Ibratli voqea: Salomlashish - inson ziynati

- Anavi yigit kim bo‘ldi? Salom bermay o‘tib ketdi. 

- Hoshimboyning o‘g‘li! 

- Ha, otasiga tortibdi-da! Olmaning tagiga olma tushadi deganlari shuda.

Yoki yana bir misol:

- Odobli bola ekanmi, salomini qarang. Adashmasam Rustamjonning o‘g‘liyov. Otasining o‘g‘lida, baraka topsin…

Ko‘cha-ko‘yda, davralarda gurunglashib o‘tirgan otaxonlarning bunday gaplari quloqqa ko‘p chalinadi. Darhaqiqat, insonning salom-aligidan uning tarbiyasi, qanday odamligini bilib olsa bo‘ladi. Salomlashish odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, do‘stlik-birodarlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlaydi. Afsuski, xozirda ayrim kishilarda bu fazilatni ko‘rmaysiz. Duch kelganlarida na salom, na alik bor. 

Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Oilalarda azaldan erta tongda yuz-qo‘lini yuvgach, kichiklar kattalarga salom berishgan. Qaysi jihatdan qaramang, bu odat tarbiyaning muhim sharti, o‘lmas qadriyat hisoblanadi. Ochig‘ini aytish kerak, hozir aksariyat  oilalarda bu odat allaqachon udumdan chiqqan. 

Ayrim kishilar faqat tanish-bilishlargagina salom berish kerak deb o‘ylaydi. Salomlashishning o‘ziga xos yozilmagan qoidalari bor. Ulovli piyodaga, kichik kattaga, yosh keksaga, ayol erkakka salom berishi o‘zbekona yaxshi odat. 

Oramizda salom-alikning ma’nosini tushunmaydiganlar ham uchraydi. Shunchaki, salom, valaykum, deb o‘tib ketaveradi. Aslida, assalomu alaykum - sizga tinchlik va salomatlik tilayman, va alaykum assalom - sizga ham tinchlik, salomatlik tilayman, degan ma’noni anglatadi.

Ushbu mulohazalarimizdan muddao shuki, insoniy ziynat salomlashish, samimiy tilak bildirishni bir-birimizdan  darig‘ tutmaylik.  Zero, salomlashish taomili arzimas odatdek tuyulsa-da, aslida inson ma’naviy qiyofasi, axloq-odobi, muomala madaniyati, ijtimoiy munosabatini belgilaydi. Ko‘ngil qulfini ochadi.

Tog‘aymurod Shomurodov.