Ibratli voqea: Teshilgan qozon

2006 yillar edi. Yangi oila qurgan paytlarimiz. Toshkentda ijarada yashar edik. Ishlarim ham birida bor, birida yo‘q edi. Qiynalib yashar edik. Kambag‘alni tuyani ustida it qopar deganday, bisotimizdagi bittayu bitta kichkina qozoncha ham moshday bo‘lib, teshilib qolibdi.

Teshik qozonni tashlab yuborib, yangi qozon sotib olishga, cho‘ntak kasal. Qozonsiz o‘tirishga, tomoq qurg‘ur ham teshik - yeyman deydi. Oxiri, o‘ylab-o‘ylab, svarchik topib, qozonni yamatishga qaror qildim. Mashinalarni ta’mir qiladigan joyga bordim. Usta qozonni ko‘rib: "Uka, biz bu qozonni svarka qilib, yamay olmaymiz", dedi. Kayfiyatim tushib ketdi. Endi nima qilaman?
Usta menga: "Bu qozonni yamash kerak bo‘lsa, kemping yoki argon svarka qiladiganlar yamaydi", dedi. Ko‘chama-ko‘cha yurib, kemping qidirishga tushdim. Faqirlik fitnasidan o‘zing saqla yo Allohim deb, ichimda duo qilib, xorligim kelib, ezilib ketardim.

Va nihoyat, kemping degan svarkani ham topdim. Ikki ming so‘m berib yamatdim. Juda xursand bo‘ldim. Usta akani ham duo qilib ketdim.
Uyga kelib, og‘zim qulog‘imda, yamalgan qozonni turmush o‘rtog‘imga ko‘rsatdim. Ikkimiz ham faqirlarcha xursand edik.

O‘sha kechasi tush ko‘rdim. Muysafid bir kishi yaqinimga kelib, atrofimdagi odamlarga eshittirmay, o‘zim eshitadigan qilib past ovozda: "O‘g‘lim, faqirlik ko‘rmay desang, "Voqea" surasini o‘qib yurgin", dedi-da mendan uzoqlashib ketdi.
Uyqudan uyg‘onib, tushimni xotinimga aytdim. Qur’onda bu nomdagi sura bor yoki yo‘qligini ham bilmasdim. Qur’oni karimni olib izlashga tushdim. "Voqea" surasi bor ekan. Topdimu o‘qishga tushdim.

Har kuni bir marta bo‘lsa ham o‘qib qo‘yardim. Allohning inoyati bilan ishlarim iziga tushib ketdi.
Yangi qozon ham sotib oldik. Teshik qozonni tashlab yubormadim. "Voqea" surasi bilan bog‘liq bu sinoatni ham unutibman.
Yaqinda bir do‘stim kelib "Kompyuteringizda bo‘lsa, menga "Voqea" surasini ko‘chirib bering", dedi va bu sura, uni o‘qib yurgan kishiga Allohning ne’matlari kesilmasligi haqida aytib qoldi...
Unutilgan xotiralar esimga tushdi. "Voqea" surasi fazilatlari haqida topib o‘qidim.
Allohning kalomi Qur’on karimda biz bilmagan sir-sinoat qancha?
Har qanday holatda ham, Allohning rahmatidan umid uzmasligimiz kerak ekan.

Manba