor "Men o‘zi endigina siznikiga bormoqchi bo‘lib turgandim, kelganingiz yaxshi bo‘ldi, buni sizga ajratib qo‘ygandim", deb pul beribdi. So‘rashga hojat qolmay do‘kondan chiqib pulni sanab ko‘rsa, ajabki, 28 ming so‘m ekan...

Buni eshitib "rizqlarni qay yo‘sinda bo‘lsa-da, o‘z egasini topib yetkazguvchi Zot"ga hamd aytib, ko‘zimdan yosh chiqdi...

Salim AYYuBIY.