Ichki ishlar organlarida «oila kuni» e’lon qilindi
Oila - baxt qo‘rg‘oni. U mustahkam bo‘lsa, ma’naviyat ildizlari teran, farzandlar barkamol, urf-odatlar bardavom bo‘ladi.
Shunga muvofiq, Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan ichki ishlar organlarida 23-24-25 fevral kunlari «oila kuni» deb e’lon qilindi. Yaratilgan bu imkoniyatdan barcha xodimlar unumli foydalanib, kunni oilasi bilan madaniy hordiq olishga bag‘ishladi. Kino, teatr tomoshalari, konsert dasturlari, istirohat bog‘lari, muzeylarga sayohat tashkil qilindi. Farzandlar bilan do‘stona suhbat, o‘zaro dam olish oilaviy rishtalarni yanada mustahkamlashda ijobiy ahamiyat kasb etdi.
- Bilasiz, ichki ishlar organlari xodimlari zimmalaridagi mas’uliyatni ado etish uchun kunu tun xalqimiz xizmatida. Oilasiga vaqt ajratishi doim ham ko‘ngildagidek bo‘lmasligi mumkin. O‘tkazilgan «oila kuni» tadbirlari ayni ana shu maqsadlarga qaratilgan. Endilikda buni doimiy an’anaga aylantirish rejalashtirilgan, -deydi IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Qobulov.
Bu kabi tadbirlar oilada ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi hamjihatlikni, o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga katta zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir. «Oila kuni»ni ommalashtirish esa birdamlik, ahillik, sog‘lom va mustahkam oilani ta’minlash demak.
Umida Mamadaliyeva.