Ichki ishlar xodimi va harbiy bo‘lishni istagan yoshlar test sinovi topshirdi
Bugun erta tongdan Samarqand shahridagi 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabi hamda “Lokomotiv” stadionida Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari, vazirlik va idoralar tasarrufidagi “Temurbeklar maktabi”, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylariga 2021/2022 o‘quv yili uchun kirish test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
- Test jarayonida viloyat bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bituvchilari mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha qatnashdi, - deydi Davlat test markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i Vohid Sirliboyev. – Ular uchun ikki manzilda 1542 ta joy hozirlandi. Litseylarga kirish istagida bo‘lganlar o‘quv massasining qabul yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holdagi aniq va ijtimoiy fanlar bo‘yicha o‘tkazildi. Ya’ni, Ichki ishlar vazirligining akademik litseylariga kirish uchun uchta fandan 45 ta savolga 1,5 soat, “Temurbeklar maktabi” hamda “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseylariga kirish istagini bildirganlarga 20 tadan 60 ta savolga 2 soat vaqt berildi. Test jarayonlari bir navbatda tashkil etildi va unda 1,5 ming nafardan ortiq abituriyent qatnashdi.
Bugun soat 19.00 da “Lokomotiv” stadionida Toshkent shahridagi harbiy tibbiy akademiyasiga o‘qish istagini bildirgan samarqandlik talabgor uchun test bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz: Prezident maktabiga kirish uchun test sinovlarining ikkinchi bosqichi 21-22 avgust kunlari Samarqand shahridagi 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida o‘tkaziladi. Bunda birinchi bosqichdan o‘tgan 2880 nafar talabgor qatnashadi. 21 avgust kuni birinchi smenada 5-6 sinfga, ikkinchi smenada 9-10 sinfga, 22 avgust kuni ertalab 7-8 sinfga qabul qilish test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
Husan Eltoyev.